O‘zbekiston | 19:08 / 14.09.2022
11349
7 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar qarorlari haligacha shaffof emasligi hokimlik va iqtisodchi o‘rtasida bahs keltirib chiqardi

Iqtisodchi Otabek Bakirov Toshkent shahar hokimi bitta mahallaning yoritish tizimi uchun 2 mln dollar ajratgani haqida yozdi. Hokimlik matbuot xizmati buni rad etib, iqtisodchi-tanqidchi “ming barobarga adashgani”ni bildirdi. Shu bahs bahonasida ma’lum bo‘lishicha, hokimliklarning 1 800 dan ortiq qaror va farmoyishlari asossiz ravishda ochiq e’lon qilinmagan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov E-qaror tizimi ishga tushgach, hokimlarning orqa sana bilan qaror chiqarishi, ayniqsa yer ajratish va sotish bilan bog‘liq maxinatsiyalarni uyushtirish orqali pul ishlashi imkonsiz jarayonga aylangani haqida yozdi. Shu bilan birga, tizimda haliyam muammolar borligi, bular qaror chiqarish va o‘zgartirish bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratdi.

“Xususan, bekor qilingan hokim qarorlarini tizimdan qidirib topish imkonsiz. Balki tizim administratorlarida bunday imkoniyat bordir, lekin foydalanuvchilar bundan mahrum etilgan.

Misol keltiraman. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 9 sentabrdagi 932-14-0-Q/22-sonli qarori bilan “Obod mahalla” dasturi doirasida tungi yoritish tizimini yaxshilash loyihalari (obektlari) uchun ajratilayotgan mablag‘lar tasdiqlangan. Gap shundaki, tungi yoritish tizimini yaxshilash loyihalari ilk bor 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22-qaror bilan tasdiqlangan. Yangi qaror bilan eski qaror ilovasi bekor qilinyapti. Eski qarorni esa E-qaror tizimidan topa olmaysiz. Zo‘rmi? Profit.

Xuddi shuningdek, 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorining 8-bandi va 1-ilovasiniyam topish imkonsiz. Bu nima degani?! Hokimlar istalgan masala bo‘yicha qaror chiqarib, keyin bir muddat o‘tib, vaziyatga qarab unga o‘zgartirish kiritib yoki bekor qilib, yangisini chiqaraverishadi. Eskisi esa bazadan yo‘q bo‘lib qolaveradi. Bu imkoniyat juda keng manipulyatsiya va katta o‘g‘riliklarga yo‘l ochadi.

9 sentabrdagi 932-14-0-Q/22-sonli qarorga qaytamiz. Bu qaror bilan, masalan, Bektemir tumani, “Iykota” MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun oz emas, ko‘p emas, 20,1 mlrd so‘m ajratilgan. Yashnobod tumani, “Jarboshi” MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun esa 19,2 mlrd so‘m. O‘zingizga ko‘lamni tasavvur qilyapsizmi? Bitta mahallaning yoritish tizimi uchun qariyb 2 mln dollar. Endi savol, bundan avvalgi tasdiqlangan va bekor qilingan qarorlarda bu summalar qanday miqdorda bo‘lgan va o‘tgan davr ichida tasdiqlangan summa qanchaga shishirilgan? Buni, afsuski, siz va biz bila olmaymiz”, deya yozdi Bakirov.

“Iqtisodchi-tanqidchi ming barobarga adashgan”

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati yuqoridagi postga rasmiy munosabat bildirib, “iqtisodchi-tanqidchi ming barobarga adashgani”ni bildirdi va uni noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda aybladi.

“Iqtisodchi nazarda tutayotgan va hatto maqolada havola sifatida keltirilgan qarorda Bektemir tumani, “Iykota” MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun 20,1 mlrd so‘m emas, 20,1 mln so‘m (20 120 000 so‘m), Yashnobod tumani, “Jarboshi” MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun esa 19,2 mlrd so‘m emas, 19,2 mln so‘m (19 160 000 so‘m) ajratilgani qayd etilgan va ushbu qaror bilan e-qaror.gov.uz portalida tanishish mumkin. Shuni alohida qayd etamizki, mazkur qarorda keltirilgan 22 ta mahallaning tungi yoritish tizimini yangilash uchun jami 88,3 mln so‘m (88 341 450 so‘m) ajratilishi belgilangan va bu 8,066 AQSh dollarini tashkil etadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

“Skrinshot olmaganim uchun uzr so‘rayman”

Otabek Bakirov hokimlikning munosabatiga javoban, milliard va million so‘zlarida adashmaganiga ishonchi komil ekaniga ishora qilib, qarordan skrinshot olib qolmagani uchun uzr so‘radi.

“Hozir o‘lchov birligi ming so‘mda ko‘rsatilgandi, deyish befoyda. Chunki o‘sha e’tiroz bildirilgan qarordan kecha skrinshot olmaganimdan afsuslanaman.

Darvoqe, hokim tomonidan mablag‘ ajratish va taqsimlash bilan bog‘liq ilovasi mavjud barcha qarorlarda o‘lchov birligi o‘laroq ming so‘m ko‘rsatilgan. Buning o‘zingiz tekshirib, guvohi bo‘lishingiz mumkin.

Nima bo‘lganda ham, kechagi post o‘z aktualligini zarracha yo‘qotgani yo‘q. E-qaror tizimida qabul qilinayotgan, o‘zgartirilayotgan, bekor qilinayotgan qarorlar manipulyatsiya qilinishiga imkoniyat qoldirilmaslik zarur. Yo‘q bo‘lib qolgan 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22-qaror, 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qaror kechayam tizimda yo‘q edi. Haliyam yo‘q”, – deydi u.

Bakirovning fikricha, E-qaror tizimi xuddi Lex.uz tizimi singari butunlay qayta tashkil etilishi zarur. Bunda foydalanuvchilar uchun qulaylik (formatlar, qayta ishlash, izlash, bir hujjatdan ikkinchisiga havola orqali o‘tish kabi) tiklanishdan tashqari, hokimlarning barcha qarorlari joriy maqomi bo‘yicha (kuchini yo‘qotgan, amalda, o‘zgartirilgan) joylashtirishi kerak.

Nega Ortiqxo‘jayevning qarorlari E-qaror tizimida e’lon qilinmagan?

Adliya vazirligi izohiga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining 2022 yil 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22-sonli va 2022 yil 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorlari E-qaror elektron tizimi orqali qabul qilingan, biroq ushbu qarorlar “foydalanilishi cheklangan axborotlarni o‘z ichiga olgani (mudofaa, xavfsizlik va boshqalar) sababli” barcha foydalanuvchilar uchun e’lon qilinmagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida hokimliklarning 1 800 dan ortiq qaror va farmoyishlari asossiz ravishda e’lon qilinmagani aniqlangan.

Vazirlik izohida E-qaror tizimiga joylangan qarorlarni o‘zgartirib qo‘yishning texnik imkoni hokimliklarda bor-yo‘qligi masalasiga aniqlik kiritilmagan.

Adliya axborotiga munosabat bildirgan Otabek Bakirov savol baribir javobsiz qolayotganini ta’kidladi.

“Mantiq va uzviylik yetishmayapti. Tizimga joylashtirilmagan 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22-qaror, 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorlar bizning nazdimizda ijtimoiy va xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan. Chunki ayni shu qarorlarga boshqa xo‘jalik va ijtimoiy sohaga oid qaror bilan o‘zgartirish kiritilmoqda”, – deya hokim qarori foydalanish uchun cheklangan bo‘lganiga shubha bildirdi iqtisodchi.

Toshkent shahar matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, qarorda ko‘rsatilgan mahallalardagi tungi yoritish tizimini yaxshilash loyihalari uchun o‘sha mahallar joylashgan tumanlardagi hokimliklar tomonidan boshqa qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmaydi.

Mavzuga oid