O‘zbekiston | 08:51 / 15.09.2022
8278
5 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot muassasasi xodimiga qanday moddiy rag‘batlantirish turlari qo‘llanilishi aytildi 

“Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Nizomga ko‘ra, jamg‘arma daromadlarini shakllantirishda tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan davlat budjeti mablag‘lari umumiy hajmiga nisbatan quyidagi miqdorlarda shakllantiriladi:

  • tuman va shaharlar darajadagi barcha tibbiyot muassasalarda – umumiy xarajatlar 10 foizi;
  • shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida – umumiy xarajatlar 10 foizi;
  • respublika va viloyat darajasidagi boshqa tibbiyot muassasalarida – umumiy xarajatlar 5 foizi;
  • faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar (tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va ularni ishlab chiqarish bo‘yicha xarajatlar o‘rtasidagi ijobiy farqi);
  • hisobot choragi so‘nggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasi bo‘yicha tejalgan mablag‘lar, kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar bundan mustasno;
  • tibbiyot muassasasi balansida turgan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan mablag‘lar bir qismi;
  • belgilangan tartibda budjet tashkilotlari tasarrufida qoldiriladigan mablag‘lar;
  • homiylikdan olingan mablag‘lar.

Xarajatlarni amalga oshirish uchun jamg‘arma mablag‘lari quyidagi ikki yo‘nalishga:

  • 75 foizi barcha tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga (ishga vijdonan munosabati va ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam yuqori sifati uchun bazaviy tarif stavkasiga (oylik lavozim maoshi) oylik ustamalar belgilash, moddiy yordam va mukofotlar to‘lash shaklida, ish haqidan ajratmalar bilan birgalikda);
  • 25 foizi – tibbiyot muassasasi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirish quyidagi turlari qo‘llaniladi:

  • davlat tibbiyot muassasasi yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshi 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshi 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
  • tibbiyot muassasalari xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofotlar, moddiy yordam pullari.

Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan mablag‘lardan quyidagi birinchi navbatda to‘lanadigan to‘lovlarni chegirilgan qismi hisobidan amalga oshiriladi:

  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshi 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • jamg‘arma hisobidan ustamalar, rag‘batlantirish, bayramlarda mukofotlar va moddiy yordam pullari uchun shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan mablag‘lar 10 foiz qismi.

Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etish bo‘yicha maxsus komissiya tegishli qarori asosida qabul qilingan tibbiyot muassasasi rahbari buyrug‘iga muvofiq yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga ishga qabul qilingan kundan boshlab 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustamalar belgilanadi.

Maxsus oylik ustamalar yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga birinchi uch yillik mehnat faoliyati uchun belgilanadi. Bunda yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun har oyda: birinchi yil uchun – 1 million so‘mdan; ikkinchi yil uchun – 750 ming so‘mdan; uchinchi yili uchun – 500 ming so‘mdan belgilanadi.

Mavzuga oid