Cho‘zilgan front va axborot tanqisligi: Rossiya qo‘mondonligining Xarkivdagi besh xatosi
Rossiya tomonining «maxsus harbiy operatsiya»ni rejalashtirishdagi kritik noto‘g‘ri hisob-kitoblari Ukrainaning ilk yirik g‘alabasiga olib keldi. Rossiya qo‘shinlariga nafaqat tirik kuchlar, frontdagi vaziyat haqida o‘ta muhim axborotlar ham yetishmayapti. Dastlabki mag‘lubiyat Rossiyada qizg‘in muhokama qilinmoqda. Nega bunday bo‘lib chiqqani «Mojyem ob’yasnit» tahliliy materialida tushuntirildi.
Kutilmaganlik effekti
Sentyabr oyi boshlarida Xarkiv oblastida boshlangan qarshi hujum Rossiya harbiylari uchun mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi. Avvalboshdan ular zarbani Xersonda kutishayotgan edi — kuzning dastlabki kunlari Ukraina harbiylari o‘zlarining javob operatsiyasini aynan o‘sha yerda boshlaydigandek ko‘rinayotgandi.
Biroq bir necha kun o‘tib, Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastida joylashgan qarama-qarshi front bo‘ylab qaqshatkich zarba berishdi.
Natijada Rossiya armiyasi o‘nlab aholi manzillarini, katta qiyinchilik bilan egallangan minglab kvadrat kilometr bilan o‘lchanadigan hududlarni boy berdi. Xarkiv shahri ostonasidagi front chizig‘i Oskol va Shimoliy Don daryolari ortiga chekindi, Kiyev o‘z dushmanidan bir nechta muhim platsdarmlar (Izyum va Balakliya)ni qaytarib olib, Rossiya chegarasigacha chiqdi.
Bunday shiddatli va kutilmagan mag‘lubiyatning sababi nimada? Quyida Rossiya qo‘mondonligining beshta jiddiy xatosini sanab o‘tiladi.
Himoyasiz yuzlab kilometrlar
Urush boshidan Rossiya qo‘shinlari yuzlab kilometrga cho‘zilib ketdi. Barcha yo‘nalishlardan birdaniga hujum qilish muvaffaqiyatsizlikka uchradi va dastlabki chekinish — Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlarida ro‘y berdi. Moskvadagilar ushbu chekinishni «yaxshi niyatdagi xatti-harakat» deb atagan bo‘lsa-da, u ruslarga yaxshigina talafot yetkazdi va ularni frontning boshqa uchastkalarida pozitsion urushga o‘tishga majbur qildi.
Biroq ilk muvaffaqiyatsizlik Rossiya qo‘mondonligini zamonaviy harbiy kampaniya chog‘ida ehtimolli yorib o‘tiladigan uchastkalarda kuchlarni to‘plashga o‘rgatmagan ekan – ular frontning butun hududi bo‘ylab kichik qo‘shinlarini sochib chiqishda davom etishdi.
Natijada, Ukraina qo‘shinlari Rossiya himoyasidagi ojiz nuqtani paypaslab topa oldi. Chunki Moskva asosiy kuchlarni janubga — Xersondagi taxmin qilinayotgan yorib o‘tish nuqtasiga eltib tashlagani tufayli, Ukraina qurolli kuchlarining bo‘lajak hujumi nuqtasida mamlakat jangovar armiya zaxirasining tajribasiz jangchilari hamda Luhansk va Donetsk oblastlaridan safarbar qilib keltirilgan aholi vakillarigina qoladi.
Bunday tarkib artilleriya va aviatsiyada ustunlikka ega bo‘lgan taqdirda ham Ukraina qurolli kuchlariga yetarli qarshilik ko‘rsata olishi mumkin emas edi. Aynan shuning uchun Rossiya armiyasi shoshilinch ravishda daryolar ortigacha chekindi, chunki pozitsiyalarni ushlab qolish uchun mutlaqo imkoniyat qoldirilmagan edi.
Tirik kuchlar yetishmovchiligi
Bu haqda tahlilchilar ham, ekspertlar ham, jurnalistlar ham ko‘p bor takrorlab kelishayotgandi. Rossiyaga okkupatsiya qilingan hududlarni ushlab turish uchun tirik kuchlar kritik ravishda yetishmayapti. Shu sababli sentabr oyidagi mag‘lubiyatdan so‘ng hokimiyat tarafida bo‘lgan Telegram-kanallar, hattoki Rossiya Davlat dumasi deputatlari umummilliy safarbarlik zaruriyati haqida gapira boshlashdi.
Rossiyaliklarni ko‘ngillilar batalonlariga jalb etish, «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasiga tanlovni kengaytirish va «maxsus harbiy operatsiya»ga mahbuslarni jalb etish haqida xabarlar ko‘paydi.
Rossiya ilgari o‘zi egallagan hududlarni ushlab turish uchun zaxiralarni kiritishga nechog‘lik qodir va tayyorligi borasida ma’lumotlar kam. Masalan, ayrim ekspertlar Moskvadagilarning yengida shunday kuzir borligiga umuman ishonishmayapti. Albatta, gap yadroviy qurol haqida bormasa.
Axborot yo‘q
Agar Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlari qo‘shinlarini qayerga qay tarzda jo‘natayotgani haqida ma’lumotga ega bo‘lganida dastlabki ikki punkt bu qadar kritik ahamiyatga ega bo‘lmasdi. Biroq frontning narigi tomonida nimalar bo‘layotgani Moskvaga noaniq bo‘lib turgani ravshan: na razvedka ma’lumotlari, na radioelektron kurash vositalari va na maxsus pilotsiz uchar qurilmalar bor. Aynan shuning uchun shimoldan to‘satdan berilgan zarba Rossiya qo‘shinlarini g‘aflatda qoldirdi.
Ukraina qurolli kuchlari uchun esa vaziyat tamomila teskari. Ukraina armiyasi ixtiyorida nafaqat g‘arblik ittifoqchilari tomonidan yetkazilgan jangovar razvedka dronlari bor, bundan tashqari UQK dushmanning so‘zlashuvlarini eshitib turibdi, bu haqda ular harbiy kampaniya boshidan buyon tinmasdan takrorlab kelishmoqda.
Bularga qo‘shimcha ravishda Kiyev AQSh va Buyuk Britaniyadan yerdan va sun’iy yo‘ldosh orqali olingan razvedka ma’lumotlarini olib turibdi. Bu esa Kiyevga kuchlarning nisbatini chamalab, yashin tezligida qarshi hujum operatsiyasini rejalashtirishda asqatmoqda.
Bunday nomutanosiblik dushman kuchiga to‘laligiga yetarli baho bermaslikka olib kelgan. Moskva Ukrainaning muvaffaqiyatli hujum qilish imkoniyatini ko‘rib ham chiqmagan. Ehtimol, aynan shuning uchun frontning shimoliy qismida kam miqdorda tirik kuchlar qoldirilgan va mohiyatan to‘qnashuv chizig‘ining muhim uchastkasi yalang‘och bo‘lib qolgan.
Eskirgan taktika
Rossiya XX asrning urush qilish usullaridan, Ukraina esa NATOning XXI asr urushi ishlanmalaridan foydalanayotgani haqida ko‘p yozildi. Biroq bu aynan Xarkiv yo‘nalishidagi qarshi hujumda yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ukraina shaping battlefield (inglizchadan jang maydonini shakllantirish degani) doktrinasi — hujum qilayotgan armiya razvedka ma’lumotlari va soxta manyovrlar bilan barcha kuchlar va vositalarni muvofiqlashtirgan holda frontning ma’lum bir bo‘lagida o‘zi uchun ustunlik yaratish strategiyasini muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi. Bu strategiya Rossiya hujum taktikasiga o‘xshash taktika bilan juda yaxshi uyg‘unlashadi. Pirovard natijada, Moskva uchun an’anaviy bo‘lgan himoya prinsiplari — dushmanni o‘z pozitsiyasi ichkarisiga jalb qilib, qanotdan hujum uyushtirish yomon ishlay boshlaydi.
Bunday sharoitlarda Ikkinchi jahon urushi davridan buyon odatiy bo‘lib kelgan artilleriya tayyorgarligi — ommaviy hujum oldidan dushman pozitsiyasi bir necha kun mobaynida artilleriya tomonidan tekislanishi ham ish bermaydi. Birinchidan, bu Ukraina qurolli kuchlariga hujum qaysi nuqtadan uyushtirilishi rejalashtirilayotganini oshkor qilib qo‘yadi. Ikkinchidan, bunday taktika — kelajakda yo‘qotishlarni kamaytirish uchun snaryad almashishdan boshqa narsa emas. Agar hujum qilayotgan tomonda bunday yechim uchun yetarli kuch va o‘q-dorilar bo‘lsa — bu ish berishi mumkin. Lekin Rossiyaga allaqachon snayardlar yetishmayapti.
Ayni paytda Rossiya qo‘shinlarining bir qismi asosiy guruhdan Dnepr daryosi bilan uzilib qolgan Xerson oblastida kuzatilayotganidek logistika bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lsa, bu muammo yanada mushkul ko‘rinish oladi.
Juda sekin hujum qilingan
Urushning ilk haftalaridagi qaynoq faza, Kiyevdan chekinish va Donbass uchun urushdan so‘ng Rossiya armiyasi juda imillab oldinga siljiy boshladi. Ko‘pincha bir sutka davomida frontni bir necha yuz metrga siljitishga muvaffaq bo‘lindi. Bunga yuqorida sanab o‘tilgan omillar sabab bo‘ldi: shaxsiy tarkib va axborot yetishmovchiligi, logistika bilan bog‘liq muammolar.
Natijada Ukraina qurolli kuchlari Moskvaning egallab olish operatsiyasini holdan toyguncha urishishga o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng g‘arbdagi ittifoqchilari bergan ma’lumotlar va ularning harbiy yordami sharofati bilan ojiz nuqtalarni «paypaslay» boshladi.
Endi Rossiya armiyasi UQKning hujumlarini takrorlay oladimi, ya’ni Moskva hududlarni egallab olish bo‘yicha operatsiyalarini shu qadar shiddatli va samarali o‘tkaza oladimi yoki dastlabki kunlarning kutilmaganlik effektini qo‘ldan boy berib, depsinishda davom etadimi — bu noma’lum bo‘lib turibdi.
Moskvadagilar endi nima qilishmoqchi?
Bu muammolarni hal qilish uchun Rossiya propagandachilari va hokimiyatga yon bosuvchi siyosatchilari birinchi navbatda umummilliy harbiy safarbarlik e’lon qilishni taklif etishmoqda. O‘z pozitsiyasini bildirishda yetti o‘lchab bir kesadigan RFKP yetakchisi Gennadiy Zyuganov ham qarab o‘tirgani yo‘q. «Urush va maxsus operatsiya tubdan farq qiladi. Maxsus operatsiyani to‘xtatish mumkin, urushni esa o‘zingiz istasangiz ham to‘xtatib bo‘lmaydi. U ikki yo‘l bilan tugaydi: yo mag‘lubiyat, yo g‘alaba bilan. Donbassda g‘alaba qozonish masalasi — bu bizning tarixan tirik qolishimiz masalasi. Bu mamlakatda yashovchi har bir inson bo‘layotgan voqealarga real baho berishi kerak», — dedi u Davlat dumasida. Keyinchalik RFKP a’zolari partiya yetakchisi birinchi navbatda iqtisodiy safarbarlikni nazarda tutdi, deya suvashdi.
Davlat dumasining xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Mixail Sheremet yanada konkretroq gapirdi. U «to‘liq safarbarliksiz, iqtisodiyotni harbiy relslarga o‘tkazmasdan turib, kerakli natijalarga erisha olmaymiz», dedi. Biroq Dmitriy Peskov parlament a’zolarining (shuningdek, yuzlab propaganda Telegram-kanallarining) so‘zlarini rad etdi-yu, «hozir safarbarlik haqida gap bormayapti», dedi.
Rossiya armiyasining boshqa ochiq-oydin muammolari esa Kremlga yaqin sharhlovchilarning nigohiga negadir tushmayapti. Armiyani qayta qurollantirish va taktikani o‘zgartirish haqida gap bormayapti. Hokimiyatning Ramzan Qodirov kabi yakkam-dukkam vakillari «yo‘l qo‘yilgan xatolar»ni tan olib, shiddatli javob qaytarishga undamoqda. Biroq ko‘p holatlar jurnalistlar va tahlilchilar mag‘lubiyat uchun aybni NATO askarlariga ag‘darishmoqda.
Endi nima bo‘ladi?
Harbiy kampaniya ob-havo, loygarchilik va sovuq tufayli to‘xtab qolishidan avval Ukraina armiyasi tashabbus jilovini o‘z qo‘lida tutib turibdi. UQK qisqa fursatda keng miqyosli hujum operatsiyasi uyushtira olishini ko‘rsatib, Rossiya qo‘mondonligini esankiratib qo‘ydi.
Ukraina armiyasi navbatdagi zarbasini qayerga berishini taxmin qilish qiyin. Ehtimol, ular Shimoliy Don daryosini kechib o‘tib, sentabr oyi boshlaridagi muvaffaqiyatli yurishlarini Luhansk oblastida davom ettirar. Balki bu Xersondagi yorib o‘tish bo‘lar. Bu savolga javobni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Bosh shtabidagilar ham bilmasa kerak.
Rossiya armiyasidan ham qandaydir javob yurishi kutilmoqda. Biroq Moskvada bunday qarshi zarba uchun zaxira va kuchlar yetarli ekanligi aniq emas. Joylardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Xerson ostonasida yopirilma artilleriya zarbalari davom etmoqda. Yuqorida zikr etilganidek, Dneprdan naryog‘dagi guruhda zarba uchun yetarli kuch va texnika ham, ta’minot yo‘llari ham yo‘q. Chunki Ukraina artilleriyasi ko‘priklar, pontonli yo‘l o‘tkazgichlar va paromlarga tinmasdan zarba berib turibdi.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024