Jamiyat | 19:00 / 16.09.2022
64928
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro kinofestivali matbuot xizmati turk kinoijodkorlari bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi 

Foto: Toshkent xalqaro kinofestivali

“Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali matbuot xizmati 15 sentabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilgan “Turk kinosi kunlari”ning ochilish marosimida yuz bergan holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

1. Ijtimoiy tarmoqlarda “Turk kinosi kunlari”da turk aktyorlari o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sababli go‘yoki ushbu tadbir  o‘tkazilmay qolgani haqida xabarlar tarqalmoqda. 

Bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

Uchrashuvlar dastur asosida o‘tkazildi. Ijodiy uchrashuv davomida so‘zga chiqishi kerak bo‘lgan aktyorlarning barchasi so‘zga chiqdi.

2. Turk kinoijodkorlari o‘rtasidagi hodisa quyidagicha yuz berdi: Ijodiy uchrashuv moderatorlari va boshlovchilar dastlab aktyorlarni belgilangan tartib bo‘yicha taklif qilishdi. Ularning har biri uchun maxsus o‘rindiqlar ajratildi. Sahnaga turk delegatsiyasi vakillari - Nazif Tunch va Mustafa Ug‘ur Yagchiog‘lu, ssenariynavis Pinar Yag‘icholu, aktyor va aktrisalar Tuba Unsal, Serdar Turan, Serdar Go‘kxan, Jyelal Al, Murat Aydin, Gizem Lidiya Denizji, 2002 yildagi “Dunyo go‘zali” Azra Akin chiqib kelishdi. 

Navbat Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchayga kelganida, ular alohida chiqishlarini ma’lum qilishdi. Ulardan avval sahnaga chiqqan kinoijodkorlar zaldagilar bilan muloqot qilishdi. Moderatorlar va zaldagilarning savollariga batafsil  javob qaytarildi. Tomoshabinlar ularni guldiros qarsaklar bilan olqishlab turishdi. Uchrashuvdan so‘ng turk delegatsiyasi vakillari zalga tushishdi va o‘zaro maslahatlashib, agar Burak O‘zchivit  bir davrada o‘tirishni istamasa, o‘z navbatida ular ham Burak bilan bitta zalda o‘tirmasliklarini ma’lum qilishdi. Shundan so‘ng turk delagatsiyasi zalni tark etishdi va Xalqaro anjumanlar saroyining foyesidan joy olishdi. 

Bu paytda zalda Nurgul Yashilchay bilan uchrashuv boshlandi. Aktrisa tomoshabinlarning ko‘plab savollariga javob qaytardi. Tomoshabinlar har bir javobdan so‘ng uni olqishlab turishdi. Oxirida sahnaga Burak O‘zchivit chiqdi, uchrashuvni yuqori darajada o‘tkazdi, ko‘pgina muxlislar bilan suratga ham tushdi. 

3. Tadbir yakuni bo‘yicha Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Ahmet Misbah Demirkan hamda delegatsiyaning boshqa a’zolari yuz bergan holat uchun kinofestival direksiyasidan uzr so‘radi. 

«Biz turk kinosi yulduzlari bilan uchrashuvni tashkil etishga yaqindan hamkorlik qilgani uchun Toshkent shahar hokimligiga o‘z minnatdorligmizni bildiramiz. Turkiyadan kelgan mehmonlarimizga barcha shart-sharoit yaratib berildi. Agar aktyorlar shaxsiy sabablarga ko‘ra, bitta sahnada yoki zalda o‘tirishni istashmagan ekan, bu ularning shaxsiy ishi. Qolaversa, biz mehmon san’atkorlarga bosim o‘tkaza olmaymiz. Eng muhimi, va’da qilingan barcha aktyorlar tadbirga taklif etildi va uchrashuvlar to‘xtab qolgani yo‘q. 

Yaxshi bilamizki, jahon tajribasidan ma’lumki, yirik tadbirlarda ijodkorlar o‘rtasida navbat talashish hollari tez-tez kuzatiladi. Zotan, bu holat faqatgina turk kinoijodkorlariga taalluqli emas. Turkiyalik mehmonlarning uzr so‘raganliklarini inobatga olib, OAV xodimlari hamda blogerlarni vaziyatni xolisona baholashga, noto‘g‘ri talqin qilmaslikka chaqiramiz”, dedi XIV Toshkent xalqaro kinofestivali bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Mavzuga oid