Jahon | 12:03 / 17.09.2022
30357
16 daqiqa o‘qiladi

«Bolgar soyaboni»: KGB kommunistik tuzumga qarshi bo‘lgan yozuvchini qanday o‘ldirgandi?

Ikkinchi jahon urushidan keyin sovetlar majburiy tarzda Sharqiy Yevropa davlatlarida sotsialistik tuzum o‘rnatdi. So‘ng ularda ham SSSRdagi kabi zo‘ravonlik bilan kollektivlashtirish o‘tkazildi. Boylarning mulklari tortib olinib, o‘zlari quvg‘in qilindi va ular kommunistik partiya hukmronligida, ma’muriy buyruqbozlik bilan boshqarila boshlandi. Bu ishlarga qarshi chiqqanlar turli yo‘llar bilan yo‘q qilindi. Shu jumladan Bolgariyada ham.

Sharqiy Yevropadagi turli xalqlar 1944-1945 yillarda o‘zlarini fashistlardan ozod qilgan sovet jangchilarini qanday xursandchilik bilan kutib olgan bo‘lsa, tez orada Moskva tomonidan o‘rnatilgan sotsialistik boshqaruvdan shunchalik hafsalasi pir bo‘ladi.

Odamlar ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan, yakka kommunistik partiya hukmron bo‘lgan sotsialistik tuzum va uning rahbarlarini, ularni Moskvadan turib qo‘llayotgan SSSR rahnamolarini yomon ko‘ra boshlaydi.

Oqibatda 1956 yilda Sharqiy Yevropaning ikkita davlatida sotsialistik tuzumga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi va ularning ikkalasi ham kuch bilan ayovsiz tarzda bostiriladi.

Ulardan biri 1956 yil 28-30 iyun kunlarida Polshaning Poznan shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishlar bo‘lsa, ikkinchisi o‘sha yili 23 oktyabrdan 11 noyabrgacha davom etgan Budapesht voqealari edi.

Har ikkala hodisada ham namoyishlarni bostirish uchun Polsha va Vengriyada bo‘lgan sovet harbiylari qatnashadi va ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ladi.

Vengriya va Polshadagi namoyishlar bostirilgach, sotsialistik qopqonga tushib qolgan davlatlar aholisi Moskva nazoratidan chiqib keta olmasliklarini anglab yetishadi.

Shundan so‘ng sotsialistik tuzumga qarshi bo‘lganlar xuddi SSSRdagi kabi o‘zi yashayotgan mamlakatni tark eta boshlaydi. Bolgariyalik jurnalist va yozuvchi Georgiy Markov ham ulardan biri edi.

Georgiy Markov / Foto: elespectador.com

Garchi o‘z jonini saqlab qolish uchun zo‘ravonlik va zulm bilan boshqariladigan mamlakatni tark etib, Buyuk Britaniya poytaxtiga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa-da Georgiyning hayoti baribir fojiali tugaydi. KGB uni Londonda zaharlab o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi.

Georgiy Markov haqida

Georgiy Markov 1929 yil 1 mart kuni Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida sobiq harbiy oilasida tug‘iladi. Otasi harbiy xizmat davomida sil kasalligini orttirib, nafaqaga chiqqan, onasi esa uy bekasi bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushi paytida boshqalar qatori Georgiyning oilasi ham qiynalib yashaydi va Bolgariyani ozod qilgan sovet armiyasini xursandchilik bilan kutib oladi.

Urush tugagach, 1946 yilda Georgiy Sofiyadagi gimnaziyani tugatadi va Politexnika institutida o‘qiy boshlaydi. O‘sha paytlarda u hali Bolgariyada sotsialistik tuzum kuch bilan o‘rnatilayotganini, qarshi chiqqanlar ayovsiz jazolanayotganini bilmas edi.

1948 yilda Georgiy silning og‘ir formasi bilan kasallanadi va bir muddat davolanadi, ammo batamom tuzalmaydi.

U 1953 yilda institutni bitirib, bir yil Sofiyadagi korxonada injyener-texnolog sifatida ishlaydi. 1953-58 yillar oralig‘ida texnikumlardan birida dars beradi.

Shu davr mobaynida sil kasali doimo Georgiyni bezovta qiladi va u vaqti-vaqti bilan davolanib turadi, ammo butunlay shifo topmaydi. Shundan so‘ng 1959 yilda ishdan bo‘shashga majbur bo‘ladi.

Adabiyot olamida

Georgiy Markov ilk ijodini 1955 yillarda, texnikumda dars berib yurgan paytlarida boshlaydi. 1957 yilda uning ilk romani, 1959 yilda ikkinchi romani chop etiladi.

Tez orada Georgiy mamlakatdagi eng iqtidorli yosh yozuvchilardan biri sifatida taniladi. Uni Bolgariya Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishadi.

Georgiy Markov mashhur bo‘lgan kezlarda, Bolgariya rahbari Todor Jivkovning qizi Lyudmila bilan do‘stlashib qoladi va «birinchi rahbar»ning oilasida tez-tez mehmon bo‘lib turadi.

Todor Jivkov va Lyudmila Jivkova / Foto: fb.ru

Ilk ijodida asosan maishiy mavzularda yozgan Georgiy keyinchalik Bolgariyada sotsialistik tuzum zo‘ravonliklarini ko‘radi va Todor Jivkovning oilasidan uzoqlashadi, uning qizi bilan aloqalarni uzadi.

Shundan so‘ng u Bolgariyada kommunistik partiya hukmronligiga, mamlakatning Moskva ta’siri ostida sotsialistik tuzumda yashashiga, inson huquqlari poymol qilinishiga qarshi ekanini o‘z asarlari orqali bildira boshlaydi.

Bu holat Georgiyni Bolgariya kommunistik partiyasi targ‘ibotchisiga aylantirmoqchi bo‘lgan hukumat amaldorlariga yoqmaydi. Shunday bo‘lsa ham mamlakat aholisi orasidagi obro‘yi tufayli unga keskin chora ko‘rishga botina olishmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, kommunistik tuzum tanqidchisiga Bolgariyada yashash qiyin bo‘lib boraveradi. Uni yakkalay boshlashadi, asarlarini chop etishni to‘xtatishadi. Shuningdek, yozuvchi doimiy kuzatuvga olinadi.

Bunday sharoitda yashab, ijod qilib bo‘lmasligini tushunib yetgan Georgiy Markov xorijga chiqib ketishni rejalashtira boshlaydi.

Xorijga ketish

1968 yilda Pragada sotsialistik tuzumdan voz kechmoqchi bo‘lgan chexoslovaklarning namoyishlari ayovsiz bostirilgach Georgiy Markov uzil-kesil xorijga chiqib ketishga qaror qiladi.

U Pragada chexoslovaklarga rahm-shafqat qilmagan sovet hukumati mabodo bolgarlar ham sotsialistik tuzumdan voz kechish uchun namoyishga chiqsa ayab o‘tirmasligini va xalqning qoni daryo bo‘lib oqishini tushunib yetadi.

1969 yilda Georgiy avvaliga Italiyada yashaydigan qarindoshining oldiga boradi va u yerdan ortga qaytmay Buyuk Britaniyaga ketadi.

Georgiy britaniyalik Annabel Dilayk ism-sharifli ayolga uylanadi va Londonda yashay boshlaydi. Biroz o‘tib uni BBC radiosiga ishga taklif etishadi va u qabul qiladi.

Georgiy Markov oilasi bilan / Foto: blitz.bg

Georgiy Markov radioda ijtimoiy-siyosiy eshittirishlarda ishtirok etadi. U Bolgariyaning sotsializm qopqoniga tushib qolgani va amalda mamlakatni SSSR boshqarayotgani, Bolgariya rahbarlari Kremlning ruxsatisiz hech narsa qila olmasligini keskin tanqid qila boshlaydi.

Jumladan, u radioda «Jivkov bilan uchrashganlarim» nomi bilan 14 qismli eshittirishlarini uzatadi. Ana shu eshittirishlarida u Bolgariya kompartiyasi birinchi kotibi Todor Jivkov bilan uchrashuvlarida sodir bo‘lgan voqealar haqida gapirib beradi.

Georgiy Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan ayolga uylangach Londonda qonuniy tarzda yashaydi. U BBC’da ishlayotganida Bolgariya hukumatini keskin tanqid qila boshlagach bolgarlar uni orqaga qaytarish harakatiga tushib qolishadi.

Bolgarlar Georgiyga «yaxshilikcha» mamlakatga qaytishini talab qilishadi. Ammo u ko‘nmaydi. Shundan so‘ng Georgiyni Bolgariya Yozuvchilar uyushmasi safidan o‘chirishadi, mamlakat bo‘ylab barcha kutubxonalardan uning kitoblari yig‘ishtirib olinadi.

Biroz o‘tib Bolgariya IIV Georgiyga berilgan xorijga chiqish pasportini bekor qiladi va uning nomini matbuotda eslashni taqiqlashadi.

1972 yilda Georgiy Markov Bolgariyada sirtdan sud qilinadi va unga 6,5 yil qamoq jazosi tayinlanadi.

Georgiyning Londonda yashab dunyoga mashhur radio orqali tinimsiz ravishda sotsialistik tuzumni tanqid qilishi Bolgariya hukumatidan ko‘ra sovet rahbariyatini ko‘proq tashvishlantira boshlaydi.

O‘shanda Pragada chexoslovaklarning sotsialistik tuzumga qarshi bosh ko‘targaniga uncha ko‘p bo‘lmagan, Kremldagilar Bolgariya aholisining ham Moskvaga qarshi bosh ko‘tarib qolishidan xavotirlanardi.

Georgiyning o‘ldirilishi

1978 yil 7 sentabr kuni Georgiy Markov BBC ofisidan ishdan chiqib, mashinasiga o‘tiradi va uyiga boradi. Ertasi kuni ertalab uning temperaturasi ko‘tarilib, ahvoli yomonlashadi.

Georgiyni darhol shifoxonaga olib borishadi. U yerda vrachlar uni obdan tekshirishadi, ammo kasallik sababini top olishmaydi. U to‘rt kun og‘ir ahvolda yotgach jon beradi.

O‘limidan biroz avval vrachlar undan kasal bo‘lishidan avvalgi hodisalarni yaxshilab eslashni, bu uni davolashda asqatishini so‘rashadi.

Shunda u 7 sentabr kuni ishxonadan chiqib mashinasi turgan avtoturargohga qarab borayotganida odamlar gavjum bo‘lgan avtobus bekatida noma’lum kishi unga turtinib ketganini, shunda uning qo‘lidagi soyabonning uchi oyog‘iga yengil suqilganini, og‘riq kuchli bo‘lmagani uchun unga ahamiyat bermaganini aytib beradi.

Vrachlarga hammasi ravshan bo‘lgan edi – Georgiyni zaharlashgan. O‘limidan keyin o‘tkazilgan chuqur tekshirishlarda Georgiyning tanasidan kichik jarohat o‘rnini topishadi.

KGB xodimi u yerga soyabon-qurol yordamida ichida 45 milligramm ritsin bo‘lgan kapsula joylagan va Georgiy Markovni shu tariqa zaharlagan.

KGB tomonidan tayyorlangan maxsus soyabon-qurol / Foto: blogs.loc.gov

O‘z vaqtida sotsialistik tuzumga muxolif bo‘lgan holda xorijda yurgan mashhur «GUlag arxipelagi» asari muallifi Aleksandr Soljyenitsin ham o‘zini KGB ritsin bilan zaharlashga uringanini yozgan edi.

Hodisa yuzasidan tekshiruvlar

Georgiyning zaharlab o‘ldirilgani aniq bo‘lgach London politsiyasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atadi va qotilni qidira boshlaydi. Biroz o‘tib qidiruvga Buyuk Britaniya razvedkasi ham qo‘shiladi. Biroq natija bo‘lmaydi va qotil topilmaydi.

Buyuk Britaniya xavfsizlik xizmati Londonda yurgan Bolgariya maxsus xizmati xodimlari bu ishga qodir emasligini, ijroni KGB xodimi bajargani haqidagi taxminni bildiradi. Shu tariqa, qotillik bo‘yicha ijrochilar KGBning Londondagi xodimlari, buyurtmachi esa Bolgariya hukumati deb gumon qilinadi.

Keyinchalik SSSR tarqab ketganidan so‘ng 1993 yilda sobiq KGB generali Oleg Kalugin Angliyadagi telekanallardan birida namoyish etiladigan ko‘rsatuvda qatnashish uchun Moskvadan Londonga borganda Xitrou aeroportida qo‘lga olinadi.

Kalugin 1978 yilda Georgiy Markovga suiqasd uyushtirganlikda gumonlanadi. Hodisadan 15 yil o‘tgan bo‘lsa-da «Skotland Yard» Markovga qilingan suiqasdni unutmagan, hodisa yuzasidan ochilgan jinoyat ishi yopilmagan edi.

Sobiq KGB generali Oleg Kalugin / Foto: alamy.com

Buyuk Britaniya politsiyasi tomonidan so‘roq qilingan Kalugin Grigoriy Markovning o‘ldirishi haqidagi barcha tafsilotlarni aytib beradi. Unga ko‘ra, qotillikni Bolgariya kompartiyasi birinchi sekretari Todor Jivkovning shaxsan o‘zi buyurtma bergan.

Kalugin ijroni ham Bolgariya xavfsizlik xizmatining o‘zi amalga oshirganini, faqat maxsus soyabon va zahar Moskvadagi 12-raqamli laboratoriyada KGB xodimlari tomonidan yasab berilganini ma’lum qiladi.

Ya’ni 1978 yilda Bolgariya ichki ishlar vaziri Stoyanov KGB raisi o‘rinbosari Vladimir Kryuchkovga murojaat qilib, unga Todor Jivkovning Markovni o‘ldirish haqidagi iltimosini yetkazadi.

Kyurchkov iltimosni KGB raisi Andropovga aytadi. O‘sha vaqtda SSSR rahbari Brejnevga ham gapini o‘tkaza olgan Andropov Markovning o‘ldirilishi operatsiyasiga Oleg Kaluginni boshliq qilib tayinlaydi. O‘z navbatida Kalugin bu ishni KGB generali Sergey Golubevga topshiradi.

Boshqa manbalarga ko‘ra, qotil aslida Markovga yaqin bormasligi, yaqin masofadan unga zaharli o‘q uzishi reja qilingan.

Ammo so‘nggi soniyalarda KGB xodimi odamlar orasida turib mo‘ljalni aniq ololmasligi ehtimolini inobatga olib, Markovga juda yaqin kelgan. So‘ng unga turtinib ketib, zahar solingan kapsulani Georgiyning oyog‘iga qadagan.

«Skotland Yard»ning terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi Kaluginni ikki kun so‘roq qilgach, suiqasdni tayyorlash hamda ijro etishda uning ishtiroki yo‘q degan qarorga keladi va sobiq KGB generalini qo‘yib yuboradi.

1993 yilda sobiq KGBning birinchi bosh boshqarmasi polkovnigi Oleg Gordiyevskiy Georgiyni bolgarlar emas, KGB xodimlari zaharlaganini aytib chiqadi. Uning ma’lum qilishicha, Georgiyni yo‘q qilish operatsiyasi KGB generali Sergey Golubev tomonidan tayyorlangan va amalga oshirilgan.

2005 yilda Britaniya matbuotida Georgiyning zaharlanishi yuzasidan Bolgariya gazetasida chiqqan maqolaning tarjimasi chop etiladi. Unda Georgiyni italiyalik KGB agenti Franchesko Gulliani zaharlagani va bu ma’lumotni Bolgariya xavfsizlik xizmati taqdim etgani yozilgandi.

Ammo keyinchalik Buyuk Britaniya politsiyasi tomonidan ushlangan Franchesko Gulliani Markovga uyushtirilgan suiqasdga aloqasi yo‘qligini aytadi.

1990 yilda Bolgariyada kommunistik tuzum qulaydi. Shundan so‘ng Georgiy Markovga uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha qayta tergov boshlanadi.

O‘sha paytda sobiq Bolgariya KGBsi arxividan Georgiy Markovga uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha hujjatlar topilmaydi. Ular yo‘q qilingan edi.

Shundan so‘ng dalillarni yo‘q qilish bo‘yicha jinoyat ishi ochiladi va Bolgariya Ichki ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Stoyan Savov hibsga olinadi. Ammo uni sud qilishga ulgurishmaydi – Savov hibsxonada joniga qasd qiladi.

Ikkinchi sudlanuvchi, kommunistik tuzum davrida Bolgariya KGBsida bosh boshqarma o‘rinbosari lavozimida ishlagan Vladimir Todorov 10 oy qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Sud Todorovning aybini bo‘yniga qo‘ya olmaydi va unga o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilgani uchun yengil jazo tayinlaydi. Oxir-oqibat Georgiy Markovning o‘ldirilishiga oid hujjatlarni kim yo‘qotgani aniqlanmay qoladi.

2013 yilda Bolgariya prokuraturasi Georgiy zaharlanishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishini hodisaga 35 yil bo‘lgani tufayli yopganini ma’lum qiladi.

Shu tariqa, erksevar bolgar yozuvchisi va jurnalisti Georgiy Markovni zaharlagan shaxs kimligi va bu ishning aniq buyurtmachilari kimlar bo‘lgani haqidagi savollar ochiq qolib ketadi.

Georgiy Markovning ijodi

Georgiyning hayotiga nazar tashlansa u o‘z asarlarini Bolgariyada yashagan davrida, 1957 yildan 1968 yilgacha yozganini ko‘rish mumkin.

Jumladan, uning qator roman va qissalari, pesalari, hikoya hamda novellalari o‘sha paytda yozilgan. Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgach BBCʼda ishlab yurgan paytida ijod bilan shug‘ullanmagan. Tig‘iz ish vaqti tufayli unda ijod uchun vaqt bo‘lmagan.

Georgiy Markov Bolgariyada yashaganida uning uchta romani, sakkizta pesasi, to‘rtta qissa, novella va hikoyalar to‘plami chop etilgan. Vafotidan keyin hech qayerda e’lon qilinmagan bitta romani, bitta pesasi chop etiladi.

Kommunistik tuzum qulagandan so‘ng yozuvchining asarlari ko‘p marta chop etiladi. Dunyoning boshqa tillariga tarjima qilinadi.

«Bolgar soyaboni»

KGB tomonidan soyabon yordamida zaharlangan birgina Georgiy Markov emasdi. 1978 yil Georgiy Markov o‘ldirilishidan o‘n kun avval Parijda bolgariyalik yana bir jurnalist va yozuvchi Vladimir Kostovga ham soyabon yordamida suiqasd uyushtiriladi. (Bu haqda keyingi maqolada batafsil so‘z yuritamiz.)

Noma’lum shaxs Parij metrosidan chiqayotgan Kostovga turtinib ketadi va uning tanasiga soyabon yordamida zaharli kapsula joylab, zaharlaydi.

Markovdan farqli ravishda Kostov o‘sha zahoti shifoxonaga boradi va shifokorlarning yordami bilan tirik qoladi.

Oradan 10 kun o‘tib Londonda Georgiy Markov zaharlangandan so‘ng u ham soyabon yordamida zaharlangani oshkor bo‘lgach «Bolgar soyaboni» iborasi paydo bo‘ladi. O‘shandan buyon bu ibora tilga olinganda suiqasdda foydalaniladigan qurol tushuniladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid