«Kvotalar oshirilayotganida yotoqxona masalasi inobatga olinishi kerak» – talabalarning dolzarb muammosi haqida
Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi haligacha dolzarb bo‘lib turibdi. Kun.uz jurnalist Ziyoda Ramazonova hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Mingishev bilan har yili kuzatiladigan muammo yechimlari, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar, turar joyga muhtoj talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash ishlari borishi haqida suhbatlashdi.
Oliy ta’lim muassasalaridagi joriy o‘quv yili ham talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosi bilan boshlandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Mingishev Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali muloqotda talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosi keng ko‘lamli emasligi, internet va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan holatlar ayrim oliy ta’lim muassasalaridagina kuzatilganini aytdi.
“Asosiy kuzatilgani Talabalar shaharchasida bo‘ldi. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga oid videoni ertalab kelib kimdir tasvirga olib tarqatib yuborgan. Biz u yerga borganimizda universitet mas’ullari talabalarni yotoqxonaga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi komissiya faoliyatini chiroyli tashkil etib qo‘ygan ekan. Birinchi navbatda muhtojlarni joylashdi.
Asosan bir-ikkita OTMda bo‘ldi muammoli vaziyat. Boshqalarda bunday holat kuzatilgani yo‘q. Bir haftadan beri viloyatlarni o‘rganib keldik. Viloyatlarda umuman kuzatilmadi. Bitta Talabalar shaharchasida sodir bo‘lgan vaziyatga asoslanib, nimaga vazirlik bu muammoning chorasini ko‘rmadi deb xulosa chiqarish to‘g‘ri emas, nazarimda. Talabalar shaharchasidayam [shov-shuvli holat] bir kun davom etdi xolos. Hamma yoppasiga kelganda bunday voqea kuzatilishi tabiiy jarayon. Uch kunlab o‘sha yerda yurdik, kimdir borar joyi bo‘lmay ko‘chada qolib ketmaganmikin deb. Lekin bunday vaziyatdagi talabalar va ularning yaqinlarini uchratmadik”, deydi Laziz Mingishev.
Mavzuni atroflicha o‘rgangan Gazeta.uz nashri muxbiri Ziyoda Ramazonova muammo nafaqat Talabalar shaharchasiga, balki poytaxtdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga tegishli ekanini aytmoqda.
“Ko‘rgan-kechirganlarimni aytadigan bo‘lsam, umumiy holatga yaxshi baho bermasdim. Borishim kerak bo‘lgan manzillar ko‘proq edi. Talabalar shaharchasiga borganimizda soat ertalabki yetti ham bo‘lmagandi. Yo‘lda odam judayam ko‘p, yuk ko‘targanlar karvoni juda katta edi. Ular bilan gaplashib o‘zimga ham biroz stressli holat bo‘ldi.
Kelganlarning hammasi turar joyga joylashishga umid qilib turibdi. Lekin yotoqxona hammaga berilmasligini bilishmaydi. 30-40 kishi bilan gaplashgan bo‘lsak, ular orasida hali yotoqxona berilmasligi ham mumkinmi deydiganlar ko‘pchilikni tashkil qilardi.
Vaziyat qaysi tomonga o‘zgarganini bilish maqsadida u yerga tushdan keyin borganimda yana ertalab ko‘rib, gaplashib ketgan chehralarni uchratdim. Kechki soat yettidan o‘tib sakkizlarda Talabalar shaharchasidan ketgan bo‘lsak, chim ustida ayollar, katta yoshli erkaklar, qariyalar o‘tirgandi.
O‘ylaymanki, bu holat faqatgina Talabalar shaharchasida, ya’ni O‘zMU hamda TDTUda emas, butun Toshkent bo‘ylab kuzatilgan. Maqolani tez tayyorlash kerak bo‘lgani uchun biz faqatgina bitta joyga borib, tushgacha va tushdan keyingi jarayonni kuzata oldik.
O‘zim ham viloyatdan kelib o‘qiyman. O‘sha kuni farzandi, nevarasining ortidan kelib sarson bo‘lgan insonlarning o‘rniga o‘zimning ota-onam, bobo-buvimni qo‘yib ko‘rdim. O‘zim ham birinchi kursligimda o‘quv yilining birinchi kuni yaxshi xotira bilan qolmagan. Toshkentga kelganimizda turadigan joyimiz aniq emasdi. Boshqa talabalar ham birinchi kunini yomon xotira bilan eslashlarini xohlamasdim”, deydi Ziyoda Ramazonova.
2021 yilda Yunusoboddagi ijaraga olingan kvartiradan besh nafar talabaning jasadi topilishi, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasining o‘zi ham yashab, ham ishlab kelgan qurilishi tugallanmagan bino hududida yiqilib vafot etishi ortidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga prezident darajasida e’tibor qaratilgandi.
Jumladan, bu kabi fojialar kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti o‘rganilishi, oliy ta’lim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalari qayta ko‘rib chiqilib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimi yaratilishi, o‘qishga qabul qilingan talabalar ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylari qurilishi aytilgandi. Bundan tashqari, ijarada yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimi joriy etilishi ham ma’lum qilingandi.
Shundan so‘ng prezident farmoniga muvofiq 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladigan bo‘ldi.
Oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarning yotoqxona muammosiga to‘xtalib, qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj borligi va bu masalani tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkinligini aytgandi.
Shundan so‘ng hukumat qaroriga asosan 4 yil ichida talabalar uchun har biri 400 o‘rinli bo‘lgan 228ta yotoqxona qurilishi, xususiy kompaniyalarga har bir ana shunday yotoqxona uchun 10,8 milliard so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorlarning bu taklifga qiziqishi kutilganidek bo‘lmagan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida yil oxirigacha 4400 o‘rinli 11 ta yotoqxonani qurib foydalanishga topshirish imkoni yo‘qligini tan olgan, ishlar kechikishini davlat xususiy sherikchilik asosida talabalarga turar joy qurish taklifiga tadbirkorlar qiziqmagani bilan izohlagandi.
“Prezidentimiz tomonidan subsidiyalar miqdori uch barobarga oshirilib, tadbirkorlarga mulkka egalik huquqining 22 foizi berilgach, may oyidan 8 tadbirkordan tashabbus bildirildi. Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar ham tanlab olinadi. Chunki u yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi kerak. Mana shu jarayonlar vaqtni biroz cho‘zdi. Shuning uchun bu yilda biroz kechikish bo‘ladi. Kelgusi yili buni yetkazib olamiz”, degan edi vazir o‘rinbosari.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xabariga ko‘ra, respublika miqyosida 30890 o‘rinli 60ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda shundan 16050 o‘rinli 30ta obektda qurilish ishlari ketmoqda.
Rejaga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston bo‘yicha davlat-xususiy sherikchiligi asosida 47 ta yotoqxona qurilishi kerak edi. Ammo iyulgacha atigi 2 ta universitetda yotoqxona qurilgan xolos.
Jurnalist Ziyoda Ramazonova joriy yilda qurilishi kerak bo‘lgan, ammo muddatida foydalanishga topshirilmagan talabalar turar joylari yil oxiriga qadar ham qurib bitkazilishiga ishonmasligini aytmoqda. U oliy ta’lim muassasalaridagi kvotalar soni oshirilayotgan vaqtda auditoriyalar, o‘qituvchilar bilan birga talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasini ham hisobga olishi kerakligini ta’kidladi.
“Bu muammo bugun yo kecha paydo bo‘lib qolmagan. O‘tgan yili ham shunday holat kuzatilgan. Kvotani oshirayotgan OTM o‘shancha talabani o‘qitishga tayyorligini bildiradi. Ya’ni bu kerakli miqdorda auditoriyalar va boshqa xonalar mavjud, shuncha miqdordagi talabani qabul qilishga tayyormiz deya qabul kvotasini oshiradi. Shu paytda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi ham inobatga olinishi kerak deb hisoblayman.
Umumiy vaziyatni aytadigan bo‘lsam, hozirga kelib ko‘pchilik juda yuqori narxlardagi ijara asosida kvartiralarga joylashib bo‘lishgan. Kursdoshlarim ikki xonali kvartirada 9 kishi bo‘lib turishibdi. Ular u yerda uzoq qolisholmaydi, uy egasi chiqarib yuboradi. Yil oxirigacha va’da qilingan yotoqxonalarga foydalanishga topshirilishiga ko‘zim yetmayapti”, deydi jurnalist.
Prezident Shavkat Mirziyoyev selektor yig‘ilishlarining birida Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda talabalar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanmaganini tanqid qilgan, bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinishini aytgandi. Shundan so‘ng ayni yo‘nalishdagi ishlarni lozim darajada bajara olmagan necha nafar rektor ishdan olingani bilan qiziqdik.
“Hamma xulosa chiqarib, ishlarni to‘g‘ri tashkil etishdi shundan keyin. Bu masala bo‘yicha hech kim ishdan bo‘shatilgani yo‘q”, deydi Laziz Mingishev.
Toshkent shahar hokimi yangi yotoqxonalar qurilishi yakunlangunga qadar muammoning yechimi sifatida Yangihayot tumanidagi “Tashkent Index” savdo majmuasini yashash uchun moslashtirish taklifi bilan chiqdi. Bu yerda 10 ming nafar talaba joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mulozimi Laziz Mingishev bizga bergan intervyusida bu boradagi ishlar qanday ketayotgani, majmuaga talabalar qachondan joylashtirila boshlanishi haqida ma’lumot berdi.
“Turar joyga talabgor talabalarga birma-bir yozib taklif qildik. Hamma joyda ushbu yotoqxonalarga kelib joylashishni targ‘ib qilyapmiz. Ammo kelib joylashaman deganlar soni to‘rt mingtaga endi yetyapti. Sharoitlar bor. Metrogacha avtobus yo‘lga qo‘yiladi. Yuvinish uchun sharoitlar ham qilingan, faqat tashqarida. Ichkarida ham sanuzellar bor, miqdori juda ko‘p emas, shuning uchun tashqarida ham sanuzellar tashkil etilgan.
Yuvinadigan, ovqatlanadigan joylar tashqarida. Ichkarida ma’naviyat xonalari, kompyuter xonalari, darsxonalar bor. Talabalar uchun zarur shkaf, stol-stul va boshqa mebellar keltirilgan. Ayni paytda 4 mingga yaqin talabgorning ro‘yxati bor. Shundan 897 ta talaba-qizning xonasini taxt qilib qo‘ydik. Dushanbadan barchani Toshkent-indeksdagi yotoqxonalarga joylashtirishni boshlaymiz”, deydi Laziz Mingishev.
Jurnalist Ziyoda Ramazonova talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasini sentabrgacha taqamaslik, buning uchun esa imtihonlarni avgustdan iyul oyiga ko‘chirishni taklif qilmoqda. Uning fikricha, yotoqxonaga muhtoj talabalarni onlayn ro‘yxatga olish, navbatlarni onlayn yuritish ham muammoning yechimi bo‘la oladi.
“Imtihonlarni iyul oyiga ko‘chirish kerak degan fikrga qo‘shilaman. Talabaning o‘qishga kirgani aniq bo‘ladi-ku, ya’ni mandat chiqqan kundan boshlab yotoqxonalarda qancha o‘rin borligi, kimlarga birinchi navbatda joy berilishi, qanday talabalar imtiyozga ega ekanini e’lon qilish kerak. O‘qishlarga onlayn hujjat qabul qilish tizimi joriy qilindi-ku, demak, yotoqxonalarga ham navbatga yozilishni ham onlayn qilish mumkin deb hisoblayman.
Talaba o‘qishga kelayotganda u yotoqxona bilan ta’minlanadimi yoki yo‘q, buni albatta bilishi kerak. Aks holda 5 sentabr kuni bo‘lganidek u universitetga o‘zining ko‘rpa-to‘shaklari, sumkalari bilan kelaveradi. O‘zi ovora bo‘lgani yetmaganiday ortidan kelgan ota-onasi, bobo-buvisi ham sarson bo‘ladi. Kelgusi yillari ham bu muammo takrorlanmasligi uchun universitetlar mas’ul xodimlarni jalb qilgan holda har bir talaba bilan bog‘lanib bo‘lsa ham uning oilaviy sharoitini o‘rganib, o‘qish boshlangunga qadar yotoqxonaga talabgorlar ro‘yxatini aniqlashtirib olishi kerak deb o‘ylayman”, deydi Ziyoda Ramazonova.
“Elektron tizimga ham tayyor edik. TTJ.UZ degan platformani beshta joy bilan kelishib, integratsiya qilib ishlashga tayyor holatga keltirib qo‘ygandik. Keyin o‘yladikki, platforma orqali yotoqxonalarga talabgorlarni ro‘yxatga oladigan bo‘lsak, haqiqiy muhtojlar qolib, muhtoj bo‘lmaganlar u yerga joylashib olishi mumkin ekan. Shuning uchun an’anaviy usulda komissiya orqali ishlarni boshlash kerak degan qarorga keldik.
Chunki qishloqdagi bola platformadan xabardor bo‘lolmay qolishi mumkin. Buning natijasida turar joyga chindan muhtoj bo‘lganlar chetda qolib ketishi ehtimoli hisobga olindi. Ko‘pchilik OTM yotoqxona bilan ta’minlash bo‘yicha arizalarni o‘zlarining platformalari orqali yig‘ib olishgan. Universitetlarga topshiriq berganmiz, bu borada tayyorgarlik o‘quv yilining ilk kunidan bir oy avval boshlangan. Bu jarayonda yotoqxonalar joriy ta’mirdan chiqarilgan va boshqa ishlar qilingan. 4 sentabrdan boshlab talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish boshlangan.
Talabalar shaharchasida 40 mingta talaba bor. Shundan 15 mingtasi TDTU, 25 mingtasi O‘zMUniki. Vahima faqat bir kun kuzatildi. 40 mingta talaba bir kunda kelsa bunday vaziyat bo‘lishi tayin. Qolaversa, muhtojlar bilan birga muhtoj bo‘lmaganlar ham yotoqxonaga joylashishga urindi, chunki bu yerda turish ijarada yashashga nisbatan arzon bo‘ladi. Bu ham navbatlar ko‘payishiga olib keldi. Talabalar shaharchasida maxsus yukxonalar tashkil qildik. Odamlar yuklarini u yoqdan bu yoqqa tashib yurmasin degandik. Biroq ota-onalar yuklarini u yerga qo‘yishga rozi bo‘lishmadi”, deydi Laziz Mingishev.
Ziyoda Ramazonova kimlarga yotoqxona berish-bermaslik shaxslarga bog‘liq bo‘lishi kerakmasligi, bu masala tizimli hal qilinishi zarur deb biladi.
“Bu masala shaxslarning aralashuvisiz bo‘lishi kerak, ya’ni kimdir chiqib bu talabaga yotoqxona berilsin, bunisiga berilmasin deyishi kerak emas. Kuzatyapmizki, oliy ta’lim vazirining o‘zlari yurib talabalarni turar joy bilan ta’minlashga harakat qilyapti. Toshkent shahar hokimi Toshkent indeksdan joy ajratib beryapti. Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev mahallama-mahalla yurib talabalarni ijara uylar bilan ta’minlab beryapti.
Birgina Sa’dullayevning o‘zi hamma mahallaga borib chiqolmaydi-ku. Yoki oliy ta’lim vazirining o‘zi ham. Agar tizim ishlaganda edi, ular ham o‘zining asosiy ishi bilan band bo‘lardi, talabalar ham hozirgacha sarson bo‘lib yurmasdi, quyosh hammaning yelkasiga birdek tegardi. Bu mavzuni o‘rganishni davom ettiryapmiz, yangi maqola tayyorlayapmiz. Talabalar bilan bog‘lanyapmiz. Kecha (suhbat 16 sentabr kuni yozib olingan) uy bozoriga borib ko‘rdik, hali ham talabalar turar joy qidirib yuribdi”, deydi Ziyoda Ramazonova.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
13:44 / 16.12.2024
Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi talabalar turar joyining 3-qavatidan tushib ketdi
20:25 / 23.08.2024
Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili 9 sentabrda boshlanadi
15:45 / 19.08.2024
Yangi o‘quv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani ma’lum qilindi
10:56 / 18.08.2024