Jahon | 22:19 / 19.09.2022
20828
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va “Tolibon” o‘zaro mahbus almashdi 

Toliblar 2020 yildan buyon garovda ushlab turilgan amerikalik muhandis Mark Freriksni ozodlikka chiqardi. Freriks 2005 yildan buyon AQShda umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan afg‘on qabilalaridan birining yetakchisi va toliblar ittifoqchisi Bashir Nurzayga almashtirildi.  

Mark Freriks va Bashir Nurzay / Foto: Getty Images

Almashuv Kobul aeroportida amalga oshirildi va bu haqda toliblar rahbariyati xabar qildi, deb yozadi BBC. AQSh hukumati yoki Freriksning oilasi bu haqda hozircha bayonot bermadi. Ammo muhandisni ozod qilish prezident Jo Baydenning saylovoldi va’dalaridan biri edi. 

"Bugun Kobul aeroportida Mark Freriks Amerikaga, Hoji Bashir esa bizga topshirildi", - dedi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy.

Ilgari harbiy dengizchi bo‘lgan Freriks 2020 yilda o‘g‘irlab ketilgandi. U bu vaqtda Kobulda quruvchi-muhandis sifatida ishlab kelayotganiga 10 yildan oshgandi.  

Toliblar qo‘lida amerikalikning garovda ushlab turilishi Vashington va toliblar hukumati bilan munosabat o‘rnatish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lib turgandi.  

"Boshlanishiga toliblar zudlik bilan Markni ozod qilishlari kerak. Keyin ularning qonuniylik borasidagi da’volarini ko‘rib chiqish haqida gapirish mumkin bo‘ladi", - degandi Bayden yanvarda. 

Afg‘oniston poytaxtida Bashir Nurzay qahramonlardek qarshi olindi: toliblar uni gulchambarlar bilan kutib oldi.  

"Mening va amerikalikning ozod qilinishi ikki mamlakatga tinchlik keltiradi", - dedi u.

Nurzay shaxsiga e’tiborning yuqoriligi uning “Tolibon” asoschisi Mulla Umarning ittifoqchisi va do‘sti bo‘lgani hamda 1900-yillarda toliblarning birinchi hukumatini moliyalashtirishda yordam bergani bilan izohlanadi.

Toliblar hukumati matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, Nurzay hech qanday rasmiy lavozimni egallamagan bo‘lsa-da, "toliblarga jumladan qurol bilan sezilarli yordam bergan".

Nurzay AQShda geroin kontrabandasida ayblanib 17 yil mahbuslikda saqlandi. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, u Qandahor viloyatida afyun ishlab chiqarish bo‘yicha yirik operatsiyaga rahbarlik qilgan.

U hibsga olingan 2005 yilda dunyoning asosiy narkodilerlaridan biri hisoblangan va Afg‘oniston giyohvandlik moddalari eksportining yarmidan ortig‘ini nazorat qilgan. 2008 yilda Nyu-York sudi uni AQShga 50 mln dollarlik geroin olib kirishga uringani uchun bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilgan. 

Mavzuga oid