Jahon | 09:43 / 19.09.2022
11656
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik milliarder Igor Kolomoyskiyning uyida tintuv o‘tkazildi

Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi tomonidan ukrainalik tadbirkor Igor Kolomoyskiyning uyida o‘tkazilgan tintuv «Ukrnafta» kompaniyasi 13 milliard grivna miqdoridagi mablag‘lari va mol-mulkini o‘zlashtirish ishi bilan bog‘liq, deb yozadi ZN.ua.

Igor Kolomoyskiy / Foto: AC

Ukrainalik tadbirkor Igor Kolomoyskiy uyi «Ukrnafta» neft-gaz kompaniyasining «2015 yilgi narxlarda» 13 milliard grivna (356 million yevro) miqdoridagi mablag‘lari va mol-mulkini egallab olish ishi bo‘yicha tintuvdan o‘tkazildi, deb yozadi yakshanba kuni, 18 sentabr kuni Ukrainaning ZN.ua internet nashri voqea guvohlari va Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (KKMB)dagi manbalarga tayanib. 

Qayd etilishicha, tintuv tadbirkorning yashash joyi – Bukovel tog‘-chang‘i kurortida o‘tkazilgan. Shu bilan birga, KKMB xodimlari Kolomoyskiydan hujjatlar va gadjetni musodara qilishdi. 

Bu ishda tadbirkorning maqomi hozircha aniq emas. ZN.ua xabariga ko‘ra, u ayblanuvchi emas va tegishli xabarnomani olmagan. Ayni paytda, bir necha kun oldin Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KIP) va KKMB vakillari Kolomoyskiyga tegishli bo‘lgan «Ukrnafta» kompaniyasi bir necha top-menejyerlari moliyaviy firibgarlikda gumon qilingani haqida xabar berishdi. 

Xususan, firibgarlikda gumon qilinganlar orasida kompaniya boshqaruvi sobiq raisi, «Ukrnafta» neft, gaz va neft-gaz mahsulotlarini sotish boshqarmasi boshlig‘i sobiq o‘rinbosari, beshta tijorat korxonasi (ulardan biri qo‘lga olingan) sobiq rahbarlari bor.

Holat yuzasidan «mansabdor shaxs tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishib, o‘ta yirik miqdorda o‘zganing mulkini tortib olish» moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Bu borada shubhalar 2019 yilda paydo bo‘lgan, biroq KIPning o‘sha paytdagi rahbari Nazar Xolodnitskiy ish ochishga ruxsat bermagan, deb ta’kidlaydi ZN.ua.

Igor Kolomoyskiy tadbirkorlar Gennadiy Bogolyubov va Igor Palitsa bilan birgalikda «Ukrnafta»ning 40 foiz ulushiga ega, 50 foiz plyus bitta aksiya «Naftogaz Ukraina» davlat milliy aksiyadorlik kompaniyasiga tegishli. 

Mavzuga oid