O‘zbekiston | 11:13 / 20.09.2022
7107
1 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda «Turonbank» ATBga qarashli bankomatga mas’ul bo‘lgan bank xodimi katta miqdordagi pullarni o‘zlashtirgani aytilmoqda

«Turonbank» ATB Jizzax filiali mutaxassisi filiallarga qarashli bankomatlardan 43 222 AQSh dollari va 149 million so‘mni yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 29 avgust kuni Jizzax shahar IIBga «Turonbank» ATB Jizzax filiali ariza bilan murojaat qilib, bank pullarini o‘zlashtirgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaatda ma’lum qilinishicha, «Turonbank» ATB Jizzax filiali bankomatlariga mas’ul sifatida biriktirilgan «Pul muomalasi va chakana xizmatlar» bo‘limi mutaxassisi filialga qarashli bankomatlardagi jami 43 222 AQSh dollari va 149 million so‘mni yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda «Xalq banki» Zomin filiali boshqaruvchisi uyi yonida shu filial bo‘lim boshlig‘ini pnevmatik quroldan otib yaralagan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid