Asirlar almashuvi: Ukraina «azovchilar»ni, Rossiya Medvedchukni oldi
Boshqa kelishuvga ko‘ra, besh ukrainalik qo‘mondon - «Azovstal» himoyachilari 55 nafar rossiyalik asirga almashtirilgan. Rossiya hozircha izoh bermadi.
215 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi, jumladan 124 zobit Rossiya asirligidan ozod etildi. Almashish jarayoni Chernihivska oblastida bo‘lib o‘tdi. 22 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining 200 nafar harbiy xizmatchisi rossiyaparast siyosatchi Viktor Medvedchuk evaziga qo‘yib yuborilgan. Yana bir kelishuv doirasida, besh ukrainalik qo‘mondon - «Azovstal» himoyachilari, Yermakka ko‘ra, Ukrainadan «hech qanday qizig‘i» bo‘lmagan 55 rossiyalik asirga almashtirildi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ruslar orasida ikkita katta (polkovnik va mayor) va olti nafar kichik zobit bo‘lgan. Rossiya tomoni hozircha asirlar almashinuviga rasman izoh bermadi.
Uyga qaytgan ukrainaliklar orasida Azov polkining taniqli komandirlari Denis Prokopenko va Svyatoslav Palamar, «Ptashka» chaqiruv belgisi bilan azovchi-shifokor Yekaterina Polishchuk va surati butun dunyoga tarqalgan ternopillik Mixail Dianovlar bor. Homilador vaqtida qo‘lga olingan ukrainalik harbiy shifokor Maryana Mamontova va Mariupol patrul politsiyasi boshlig‘i Mixail Vershinin ham uylariga qaytdi, deb xabar bermoqda Pravda Gerashchenko Telegram-kanali.
Ukrainaning «Muxolifat platformasi – hayot uchun» partiyasining rossiyaparast yetakchisi Viktor Medvedchuk ommaviy axborot vositalarida «Vladimir Putinning og‘aynisi» (Putin uning qizining cho‘qintirgan otasi hisoblanadi) sifatida ham tanilgan. Ozodlikka chiqishidan oldin u Ukrainada vatanga xiyonatda ayblanib hibsda edi. Bundan tashqari, 2021 yilda unga «milliy resurslarni talon-toroj qilishga urinish» ayblovi qo‘yilgan.
May oyining oxirida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Medvedchukni azovchi harbiy xizmatchilarga almashtirish deyarli mumkin emasligini aytdi. «Medvedchuk Ukraina fuqarosi, uning Rossiyaga hech qanday aloqasi yo‘q. U harbiy emas. "Azovstal"da taslim bo‘lgan odamlarga kelsak, gap harbiylar va millatchi tuzilmalar a’zolari haqida ketyapti. Shuning uchun bular mutlaqo boshqa toifadagi odamlar va bu yerda qandaydir almashuv haqida gapirish qiyin», dedi Peskov.
«Insider UA» Telegram-kanalining xabar berishicha, asirlikdan ozod etilgan «Azov» polkining besh nafar qo‘mondoni Ukrainadagi jangovar harakatlar tugaguniga qadar Turkiyada uning prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an himoyasida bo‘ladi.
O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Nyu-Yorkda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi asirlar almashinuvi Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putinning Turkiya vositachiligidagi muzokaralari natijasi bo‘lganini va urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Anqara Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlikka erishish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda, deb xabar berdi Anadolu agentligi.
Avvalroq «DXR» deb ataluvchi hududdan rossiyaparast ayirmachilar besh nafar Britaniya fuqarosi, ikki nafar AQSh fuqarosi, shuningdek, Ukraina tomonida jang qilgan Marokash, Shvetsiya va Xorvatiya fuqarolarini ozod qilgan edi. Ulardan uch nafari – britaniyalik Shon Pinner, Eyden Aslin va marokashlik Saadoun Brahim o‘lim jazosiga hukm qilingan. Asirga olingan xorijliklarni ozod qilish Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon vositachiligida amalga oshirildi. Pinner, Aslin va Brahimning videosi Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi tomonidan Twitter'da joylashtirildi, u yerda ozod etilgan odamlar Rossiyadan olib ketilgani ko‘rinadi.
Shu bilan birga, AQSh Ukraina prezidenti va hukumatiga Amerika fuqarolari Aleksandr Dryuke va Endi Xyunni asirlar almashinuvi ro‘yxatiga kiritgani uchun, valiahd shahzoda va Saudiya Arabistoni hukumatiga esa bu almashinuvga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan Twitter'da «Fuqarolarimiz o‘z oilalari bag‘riga kelishini intiqlik bilan kutamiz» deb yozdi.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024