Jahon | 10:57 / 22.09.2022
23199
4 daqiqa o‘qiladi

«DXR»da o‘limga hukm qilingan yollanma jangchilar asirlikdan ozod qilindi

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» hukumati Ukraina uchun janglar davomida asir tushgan 10 nafar xorijlik yollanma jangchilarni, jumladan besh nafar britaniyalikni qo‘yib yubordi. Bunga Saudiya Arabistoni tomoni vositachiligida erishilgan; ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi yirik asirlar almashinuvi jarayonining bir qismi bo‘lgan.

SPA / AFP / Scanpix / LETA

Besh mamlakat fuqarolari bo‘lgan o‘n nafar ko‘ngilli ozod qilingani haqida chorshanba kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi e’lon qildi, gap Marokash, AQSh, Britaniya, Shvetsiya va Xorvatiya fuqarolari haqida ketayotgani aytildi, ammo xabarda ularning shaxsiga aniqlik kiritilmadi.

Vazirlik bayonotida xorijlik ko‘ngillilar valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon vositachiligida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy asirlar almashinuvi doirasida amalga oshirilgani ma’lum qilingan.

Keyinroq, Ukraina rahbariyati ukrainalik harbiy asirlarning katta guruhi ozod qilingani, ular orasida «Azovstal» mudofaasida ishtirok etgan qo‘mondonlar ham borligini e’lon qilganida kimlar kimlarga almashtirilgani ayon bo‘ldi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakning bayonotlaridan ma’lum bo‘lishicha, xorijlik yollanma jangchilar 55 nafar rossiyalik harbiy asir va Putinning yaqin odami Viktor Medvedchukka almashtirilgan. Bu kelishuv doirasida yana 200 nafar ukrainalik harbiy va «Azovstal»ni mudofaa qilgan «Azov» polkining besh nafar qo‘mondoni ham asirlikdan qaytgan.

Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Robert Jyenrik ozod qilingan britaniyaliklardan birining shaxsini oshkor qildi - Eyden Aslin.

«Men o‘zimning saylov okrugimda istiqomat qilgan Eyden Aslin va Rossiya hukumati tutib turgan boshqa britaniyalik harbiy asirlar nihoyat ozodlikka chiqqani va Britaniyaga qaytayotganidan mamnunman» deb yozdi vazir.

Qolganlarning nomlari rasman e’lon qilinmagan, ammo «DXR»da bu asirlarning sud jarayoni sahnalashtirilganidan kelib chiqib, BBC va boshqa nashrlar katta ehtimol bilan gap Shon Pinner, Jon Harding, Endryu Hill va Dilan Hili haqida ketayotganini yozmoqda.

Iyun oyida Eyden Aslin va Shon Pinner bilan birgalikda marokashlik Saadun Ibrohim o‘limga hukm qilingandi. Marokashlik asir ham ayni vaqtda Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, Xorvatiya fuqarosi Vekoslav Prebeg va shvetsiyalik ko‘ngilli Matias Gustavsson asirga tushgani haqida xabar qilingandi. Shuningdek, OAVga Ukraina uchun janglar vaqtida asir tushgan ikki amerikalik nomi ham ma’lum - Aleksandr Dryuke va Endi Hyun.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli britaniyaliklar ozod etilgani munosabati bilan bayonot bergan, ammo u ham ularning ismlarini oshkor qilmagan. O‘z bayonotida Kleverli saudiyaliklardan farqli ravishda bu jarayonda boshqa shaxslar ham muhim o‘rin tutganini aytib o‘tgan.

«Prezident Zelenskiy va uning jamoasiga asirlarni ozod etishdagi ishtiroki uchun, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon va uning jamoasiga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildiraman», degan britaniyalik vazir.

Kleverli britaniyalik ko‘ngilli Pol Yuri iyul oyida asirlikda vafot etganini afsus bilan eslab o‘tgan.

Mavzuga oid