O‘zbekiston | 15:33 / 23.09.2022
31965
3 daqiqa o‘qiladi

«Millionlab rossiyaliklar pasportlarini jon deb O‘zbekiston pasportiga almashtirgan bo‘lar edi» - Zafar Hoshimov

Foto: Kun.uz

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi Kirill Kabanovning Markaziy Osiyoda tug‘ilgan Rossiya fuqarolarini majburiy harbiy xizmatga jalb etish, bosh tortganlarni fuqarolikdan mahrum etish borasida taklif tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi chiqishiga munosabat bildirdi.

«Rossiyada To‘ng‘izov (tarjima meniki — Z.H.) degan amaldor so‘nggi o‘n yilda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelib, Rossiyada pasport olgan fuqarolarning barchasini urushga safarbar qilish, magar ular qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, nafaqat o‘zlari, balki oila a’zolari bilan birga hammasini yana Rossiya fuqaroligidan chiqarib yuborish to‘g‘risida hujjat tayyorlanayotgani haqida xabar beribdi.

Yana nima emish, bu chora O‘rta Osiyo mamlakatlari, ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari o‘z fuqarolarini urushda qatnashmaslik haqida ogohlantirgani, hamda urushga yollanish bu mamlakatlar qonunlariga muvofiq jinoyat hisoblanishi haqida eslatganlariga javoban tatbiq qilinadigan chora bo‘lar ekan.

Bundan chiqib keladigan quyidagi xulosalar:

- Rossiyaning bu kabi amaldorlari bizning mustaqilligimiz, qonunlarimiz va mamlakatimizning o‘z fuqarolarini muhofaza qilish huquqini mensimasligini anglatadi;

- Ular urushga birinchilar qatorida ayni boshqa millat, ya’ni Rossiyaning ichida yashovchi o‘zga millat vakillarini safarbar qilishga urinishlari;

- Garchi o‘n yillab u yerda yashab, ishlashsa-da, u yerda uy-joy qilib, oila, bola-chaqalari bilan fuqarolik olishga erishsalar-da, Rossiyada bu vatandoshlarimiz baribir ikkinchi tabaqali fuqaro, ya’ni ayni huquqsiz fuqaro bo‘lib qolaverishini, ulardan va oila a’zolaridan qiyin erishilgan bu fuqarolik osongina qayta olib qo‘yilishi mumkinligini anglatadi;

- Vatandoshlarimizning inson huquqlari, qolaversa, hattoki hayoti ham bu kabi kimsalar uchun mutlaqo qadrsizligini anglatadi.

Lekin, bu masalaning boshqa bir tarafi ham bor, u ham bo‘lsa, bugungi kunda o‘sha minnat qilinayotgan Rossiya pasportining deyarli qadri qolmayapti. Ruslarning o‘zi vatanidan qochish harakatida-ku?!

Rossiya pasporti bilan juda ko‘p mamlakatlar o‘z hududiga mutlaqo kirgizmaydi, viza bermaydi, ishga olmaydi, bankda hisob va plastik karta ochmaydi.

Shu hammasi yetmaganday, tag‘in urushga olib ketib qolish xavfi doim bor.

Aminmanki, millionlab Rossiya fuqarolari hozirda jon deb, o‘z pasportlarini O‘zbekiston pasportiga almashtirgan bo‘lar edilar», deb yozadi Zafar Hoshimov.

Mavzuga oid