Peterburgda faollar va jurnalistlarda tintuvlar o‘tkazilmoqda
Sota jurnalisti Viktoriya Arefeva «Sankt-Peterburg shahar sudiga mina qo‘yilgani haqidagi yolg‘on» ishi bo‘yicha 48 soatga ushlandi.
Sankt-Peterburgda faollar, shuningdek, Sota jurnalisti Viktoriya Arefevaning uyida tintuvlar o‘tkazildi. Xavfsizlik kuchlari Arefevaning kvartirasi eshigini buzib, jurnalist va uning singlisining texnikalarini olib qo‘ydi hamda uni Sankt-Peterburg shahar sudi minalab qo‘yilgani haqidagi yolg‘on xabarda gumon qilib, 48 soatga qo‘lga oldi, deb yozadi 24 sentabr, shanba kuni Sota.
Bundan tashqari, «Vesna» demokratik harakati ishi bo‘yicha ayblanuvchilar Yevgeniy Zateyev va Valentin Xorosheninning uylarida tintuv o‘tkazildi, ularga nisbatan «ayrim harakatlarni taqiqlash» joriy etildi. Xavfsizlik kuchlari faol Pallada Bashurovaning ham uyiga keldi, unga nisbatan «telefon terrorizmi» bo‘yicha ikki ish qo‘zg‘atilgan, deb xabar beradi «OVD-Info». Inson huquqlari kengashi a’zosi Yevgeniya Litvinova ham «telefon terrorizmi» ishi bo‘yicha qo‘lga olingan.
Sota ma’lumotlariga ko‘ra, tintuvlar 24 sentabrga belgilangan «qisman safarbarlikka» qarshi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq, shu tariqa huquq-tartibot idoralari ularning yoritilishiga to‘sqinlik qilmoqchi. «Vesna» yoshlar demokratik harakati Rossiya prezidenti Vladimir Putin bayonot bergan kungi birinchi to‘lqindan keyin rossiyaliklarni yangi norozilik namoyishlariga chaqirdi. «Mamlakat bo‘ylab qabrlashtirish faol davom etmoqda. Tez orada minglab yigitlarimiz frontga ketishi mumkin. Biz qarshilik ko‘rsatishimiz mumkin va kerak», deyiladi 22 sentabr kuni e’lon qilingan bayonotda.
«OVD-Info» inson huquqlari portaliga ko‘ra, 21 sentabr kuni politsiya Rossiyaning 39 shahrida 1300 dan ortiq odamni qo‘lga olgan. Qo‘lga olishlarning aksariyati Moskva va Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan, ba’zi politsiya bo‘limlarida ushlanganlarga o‘sha yerning o‘zidayoq harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi topshirilgan.
Mavzuga oid
07:47 / 23.08.2024
Peterburgda murakkab vaziyatda qolgan o‘zbekistonliklarga moddiy yordam ko‘rsatildi
13:50 / 11.03.2024
Peterburg yaqinida dron urib tushirildi va kuchli yong‘in chiqdi
14:45 / 24.01.2024
Peterburg portida bojxona bir tonnadan ortiq kokainni musodara qildi
08:34 / 03.06.2023