Jahon | 19:53 / 25.09.2022
14268
2 daqiqa o‘qiladi

«Bolalarimiz yashashiga qo‘yib bering!» Yoqutistonda ayollar safarbarlikka qarshi namoyishga chiqdi

Ular politsiyachilarni o‘rab olib, milliy raqs ijro etishdi.

Yoqutistonda asosan ayollardan iborat bo‘lgan 400 nafarga yaqin kishi Ordjonikidze maydonida safarbarlikka qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazishdi. Bu haqda SakhaDay xabar bermoqda.

Aksiya yoqutlarning an’anaviy aylana osuoxay raqsi ko‘rinishida o‘tkazildi. Yosh qizlar birinchi bo‘lib qo‘l ushlashdi, ularni yoshi katta ayollar qo‘llab-quvvatladi, shundan so‘ng boshqa namoyishchilar asta-sekin davraga qo‘shila boshladi. «Urushga yo‘q!», «Genotsidga yo‘q!», «Chiqib ket!» shiorlari yangradi.

Avvaliga politsiya namoyishchilarni tarqalishga undagan, keyin chetga chiqib, ayollarga raqsni davom ettirish ruxsat bergan. Ammo birozdan so‘ng politsiya aylana raqs markazida paydo bo‘lgan. SakhaDay tomonidan e’lon qilingan videoda ayollarning «Farzandlarimizning yashashiga qo‘yib bering!» degan chaqiriqlar eshitiladi.

Ma’lum vaqt o‘tgach, namoyishchilarni hibsga olish boshlangan, namoyishchilar ularni «Sharmandalik!» deb hayqirib qarshi olishgan. Qancha odam hibsga olingani noma’lum.

Yoqutiston Jamoatchilik palatasi rahbari Anjyelika Andreyeva aksiya chog‘ida shunday bayonot berdi: «Yoqutistonning markaziy maydonida osuoxay raqsi bo‘lib o‘tmoqda – onalar turmush o‘rtoqlari va o‘g‘illarining tirik qaytishi uchun duo qilmoqda».

Safarbarlikka qarshi namoyishlar 21 sentabr kuniyoq boshlandi. O‘sha kuni Rossiya shaharlarida 1300 dan ortiq kishi qo‘lga olingan. 24 sentabr kuni o‘tkazilgan norozilik aksiyalarida esa, «OVD-Info»ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 800 dan ortiq kishi qo‘lga olindi.

Mavzuga oid