Jahon | 21:03 / 27.09.2022
36098
6 daqiqa o‘qiladi

Diversiya yoki avariya? «Shimoliy oqim» quvurining birdaniga uchta joyidan gaz sizib chiqmoqda

Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazib beriladigan «Shimoliy oqim» quvurining har ikki tarmog‘ida birdaniga uchta joydan gaz sizib chiqmoqda. Yevropa mamlakatlari hukumatlari Kremlning YeIga qarshi energetika urushida asosiy qurolga aylangan, ishlamayotgan, lekin gaz bilan to‘la suvosti quvurlarida diversiya amalga oshirilganini gumon qilmoqda.

Foto: DANISH DEFENCE COMMAND

Avariya Yevropada 1 oktyabrda boshlanadigan isitish mavsumi va Polshadan Norvegiyaga muqobil suvosti gaz quvuri ochilishi arafasida yuz berdi. Shu bilan bir vaqtda Norvegiya hukumati dengizdagi neft-gaz qazib olish platformalarida diversiyalar sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Shimoliy oqim»ning Bornholm oroli atrofidagi ikkita tarmog‘idan gaz sizib chiqayotgani haqida dushanba kuni kechqurun Daniya va Shvetsiya hukumatlari xabar berdi. Suvosti gaz quvurlari kamdan kam holatlarda ishdan chiqishi sababli ikkita yangi quvurda birdaniga va bir vaqtning o‘zida uchta joyda avariya yuz berishi Yevropa mamlakatlari hukumatlarida avvaliga shubha, keyin esa bu tasodif emasligiga ishonch keltirib chiqardi. 

«Bugun biz diversiyaga duch keldik. Tafsilotlar hozircha aniq emas, lekin diversiya bo‘lgani aniq, bu ehtimol Ukrainadagi urush avj olishida yangi qadam bo‘lishi mumkin», dedi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen shu ruhda, lekin ehtiyotkorlik bilan so‘z yuritdi.

«Vaziyat juda ham g‘ayrioddiy. Bir-biridan uncha uzoq bo‘lmagan uchta joyda sizib chiqish yuz berdi. Bu tasodif ekanligini tasavvur qilish qiyin», dedi u.

Shvetsiya va Daniya seysmologlari dushanba kuni «Shimoliy oqim»dan gaz sizib chiqa boshlagan hududlarda kuchli portlashlar sodir bo‘lganini qayd etgan, deb xabar berdi Shvetsiyaning SVT televideniyesi.

Neft minoralari uzra dronlar

Rossiya Yevropaga gaz yetkazishni o‘tgan yil yozidan qisqartirgan, fevralda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin esa Kreml ochiq gaz urushiga o‘tgandi. Sentyabrda «Gazprom» «Shimoliy oqim-1»ni o‘chirdi va gaz yetkazish tarixiy minimumgacha tushib ketdi. Yevropa Rossiyani energetik qamalda ayblamoqda, Vladimir Putin esa sanksiyalar kiritgani va «Shimoliy oqim-2»ga sertifikat bermagani uchun bunga Yevropaning o‘zi aybdor deb javob qaytarmoqda.

Yevropa Rossiyadan gaz yetkazilishi kamayishini AQSh va Qatardan suyultirilgan tabiiy gaz sotib olish evaziga qisman qopladi, quvur orqali esa Rossiyani siqib chiqarib, ilk bor Yevroittifoqqa eng ko‘p gaz yetkazib beruvchiga aylangan Norvegiyadan olmoqda.

Foto: AFP

Norvegiya gaz va neftni shelfdan qazib oladi. «Shimoliy oqim»da sirli avariya sodir bo‘lgan kuni Norvegiyaning neft-gaz sohasidagi xavfsizlikka javob beruvchi PSA tashkiloti dengizdagi platformalar ustida noma’lum uchar jismlar payqalganini bildirgan.

«PSA barcha platformalar egalari va kemalar operatorlarini Norvegiya shelfi hududida hushyor bo‘lishga chaqiradi. Noma’lum dronlar/uchar qurilmalar yuqori darajada xavf solmoqda», deb ogohlantirgan PSA.

Gaz urushi

«Shimoliy oqim»ning shikastlangan quvurlaridan gaz yana bir necha kun sizib chiqadi, deb ma’lum qildi Daniya hukumati. Dengiz yuzasidagi pufaklar diametri 100 metrga yaqin maydonni egallagan. Hukumat avariya yuz bergan joy atrofidan besh milya masofadagi hududni kemalar uchun yopdi.

Bu Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib berish hajmiga ta’sir qilmaydi, chunki Rossiya «Shimoliy oqim-1»ni sentabrdayoq o‘chirgan, «Shimoliy oqim-2»ni ishga tushirishga esa Germaniya ruxsat bermagan.

Biroq endilikda Yevropa urushga qadar nafaqat eng asosiy gaz yetkazib beruvchi manba bo‘lgan quvurdan, balki Rossiya gazi yetkazilishiga bo‘lgan umidni ham yo‘qotdi.

YeI so‘nggi yarim asrdagi eng keng ko‘lamdagi energetika inqirozini boshdan kechirmoqda. Inqiroz Yevropaga yarim trillion yevrodan ortiqroqqa tushdi, qish esa hali boshlangani yo‘q, isitish mavsumi oldinda.

May oyida Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazish uch yil avvalgi sutkasiga 250 mln kub metrdan ikki baravarga kamaydi. Hozirda esa bu ko‘rsatkich 80 mln kub metrdan oshmayapti.

Rossiya bu kamayishni texnik sabablar va sanksiyalar bilan izohlamoqda. «Gazprom» sanksiyalar gaz kompressor stansiyalari turbinalarining rejali ta’mirlanishiga xalal berayotgani, shu bois gaz yetkazish qisqarayotganini aytmoqda. Valuta sanksiyalari esa prezident Vladimir Putinni yevropaliklarni gaz uchun Rossiya banki orqali va rublda to‘lashga majbur qilishga undadi. Bunga rozi bo‘lmaganlar uchun gaz yetkazish to‘xtatildi. 

Seshanba kuni Kreml suvosti quvurlaridagi avariyani «mutlaqo misli ko‘rilmagan vaziyat» deb atadi.

«Hozirda hech bir variantni istisno qilib bo‘lmaydi. Darhaqiqat, gap quvurlardagi shikastlanishlar haqida bormoqda, ammo qanday tusdaligi hozircha noma’lum. Biz bu xabarlardan judayam xavotirdamiz», deya matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Rossiya agentliklari.

Mavzuga oid