Italiya bosh vazirligiga asosiy nomzod Jorja Meloni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi
Italiya bosh vaziri lavozimiga asosiy favorit Jorja Meloni Zelenskiyni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.
Italiyadagi navbatdan tashqari parlament saylovlarida g‘alaba qozongan «Italiya birodarlari» partiyasi yetakchisi Jorja Meloni Ukrainani «Ukraina xalqining erkinligi yo‘lini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligiga» ishontirdi. Bu haqda u 28 sentabr, seshanba kuni Twitter-akkauntida yozdi.
«Hurmatli prezident Zelenskiy, siz Ukraina xalqi ozodligi yo‘lida bizning sodiq qo‘llab-quvvatlashimizga ishonishingiz mumkinligini bilasiz. Kuchli bo‘ling va bukilmas ishonchni saqlang», - deya javob berdi Meloni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tabrigiga.
«Jorja Meloni va uning partiyasini saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Biz Italiyaning Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini qadrlaymiz. Italiyaning yangi hukumati bilan samarali hamkorlikni kutamiz», deb yozdi Zelenskiy.
Italiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari natijalariga ko‘ra o‘ng kuchlar koalitsiyasi g‘alaba qozondi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Meloni boshchiligidagi «Italiya birodarlari» partiyasi 26 foizdan ko‘proq, boshqa koalitsiyadagi partiyalar esa taxminan 18 foiz ovoz to‘plagan. Demokratik partiya 20 foizdan kam, «Besh yulduz» harakati esa 15 foizga yaqin ovoz oldi.
Saylovdan so‘ng Meloni mamlakat bosh vaziri lavozimiga asosiy favorit hisoblanadi, chunki uning partiyasi koalitsiya bo‘yicha kelishuvga erishgan o‘ng kuchlar orasida eng ko‘p ovoz to‘pladi.
Saylov kampaniyasi davomida u Italiyaning Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosatini o‘zgartirishni rejalashtirmaganligini bir necha bor ta’kidladi, deb eslaydi dpa agentligi. O‘ng qanot koalitsiyaning yana ikki yetakchisi, sobiq ichki ishlar vaziri Matteo Salvini va Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni Kreml bilan yaqin aloqada bo‘lganlikda bir necha bor ayblangan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Salvini Rossiya prezidenti Vladimir Putinga munosabati o‘zgarganini e’lon qildi. «Urush tufayli Putin haqidagi fikrim o‘zgardi. Chunki odam bombardimon qila boshlasa, tanklar yuborsa, chet davlatga bostirib kirsa, bu butunlay boshqa narsa», - dedi Salvini saylovdan bir hafta oldin Bloomberg agentligiga bergan intervyusida.
Berluskoni ham saylovlardan bir necha kun oldin «Ukrainaga qarshi tajovuz asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan, «Olg‘a, Italiya» partiyasining pozitsiyasi aniq. Biz har doim Yevropa ittifoqi va NATO bilan birga bo‘lamiz» dedi.
Mavzuga oid
13:51 / 24.12.2024
Italiyaning eng yirik banki RFdan yevroda to‘lovlar qabul qilishni to‘xtatadi
15:01 / 23.12.2024
Meloni: RF migratsiyadan YeIga putur yetkazish uchun foydalanishi mumkin
13:48 / 19.12.2024
«Gazprom» Italiyaga birinchi marta STG yetkazib berdi
13:14 / 05.12.2024