Iqtisodiyot | 20:48 / 30.09.2022
47479
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston avgustda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar uchligiga kirdi

Markaziy bank jahon bozorida narxi arzonlashgan oltinni faol ravishda sotib olmoqda. O‘tgan oyda O‘zbekiston o‘zining oltin zaxiralarini 9 tonnaga oshirib, yirik oltin xaridorlari ro‘yxatida Turkiyadan keyin 2-o‘rinni egalladi.

Foto: Akio Kon / Bloomberg

O‘zbekiston avvalgi ikki oyda bo‘lgani singari avgust oyida ham oltin zaxiralarini 9 tonnaga oshirdi, deya xabar bermoqda World Gold Counsil.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston yilning birinchi choragida deyarli 25 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yil boshidan beri bu qimmatbaho metallni sotganidan ko‘ra 19 tonna ko‘proq sotib olgan.

“Shu bilan mamlakatning oltin zaxiralari 381 tonnadan oshdi – umumiy zaxiraning 59 foizi”, – deyiladi tashkilot hisobotida.

Avgust oyidagi faollik bilan O‘zbekiston yirik oltin xaridorlari ro‘yxatida 2-o‘rinni egalladi.

Eng yirik oltin xaridori Turkiya oy davomida yana 9 tonna oltin sotib olib, bu yil davomidagi jami oltin xaridlarini 84 tonnagacha oshirdi va rasmiy oltin zaxiralarini 478 tonnaga yetkazdi.

O‘zbekistondan keyingi yirik oltin xaridori Qozog‘iston esa iyul oyida 11 tonnalik pasayishdan so‘ng, avgust oyida oltin zaxiralarini 2 tonnaga oshirdi. Ostonaning umumiy oltin zaxirasi hozir 375 tonnani tashkil etadi.

WGC markaziy banklar tomonidan sof oltin sotib olish avgust oyida 20 tonnaga tushganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oltin narxining arzonlashishi ortidan O‘zbekiston Markaziy banki mart oyidan beri bu qimmatbaho metallni eksport qilmayapti.

2022 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,08 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu – yil boshidagi ko‘rsatkichdan 1 mlrd dollarga kam. Zaxira aktivlarida oltin miqdori 9 tonnadan ziyodroqqa oshishiga qaramay, oltin narxlari tushgani sabab uning qiymati pasaygan. 

Mavzuga oid