Jahon | 21:45 / 02.10.2022
40774
18 daqiqa o‘qiladi

«G‘arb 90-yillardagi xatosini takrorlamasligi kerak» - Navalniy Putindan keyingi Rossiya haqida

Navalniyning fikricha, Rossiyada o‘z-o‘zidan tiklanuvchi imperial avtoritarizmni faqatgina parlament respublikasi to‘xtatadi.

Washington Post staff illustration; photo by AFP via Getty Images

Rossiyalik muxolifat yetakchisi, «Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi» asoschisi Aleksiy Navalniy 2022 yilning 22 mart kuni Moskva sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning qamalishi prezident Putinga qarshi harakat olib borgani bilan bog‘lanadi. Hozirda qamoqda bo‘lgan Navalniy Putindan keyingi Rossiya qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan. Ushbu maqola The Washington Post nashrida bosilgan va unga Navalniy jamoasi tomonidan taqdim etilgan.

Putinning Ukrainaga qarshi ochgan jinoiy urushi Kreml xayolotida va haqiqatda qanday yakun topadi?

Agar G‘arb rahbarlari nutqlarning asosiy qismini ajratib oladigan bo‘lsak, ularning urush borasidagi asosiy maqsadi quyidagicha — Rossiya (Putin) bu urushda g‘alaba qozonmasligi kerak. Ukraina o‘zini himoya qila oladigan mustaqil demokratik davlat bo‘lib qolishi lozim.

Bu to‘g‘ri, ammo bu taktika. Strategiya esa Rossiya hukumati tabiiy ravishda, hech qanday bosimlarsiz urush boshlashni xohlamasligi va undan foyda topmasligiga yo‘naltirilishi kerak. Shubhasiz, buning imkoni bor. Hozirda agressiv kayfiyat rus jamiyatning ozchilik qismida mavjud.

Va, mening fikrimcha, G‘arbning hozirgi taktikasining asosiy muammosi umumiy maqsadlar noaniqligida emas, balki ular bir savolni e’tiborsiz qoldirayotganida: ushbu taktikada e’lon qilingan maqsadlar amalga oshganidan keyin Rossiya qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi? Va agar ushbu taktika muvaffaqiyatga erishsa ham dunyo Rossiya timsolida alamzadalik va imperialistik g‘oyalar bilan to‘lgan, sanksiyalar ostida qolgan yirik iqtisodiyot va yadroviy qurolga ega, doimiy safarbarlik sharoitidagi, jazosiz qolishi kafolatlangan har qanday hajmdagi avantyura (bosqinchilik) va xalqaro provokatsiyalarni amalga oshiruvchi yanada agressiv rejimli davlatga ega bo‘lishi deyarli aniq emasmi?

Hatto alamli harbiy mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ham Putin baribir Ukrainadan emas, balki Rossiyani yo‘q qilishni maqsad qilgan «kollektiv G‘arb va NATO»dan mag‘lub bo‘lganini e’lon qilishini oldindan taxmin qilish qiyin emas.

Putin 2020 yil Qizil maydonda G‘alaba kuni munosabati bilan nutq so‘zlamoqda. (Ramil Sitdikov/Host Photo Agency via Getty Images) 

Va keyin esa u o‘zining barcha sevimli milliy ramzlari yordamida postmodern muhiti shakllantiradi — ikonalardan tortib, qizil bayroqlargacha, Dostoyevskiydan baletlarga qadar, G‘arbni bu ishi uchun jazolash va halok bo‘lgan buyuk ajdodlar qasosini olish uchun qudratli armiya va misli ko‘rilmagan kuchga ega qurollar yaratish kerakligi haqida targ‘ibot olib boriladi.

Shundan so‘ng yangi sikl paydo bo‘ladi: bir necha yillik gibrid urushlar va haqiqiy urushga olib keluvchi provokatsiyalar.

Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa «urushdan keyingi Rossiya» ssenariysi bu urushda tinchlikka intilayotganlar strategiyasining nafaqat bir qismi, balki asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Muammolar manbasini qanday to‘xtatish rejasi bo‘lmas ekan, uzoq muddatli tinchlik maqsadlariga erishib bo‘lmaydi. Rossiya agressiya va beqarorlik manbayi bo‘lishdan to‘xtashi lozim. Ehtimol, aynan shu vazifaning bajarilishi ushbu urushdagi strategik g‘alaba deb hisoblanishi kerak.

Ammo oldin Rossiya bilan yuz berayotgan bir qancha narsalarni tushunish lozim.

1. Ukraina va uning erishishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatlariga hasad qilish — bu Rossiyadagi possovet hokimiyatining tug‘ma xususiyati bo‘lib, Rossiyaning birinchi prezidenti Yelsinga ham xos edi. Ammo Putin hukmronligi boshlanishida, ayniqsa 2004 yilgi «zarg‘aldoq inqilob»dan so‘ng Ukrainaning yevropacha saylovlaridan nafrat, uni failed-state (o‘zining mavjudligi va hududiy yaxlitligini ta’minlay olmaydigan mamlakat) davlatga aylantirish istagi nafaqat Putin, balki uning davridagi barcha rus siyosatchilarning umumiy maqsadiga aylandi.

2004 yil dekabrda, «Zarg‘aldoq inqilob»ning 11-kunida prezidentlikka nomzod Viktor Yushchenko tarafdorlari Kiyev markazida. (Sergei Supinsky/AFP via Getty Images)

Ukraina ustidan nazorat — amaldorlardan tortib to oddiy odamlargacha, imperatorlik qarashlariga ega barcha ruslarning e’tiqodidagi eng muhim simvoldir. Ularning xayolotida Ukrainani bo‘ysundirgan Rossiyada «SSSR va imperiya qayta tiklanadi». Ukrainasiz esa — Rossiya shunchaki dunyo hukmronligiga ega bo‘lish imkoniyati bo‘lmagan davlat. Ularning fikricha, Ukraina tomonidan qo‘lga kiritilgan barcha narsa Rossiyadan olingan.

2. Urushga falokat emas, balki barcha muammolarni hal qiladigan ajoyib yechim sifatida qarash shunchaki Putin elitasining falsafasi emas, balki hayot va evolyutsiya tomonidan tasdiqlangan amaliyotdir.

Ikkinchi Chechen urushi orqali boshlangan urushlar (Gruziya bilan to‘qnashuvlar, Qrimning annexia qilinishi, Donbass va Suriyadagi urushlar) uncha taniqli bo‘lmagan Putinni mamlakatning eng mashhur siyosatchisiga aylantirdi. Putinning 22 yillik erasi davrida rus elitasi hech qachon pand bermaydigan qoidalarni o‘rganib oldi: urush unchalik qimmat emas, u har qanday ichki siyosiy muammolarni hal qiladi, reytingni ko‘taradi, iqtisodga katta zarar yetkazmaydi va asosiysi — g‘oliblar so‘roq qilinmaydi.

Baribir, doimiy o‘zgarib turuvchi G‘arb yetakchilaridan biri muzokaralar olib borish uchun yonimizga keladi. Ularni qanday maqsadlar yetaklab kelishi — mamlakatidagi saylovchilar xohish-irodasi yoki Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti olish istagi — ahamiyatsiz. Agar siz kerakli qat’iyat va qarshilik ko‘rsatsangiz G‘arb murosaga kelishga majbur bo‘ladi.

Vladimir Putin 2000 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida rahbarlik qilmoqda. (Pool/AFP via Getty Images) (-/POOL/AFP via Getty Images)

Shuni unutmangki, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa G‘arb davlatlari siyosatida u yoki bu urushni qo‘llab-quvvatlagani sabab saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan va mavqeyini yo‘qotganlar ko‘p. Rossiyada esa bunday odamlar yo‘q: bu yerda urush har doim foyda va muvaffaqiyat olib keladi.

3. Shuning uchun Putin o‘rniga keluvchi uning elitasining boshqa bir vakili davrida ham urushga nisbatan qarash deyarli o‘zgarmaydi. Ular tajribadan bilishadiki, bu usul ishlaydi va barchasidan yaxshiroq samara beradi. Ehtimol bu yerda eng yaxshi misol G‘arb katta umid bog‘lagan sobiq prezident Dmitriy Medvedev bo‘lishi mumkin. Bir paytlar Google’ning shtab-kvartirasiga sayohat qilgan Medvedev hozirda shu qadar agressiv bayonotlar beryaptiki, xuddi Putinning karikaturasiga o‘xshaydi.

Vladimir Putin va Dmitriy Medvedev Istra shahridagi Yangi Iyerusalim provaslav monastiriga tashrif vaqtida, 2017 yil. (Yekaterina Shtukina/AFP via Getty Images)

4. Yaxshi xabar shundaki, hukumatparast sotsiologlar bu haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishidan qat’i nazar, Ukrainaga nisbatan nafrat va u bilan aloqalardagi qonxo‘rlik hukumat elitasidan tashqarida unchalik keng tarqalmagan.

Urush jamiyatning imperialistik fikrlovchi qismining haddan tashqari xayrixohligi tufayli Putinning reytingini oshiradi. Yangiliklar kun tartibi to‘liq urushga bag‘ishlanadi, ichki muammolar ikkinchi darajaga tushib ketadi. «Ura, biz yana o‘yindamiz, biz buyukmiz, biz bilan hisoblashishyapti!»

Biroq, agressiv imperialistlar mutlaq ustunlikka ega emas: ular saylovchilarning katta qismini tashkil qilmaydi va doimiy propagandasiz o‘z qarashini ushlab turolmaydi. Aks holda, Putin Ukraina bilan urushni «maxsus operatsiya» deb atashi va «urush» so‘zini ishlatganlarni qamoqqa olish shart emas edi (yaqinda Moskva shahri deputati buning uchun yetti yillik qamoq jazosini oldi). U harbiy xizmatga chaqirilganlarni urushga jo‘natishdan qo‘rqmas va hozirgidek qattiq tartibli qamoqxonalardan o‘z bo‘linmalariga yangi jangchilar qidirmas edi (men turgan koloniyadan bir necha kishi «frontga chaqirilgan»).

24 may kuni Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi o‘rnatilgan ekranda videoaloqa orqali chiqish qilmoqda. (Alexander Zemlianichenko/AP)

Ha, propaganda va miya yuvish ishlari davom etmoqda, lekin Moskva, Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlar aholisining ko‘pchiligi hamda yosh saylovchilar urush va imperialistik g‘oyalarga qarshi desak xato bo‘lmaydi. Ukrainaliklarning ko‘rayotgan azoblari va begunoh odamlarning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi dahshatlari bu saylovchilarga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Shunday qilib, quyidagilarni ta’kidlash mumkin:

Ukraina bilan urush — Putin o‘zining ichki siyosiy muammolarini hal qilishi uchun boshlangan va davom etmoqda, ammo boshqa tarafdan bu cheksiz rus avtoritarizmi va imperializmini targ‘ib qiluvchi butun elita va hokimiyat tizimining qarashlarini ham ifoda qiladi. Diplomatik ritorikadan tortib urushgacha bo‘lgan har qanday shakldagi tashqi agressiya ular mavjud bo‘lishining organik shaklidir va Ukraina ular uchun eng sevimli nishondir.

O‘z-o‘zidan tiklanuvchi ushbu imperial avtoritarizm — Rossiyaning haqiqiy la’nati va uning barcha muammolari sababchisidir. Muntazam ravishda ro‘y beruvchi tarixiy imkoniyatlarga qaramay, biz undan qutula olmayapmiz.

Rossiyada oxirgi shunday imkon SSSR tarqalishi arafasida bo‘lgan edi. Biroq mamlakat ichidagi demokratik jamiyat va o‘sha paytdagi G‘arb yetakchilari juda mudhish xatoga yo‘l qo‘ydi: ular Boris Yelsin jamoasi tomonidan taklif qilingan, keng vakolatlarga ega bo‘lgan prezidentlik respublikasi modeliga rozi bo‘ldi. O‘sha vaqtda bu mantiqiy to‘g‘ri qaror edi, juda katta hokimiyat yaxshi bola (Yelsin) qo‘lida to‘plangandi.

Rossiya prezidenti Boris Yelsin prezident qarorgohida o‘sha vaqtdagi bosh vazir Vladimir Putin bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda
Foto: AFP via Getty Images

Lekin tez orada kutilgan voqea sodir bo‘ldi — yigit «buzila boshladi». Boshlanishiga u o‘zi urush tashkil qildi (Chechen urushi), keyin esa normal saylovlar va haqqoniy protseduralarsiz oliy hokimiyatni Putin boshliq axloqi buzilgan imperialistlarga topshirdi. Ular bir necha urush va son-sanoqsiz xalqaro provokatsiyalar uyushtirdi. Hozir esa dahshatli og‘ir jinoyatlar sodir etgan holda qo‘shni xalqni azob-uqubatlarga giriftor qilmoqda. Ukrainlarning bir necha avlodlari va o‘z farzandlarimiz ham bu qilmishlarimiz uchun bizni kechirmaydi.

SSSR tarqalganidan 31 yil o‘tib bizda yaqqol siyosiy kartina bor: parlament respublikasi yo‘lini tanlagan possovet davlatlari (Litva, Latviya, Estoniya) muvaffaqiyatli rivojlanmoqda va allaqachon Yevropaning bir qismiga aylangan. Prezident-parlament respublikasi modelini tanlagan mamlakatlar esa (Ukraina, Moldaviya, Gruziya) hokimiyatda yakkahokimlik o‘rnatmoqchi bo‘lganlar bilan muntazam kurash olib bormoqda va balansni ushlab turibdi. «Kuchli prezident» respublikasi yo‘lidan borganlar istisnolarsiz qattiq avtoritarizm o‘rnatgan.

Shunday qilib, urushdagi strategik g‘alaba — Rossiyani ushbu muhim tarixiy o‘tish davriga qaytarish va rus xalqiga to‘g‘ri tanlov qilish imkonini berishdir. Rossiyaning kelajagi «kuchli hokimiyat» va «qattiq qo‘l» emas, muzokaralar, kelishuvlar va butun jamiyat manfaatlarini hisobga olish bo‘lishi kerak. Rossiya parlament respublikasi bo‘lishi lozim, faqat parlamentgina o‘z-o‘zini tiklaydigan imperial avtoritarizmning cheksiz davomiyligini to‘xtatadi.

E’tiroz bo‘lishi mumkin: parlament respublikasi yechim emas. Putin yoki uning vorisi saylovlarda g‘alaba qozonib, parlamentni butunlay nazorat qilishiga kim to‘sqinlik qiladi?

Albatta, parlament respublikasi yuz foizlik kafolat bermaydi. Ehtimol, biz hozir parlament respublikasi bo‘lgan Hindistonning avtoritar tuzumga aylanayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz. Hokimiyat to‘liq egallab olingandan keyin parlamentar Turkiya respublikasi ham prezident respublikasiga aylanganini ko‘rdik. Putinning Yevropadagi fan-klubining yadposi paradoksal tarzda Vengriya parlamentida joylashgan.

«Parlament respublikasi» tushunchasi esa aslida juda keng.

Biroq, men ushbu «dori»ning asosiy jihatlari sifatida quyidagilarni ko‘rishni taklif qilaman: hokimiyatning bir inson qo‘lida to‘planishini keskin qisqartirish, parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan hukumatni shakllantirish, mustaqil sud hokimiyati, mahalliy hukumatlarning vakolatlarini sezilarli darajada oshirish.

Putin partiyasi parlamentni to‘liq nazorat qilishi mumkinligi haqidagi savolga kelsak, javob oddiy: haqiqiy muxolifatga saylovda qatnashishga ruxsat berilsa, buning iloji bo‘lmaydi. Ha, katta fraksiya yoki koalitsiya tuzgan holda ko‘pchilikni tashkil qilish mumkin. Biroq mutlaq nazorat aniq bo‘lmaydi.

Rossiyada hozir juda ko‘plab insonlar hududiy bosqinchilikni emas, normal hayot tarzini xohlaydi. Va bunday odamlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Shunchaki hozir ular ovoz berishni xohlaydigan odam yo‘q.

Shubhasiz, mamlakatdagi Putin rejimini o‘zgartirish va tinch rivojlanish yo‘lini tanlash G‘arbning ishi emas, bu Rossiya fuqarolarining vazifasi. Shunga qaramay, Rossiyani davlat sifatida va uning elitasini shaxsan sanksiyalar bilan jazolagan G‘arb, Rossiyani parlament demokratiyasi sifatida ko‘rishni istashi haqidagi strategik qarashlarini iloji boricha aniq ifodalashi kerak. Har qanday holatda ham 1990-yillardagi G‘arb liderlarining xatosini takrorlamaslik kerak. O‘shanda ular possovet davlatlariga «Siz o‘z yeringizda nima xohlasangiz shuni qiling, faqat yadro qurolingizga ehtiyot bo‘ling va bizga neft hamda gaz yetkazib berishni davom ettiring» degan edi.

Aftidan, biz hozir ham o‘sha davrdagiga o‘xshash tsinik ovozlarni eshitmoqdamiz: «Qo‘shinlarini olib chiqib ketsin, keyin nima xohlasa shuni qilsin. Urush to‘xtatiladi, G‘arbning vazifasi bajariladi». Bunday missiya 2014 yilda ham «bajarilgan» edi (Qrim egallab olingan yil), va buning natijasi o‘laroq 2022 yilda biz Yevropada keng ko‘lamli urushni ko‘rib turibmiz.

Bu aslida oddiy, haqqoniy va adolatli yo‘l: shubhasiz, rus xalqi o‘z rivojlanish yo‘lini o‘zi erkin tanlashi kerak. Ammo G‘arb davlatlari ham Rossiya bilan munosabatlar formatini tanlashda erkin, ular sanksiyalarni bekor qilish yoki qilmaslik hamda bu qarorlari mezonlarini o‘zgartirish borasida mustaqil.

Rus xalqi va rus elitasini majburlash shart emas, shunchaki ularga nima uchun bunday tanlov yaxshiroq ekanligi haqida aniq signal va tushuntirish berish kerak. Yana bir muhim jihati, parlament demokratiyasi Putin atrofidagi hozirgi ko‘plab siyosiy fraksiyalar uchun ham juda ratsional va kutilgan tanlovdir. Bu ularga o‘z ta’sirini saqlab qolish va hokimiyat uchun kurashish imkoniyatini beradi, shu bilan birga ular yanada tajovuzkor fraksiya tomonidan yo‘q qilinmasligini ham kafolatlaydi.

Urush — bu har kuni o‘zgarib turuvchi omillar ta’siri ostida qabul qilinadigan shoshilinch qarorlarning doimiy oqimidir. Shu sabab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasida hozirda erishayotgan muvaffaqiyatlari uchun Yevropa yetakchilariga hurmat saqlagan holda, men ularni urushning asosiy sabablarini ko‘zdan qochirmaslikka chaqiraman. Yevropadagi tinchlik va barqarorlikka asosiy tahdid — bu Rossiyada to‘xtovsiz o‘zini o‘zi tiklaydigan agressiv imperial avtoritarizmdir.

Urushdan keyingi Rossiya, Putindan keyingi Rossiya kabi, yana urishayotgan va Putin tizimidagi davlat bo‘lib qolishga mahkum. Mamlakat taraqqiyotining hozirgi paradigmasida bu muqarrar yuz beradi. Va faqat parlament respublikasigina buning oldini olishi va Rossiya yaxshi qo‘shni, muammolar yaratuvchi emas, balki ularni yechishga yordam beruvchi davlatga aylanishida birinchi qadam qo‘yishi mumkin.

Mavzuga oid