O‘zbekiston | 11:37 / 02.10.2022
7707
4 daqiqa o‘qiladi

 “Tongda ko‘z ochishga qo‘rqaman” - dardmand farzand hasratida kuygan yolg‘iz ona

Dunyoda bolasining xastaligini bilishdan og‘irroq dard bo‘lmasa kerak. Joni og‘riyotganini ko‘rasan, ammo qo‘lingdan hech bir ish kelmaydi. Dardini yengillatish uchun imkoning boricha harakat qilasan. Ilojsizlik esa bu dardni ming chandon orttiradi.

Ko‘zimni ochgani qo‘rqaman

Ayol kishi uchun farzandining dardini ko‘rish og‘ir. Yolg‘iz ayol uchun ikki karra ko‘proq qiyin. 2018 yildan beri bolasi Sardorning kasali bilan kurashib kelayotgan onaizor ana shunday qiyinchilikni bo‘yniga olgan.

“Ota-onam bilan birga turaman. Qo‘ldan kelgancha yordam berishyapti. Otasi ruhiy kasal. Aliment to‘laydigan ahvolda emas. Ishlay desam ishlolmayman, chunki ko‘p vaqtimiz shifoxonada o‘tadi. Yigirma kundan beri Toshkentda gematologiyada davolanyapmiz. Gepatit S tashxisini ham qo‘yishdi.

Ertalab tursam og‘zidan qon kelgan bo‘ladi. Ko‘zimni ochishga qo‘rqaman, qon kelgan bo‘lmasin, ilohim deb uyg‘onaman. Shu bolamning shifo topishidan ortiq baxt yo‘q men uchun”, deydi ona ko‘z yoshlarini berkitib.

Izzatillo Ismoilovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0424 4437 9969 onasi Ziyoda Ismoilova nomida

Humo: 9860 0803 8377 3670 onasi Ziyoda Ismoilova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Dashtcho‘lpon qishlog‘i 103 uy.

Shifokorning xonasi ikki qadam, lekin yetolmayman

Shodiya endigina 4 yoshga kirdi. Lekin uning mitti jussasi ko‘tarayotgan dardni ota-onasi ko‘tarishi qiyin bo‘lyapti:

“Oqqon deb tashxis qo‘yishdi. Shifokorning xonasi ikki qadam, qani yetolsam. Birinchi marta yurak og‘rig‘ini his qildim. Qizimni shunday asrardim, doim qo‘rquvda yashardim, biron narsa bo‘lib qolmasin, deb. Ishonasizmi, bir kechada turmush o‘rtog‘imning sochi oqarib ketdi. Birinchi marta erkak kishining yig‘laganini ko‘rdim. Olti oydan beri bir kun ham to‘xtatmasdan farzandimizga shifo tilab ro‘za tutadi.

Shu vaqtgacha qarindoshlarimiz yordam berishdi. O‘zimizning yig‘ganimizni sarfladik. Hozir uyimizni sotuvga qo‘yganmiz”, deydi ayol ko‘z yoshlarini tiyolmasdan.

Shodiya Abdurahmonovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 5101 9262 onasi Nilufar Husainova nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahri, Temur Malik mahallasi, 7-uy, 11-xonadon.

Bolam otasini so‘raydi – otasi unga pul topish uchun kelolmaydi

Samarqanddan kelib bolasini davolatayotgan ona boshiga tushmaguncha bu kasallik dahshatini his qilmaganini aytadi.

“O‘shanda uch oylik xomilador edim. O‘ziga biron kor-hol bo‘lmasin deb mendan yashirishga harakat qilishdi. Yaxshi-yaxshi deyishadi. Lekin tinimsiz yig‘lashardi. Yaxshi bo‘lsa nega yig‘laysizlar, bolamning ahvoli nega yaxshilanmayapti, deyman. Bu kasallik haqida tushuncham ham yo‘q edi. Otasi pul topish uchun uyga ham kelmay yollanma ishlarda ishlab yuribdilar. Bolam otasini yetti oy mobaynida ikki martagina ko‘rdi, otasini so‘rab yig‘laydi”, deydi ayol o‘kinch bilan.

Sardor Ibragimovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 4067 1587 qarindoshi Gulnoza Aliqulova nomida

Humo: 9860 1801 0745 2443 qarindoshi Qodir Boboqulov nomida

Manzil: Samarqand viloyati, Urgut tumani, Chumchuqli mahallasi.

Murg‘ak bolalarning bemorligini ko‘rish, unga befarq bo‘lish bizning millatga yot odat. Bugun ham saxovatni maqsad qilganlar e’tiborini go‘daklar taqdiriga qaratmoqchimiz. Ular sog‘lom yashashga loyiq!

Mavzuga oid