Jahon | 19:14 / 04.10.2022
25754
15 daqiqa o‘qiladi

Sovetlar yashirgan hodisalar: SSSRda sodir bo‘lgan futbol fojialari

Bundan bir necha kun oldin Indoneziya chempionati doirasidagi «Arema» – «Persebaya» (2:3) o‘yini fojia bilan yakunlandi. Ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Sovet ittifoqi davrida ham futbol o‘yinlari tufayli bir qancha fojialar sodir bo‘lgan. Ancha odam o‘lgan va jarohatlangan bo‘lsa-da, bunday hodisalar ommadan yashirilgan. Faqat 1980-yillar oxiriga kelib, SSSR tarqab ketishi arafasida ular haqidagi ma’lumotlar oshkor qilingan.

Foto: soccer.ru

2022 yil 1 oktyabr kuni Indoneziya chempionati doirasidagi «Arema» – «Persebaya» (2:3) o‘yinidan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan «Arema» muxlislari maydonga yugurib chiqib, g‘alayon ko‘tarishdi. Politsiya odamlarni tarqatish uchun shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Oqibatda, stadionda tiqilinch yuzaga kelib, 174 kishi halok bo‘ldi va 180 kishi jarohatlandi. Bu so‘nggi 58 yil ichida futbol bilan bog‘liq eng katta fojia bo‘ldi.

Foto: masrawy.com

Futbol paydo bo‘lib ommalashgandan buyon turli stadionlarda bunday tartibsizliklar yoki baxtsiz hodisalar ko‘p sodir bo‘lgan. Jumladan sobiq ittifoq hududida ham.

Garchi SSSRda har doim «odamlar baxtli va farovon hayot kechirishi» haqida targ‘ibot olib borilsa-da bu mamlakatda ham jinoyatchilik bo‘lgan. Aholi tomonidan turli sabablar bilan ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarilgan.

Bundan tashqari, ko‘plab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan turli baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan. Jumladan, futbol o‘yinlari o‘tkazilgan paytlarda stadionlarda tartibsizliklar kelib chiqqan yoki tiqilinchlar yuzaga kelib, odamlar halok bo‘lgan. Ammo ularning barchasi ommadan yashirilgan.

Faqat 1987 yildan keyin, SSSRning so‘nggi rahbari Gorbachyov boshlagan islohotlar tufayli juda ko‘p tafsilotlar oshkor qilindi. Shundan so‘ng omma Ikkinchi jahon urushidan keyin sodir bo‘lgan aksariyat voqea va hodisalar tafsilotidan xabardor bo‘ladi.

«Dinamo» Tbilisi – «Spartak» Moskva

1954 yil 4 aprel.

SSSR chempionati. Oliy liga, 1-tur.

«Dinamo» Tbilisi stadioni. / Foto: wordpress.com

SSSRda futbol bilan bog‘liq jiddiy fojialardan biri 1954 yil 4 aprel kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida sodir bo‘lgan. O‘sha kuni chempionatning ilk turida mahalliy «Dinamo» jamoasi Moskvaning «Spartak» jamoasi bilan kuch sinashishi kerak edi.

1953 yilda o‘tkazilgan chempionatda hakamlarning yon bosishi tufayli gruziyalik futbolchilar chempionlikni «Spartak»ga boy bergan va ikkinchi o‘rinni olgandi. Shu sababli «Dinamo» jamoasi o‘yinchilari bu bahsda «Spartak»ni yengishni maqsad qilishgandi.

Shuningdek, bu o‘yinga «Dinamo» muxlislarida qiziqish kuchli edi. Chiptalar savdoga chiqarilgan zahoti sotilib ketadi. O‘yin o‘tkaziladigan kuni muxlislar sevimli jamoalari asosiy raqibni mag‘lubiyatga uchratishini tomosha qilish uchun stadionga oqib keladi.

O‘yin boshlanishiga bir soat qolganda stadion to‘ladi va militsiya xodimlari stadionning kirish qismiga o‘rnatilgan temir darvozani yopib qo‘yishadi. Bu paytda stadion tashqarisida ham juda ko‘p muxlis bor edi.

O‘yin boshlanishiga yarim soat qolganda tashqarida qolgan odamlar darvoza tomon suriladi. Militsiya xodimlari hech qanday chora ko‘ra olmaydi. Ana shu joyda tiqilinch yuzaga keladi. Oqibatda tiqilinchda qolgan odamlardan 20 nafari halok bo‘ladi. Yana bir necha o‘n nafari turli darajada tan jarohatlari oladi.

O‘yinda «Dinamo» 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Stadionda o‘tirgan muxlislar tashqarida sodir bo‘lgan tiqilinchda odamlar halok bo‘lgani va jarohatlangani haqida bilmaydi. Hodisani faqat tashqarida qolib ketganlar ko‘radi.

O‘sha paytda stadion oldida odamlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani haqida rasmiy ma’lumot berilmaydi. Ammo elning og‘ziga elak tutib bo‘lmasdi.

Odamlar orasida o‘sha kuni tiqilinchda qolib ketgan yuzlab odamlar halok bo‘lgani, stadion atrofida qon ariq bo‘lib oqqani haqida vahimali gaplar tarqala boshlaydi.

Oradan uch kuni o‘tib mahalliy gazetalardan birida «Dinamo» - «Spartak»» o‘yiniga stadion sig‘imida ko‘rsatilgandan bir necha barobar ko‘p chipta sotilgani, oqibatda muxlislarning bir qismi stadionga kira olmay, tashqarida qolib ketgani haqida xabar beriladi. Unda odamlarning halok bo‘lgani va jarohatlangani haqida umuman gap yo‘q edi.

«Dinamo» - «Spartak»» o‘yini arafasida sodir bo‘lgan fojia haqidagi haqiqat 1980-yillar oxirida ommaga oshkor qilinadi.

«Zenit» Leningrad – «Torpedo» Moskva

1957 yil 14 may.

SSSR chempionati. Oliy liga, 8-tur

«Kirov» stadioni / Foto: pikabu.ru

1957 yil 14 may kuni Leningraddagi (hozirgi Sankt-Peterburg) Kirov nomli stadionda SSSR chempionatining navbatdagi tur bahsi o‘tkaziladi. Unda mahalliy «Zenit» jamoasi Moskvaning «Torpedo» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

O‘yinning 73-daqiqasiga kelib o‘yindagi hisob 1:5 ga yetgan va «Torpedo» g‘alaba qozonayotgandi. O‘yin tugashiga 5 minut qolganda mast muxlislardan biri «Zenit» darvozasi ortiga kelib o‘yinchilarni so‘ka boshlaydi. Militsiya xodimlari uni stadiondan olib chiqib ketishadi.

Shu paytda yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lib turgan muxlislar orasida IIB xodimlariga nisbatan norozilik paydo bo‘ladi.

O‘yin tugagandan so‘ng hakam va futbolchilar kiyinish xonasiga kirib ketishadi. Muxlislarning bir qismi militsiya xodimlarini haqorat qila boshlaydi. Boshqalari esa sovet tuzumiga qarshi so‘zlarni aytib, IIB xodimlariga qarab turli buyumlarni uloqtira boshlaydi.

Muxlislar avvaliga qo‘llaridagi shisha idishlarni, keyin stadion o‘rindiqlarini sindirib irg‘itadi. Bu orada muxlislar stadionga chiqib kela boshlashadi.

Bir necha kun oldin stadion chetiga asfalt yotqizilgan va ish qurollari bir chetda turgandi, muxlislar ular bilan qurollanib IIB xodimlariga hujum qiladi.

Bundan tashqari, jazavaga tushgan muxlislarning bir qismi kiyinish xonasiga hujum qiladi va u yerda bo‘lgan futbolchilar, murabbiylar va hakamlar qiyinchilik bilan evakuatsiya qilinadi.

Shundan so‘ng stadionga qo‘shimcha militsiya va yong‘inga qarshi kurash bo‘linmalari jalb qilinadi. O‘t o‘chirish xodimlari jazavaga tushgan muxlislar ustiga suv purkay boshlaydi. Militsiya bo‘linmalari esa o‘z hamkasblarini qutqara boshlashadi.

Tartibsizliklar bir necha soatdan keyin, tunda kuch bilan to‘xtatiladi. IIB xodimlari qo‘llariga tushgan barcha muxlislarni bo‘limlarga olib borib tiqishadi.

Qo‘lga olinganlarning bir qanchasiga sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlik aybi qo‘yiladi. O‘sha paytlarda Stalin o‘rniga rahbar bo‘lgan Xrushchyovning «Mamlakatda siyosiy mahbuslar bo‘lmaydi» degan gapi mashhur edi. Shu sababli mahbuslardan siyosiy ayblovlar olib tashlanib, ular bezorilik qilganlikda ayblanib, turli yillarga ozodlikdan mahrum etiladi.

O‘sha paytda stadionda sodir bo‘lgan tartibsizliklarni butun shahar eshitgan bo‘lsa-da, hodisa haqida hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmaydi. Shu sababli bu to‘polonda halok bo‘lganlar va jarohat olganlar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

«Torpedo» Kutaisi – «Paxtakor» Toshkent

1970 yil 30 oktyabr.

SSSR chempionati. Oliy liga, 33-tur

«Torpedo» Kutaisi stadioni.

1970 yil 30 oktyabrida Gurjistonning Kutaisi shahridagi stadionda mahalliy avtozavodga tegishli «Torpedo» jamoasi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bilan futbol bo‘yicha SSSR oliy ligasining navbatdagi turida o‘zaro to‘qnash keladi.

Bu o‘yinda «Torpedo» 1:4 hisobida yutqazgach, jamoaning qo‘yi ligaga tushib ketishi ma’lum bo‘ladi. Bundan g‘azablangan muxlislar stadionda tartibsizlik boshlashadi va o‘rindiqlarini sindirib, g‘ishtlarni qo‘porib maydonga uloqtirishadi.

Tunda tartibsizliklar butun shaharga yoyiladi: odamlar ko‘chalarda turgan ko‘plab mashinalarni yoqib yuborishadi, binolar oynalarini sindirishadi.

Vaziyat militsiya nazoratidan chiqib ketgach, Kutaisiga harbiy bo‘linmalar kiritiladi. O‘rtada otishma sodir bo‘lib, aholi vakillari, militsiya xodimlari va harbiylardan bir necha odam halok bo‘ladi, ko‘pchilik yaralanadi.

Mashhur o‘zbek futboli jonkuyari, sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayev o‘zining «Futbol — quvonchim, dardim, faxrim» kitobida Kutaisidagi voqealarni «Paxtakor» uchun muhim bo‘lgan o‘yinlar qatorida sanab, uning tafsilotlarini keltirgan. Unga ko‘ra o‘shanda Paxtakor jamoasi a’zolari zo‘rg‘a jon saqlab qolishgan va Kutaisidan Tbilisiga ming bir azobda yetib olishgan.

O‘sha hodisalarga guvoh bo‘lganlar keyinchalik «Kutaisi shahridagi vaziyat xuddi frontdagi holatga o‘xshab qolgandi» deyishgan bo‘lsa-da, hodisa haqida hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmaydi. Uning tafsilotlari ham 1980-yillarning oxiriga kelib ochiqlanadi.

«Dinamo»  Minsk – «Dinamo» Moskva

1979 yil 10 oktyabr

SSSR chempionati. Oliy liga, 28 tur.

Minskdagi «Traktor» stadioni / Foto: soccer.ru

1979 yilda Minskdagi «Dinamo» stadioni 1980 yilda Moskva olimpiadasi o‘tkazilishi munosabati bilan ta’mirlash uchun yopiladi. Mahalliy «Dinamo» jamoasi o‘z o‘yinlarini Minskdagi sig‘imi ancha kichik bo‘lgan «Traktor» stadionida o‘tkaza boshlaydi.

1978 yil 10 oktyabr kuni «Dinamo» «Traktor» stadionida «Dinamo» Moskva bilan navbatdagi 28-turda bahsda maydonga tushadi.

27-tur natijalariga ko‘ra, «Dinamo» Minsk turnir jadvalida 6-o‘rinda, raqib «Dinamo» Moskva esa uch ochko ko‘proq jamg‘arib 5-o‘rinda joylashgandi. Minsklik futbolchilar uchun bu bahs muhim bo‘lib, ular g‘alaba qozonsa UEFA kubogiga yo‘llanma beruvchi 5-o‘rin uchun kurashish imkoniyati oshardi.

O‘sha yili «Dinamo» Minsk UEFA kubogida bahs olib borardi. «Dinamo» keyingi yil ham yevrokubokka yo‘llanma olishi uchun muxlislar zo‘r berib jamoani qo‘llab-quvvatlayotgan edi. O‘sha kuni ham stadionga sig‘imida belgilangandan ko‘p muxlis keladi.

O‘yin boshida «Dinamo» Moskva futbolchisi o‘z darvozasiga to‘p kiritadi. Ammo minskliklarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. Tanaffusgacha moskvaliklar hujumchisi Valeriy Gazzayev «Dinamo» Minsk darvozasiga uchta to‘p kiritadi va hisob 1:3 bo‘ladi. Ikkinchi bo‘limda minskliklar bitta to‘p kiritishadi va o‘yin 2:3 hisobida yakunlanadi.

O‘yin tugagach, natijadan qoniqmagan muxlislarning aksariyati stadionning avtobus bekatiga yaqin bo‘lgan 3-sonli chiqish zinasiga qarab yuradi.

Ko‘p ming sonli muxlislar zich holda zinadan, eshikdan sekin chiqa boshlaydi. Shu orada yosh bolalardan biri yiqilib tushadi. Otasi uni ko‘tarib olmoqchi bo‘lganda ortdan kelayotgan odamlar surib yuboradi va u ham yiqilib tushadi.

Shundan so‘ng ortdan kelganlar to‘xtab turganlarni surib boraveradi va odamlar birin-ketin zinadan qulab tusha boshlaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra «Traktor» stadionida o‘sha kuni 4 kishi halok bo‘lgan, 30 kishi jarohatlangan.

Ammo hodisa guvohlari hodisada halok bo‘lgan va jarohatlanganlar soni ko‘proq bo‘lganini aytishgan. Minskda sodir bo‘lgan bu hodisa ham yashiriladi va u haqda hech qayerda ma’lumot berilmaydi.

«Spartak» Moskva – «Harlem» Niderlandiya

1982 yil 20 oktyabr

UEFA kubogi, 1/16 final

«Lujniki» stadioni, 1980-yillar

1982 yil 20 oktyabr kuni Moskvaning «Spartak» jamoasi UEFA kubogining 1/16 finali doirasida Moskvadagi «Lujniki» stadionida Niderlandiyaning «Harlem» jamoasiga qarshi o‘ynaydi.

O‘yin bo‘lib o‘tadigan kun havo keskin sovib ketadi. O‘yindan oldin yog‘gan qor stadion maydoni va tribunalarini ham bosgan edi. O‘sha kuni faqat maydon va ikkita tribuna qordan tozalanadi.

Havo sovuq bo‘lgani uchun 80 ming o‘rinli stadionga bor-yo‘g‘i 16 mingtadan sal ko‘proq chipta sotiladi. Muxlislarning 4 mingga yaqini A tribunada, qolgani metroga yaqin bo‘lgan S tribunaga joylashadi.

O‘yinning 16-minutida «Spartak» hujumchisi Edgar Gess «Harlem» darvozasiga to‘p kiritadi. O‘yin oxirida S tribunada o‘tirgan muxlislar stadionni tark eta boshlaydi. Ular o‘yin shu hisob bilan tugaydi deb o‘ylashadi.

Minglab odamlar chiqish eshigiga qarab yurar ekan, muxlislardan biri yiqilib tushadi. Odamlar unga yordam berish uchun to‘xtashadi. Ammo ortdan kelayotgan vaziyatdan bexabar bo‘lganlar harakatda davom etadi va shu tariqa oldinda bo‘lganlar tiqilinchda qolib ketadi.

Oqibatda «Spartak»ning 66 nafar ishqibozi halok bo‘ladi, ularning aksariyati 14–19 yoshdagi o‘smirlar edi. O‘shanda odamlar orasida stadiondagi tiqilinchda yuzlab odamlar halok bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqaladi.

O‘yindan keyin sovet gazetalari uning natijasi haqida ma’lumot berishadi, ammo stadionda sodir bo‘lgan fojia haqida yozishmaydi. Faqat, «Vechernyaya Moskva» gazetasida «Lujniki» stadionida «baxtsiz hodisa» sodir bo‘lgani, oqibatda bir necha nafar odam halok bo‘lgani haqida kichik xabar beriladi.

Mazkur hodisa tafsilotlari ham 1980-yillar oxirida ochiqlanadi va jamoatchilik o‘shanda «Lujniki» stadionida qancha odam halok bo‘lgani haqida xabar topadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid