Sport | 23:18 / 06.10.2022
19145
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar jahon chempionati paytida muxlislarga ba’zi taqiqlar qo‘yilganini inkor qildi

Qatar-2022 tashkilotchilari futbol bo‘yicha jahon chempionatini tomosha qilish uchun mamlakatga keladigan muxlislarga ba’zi taqiqlar joriy qilinganini inkor etdi.

Foto: Christopher Pike/Getty Images

«Muxlislarga ba’zi taqiqlar qo‘yilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar haqiqatga zid. Tez orada FIFA va tashkilotchilar tomonidan batafsil yo‘riqnoma taqdim etiladi, unda taqiqlar haqidagi ma’lumotlarning aksariyat qismi bahsli ekanini ko‘rish mumkin.

Qatar barchani jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilish uchun taklif etadi. Qatar xalqi har doim ochiq, bag‘rikeng va mehmondo‘st bo‘lgan. Muxlislar jahon chempionati paytida buni o‘z tajribasida sinab ko‘rishlari mumkin», deyiladi tashkilotchilar bayonotida.

Avvalroq, Qatar hukumati jahon chempionatini tomosha qilish uchun mamlakatga keladigan muxlislarga ba’zi taqiqlar joriy qilgani, jumladan, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, homoseksual aloqalar, hayosiz kiyimlarni kiyish, uyatsiz so‘zlar bilan so‘kinish, ibodat etiladigan joylarga hurmatsizlik qilish, baland ovozda gapirish yoki musiqa eshitish, ishqiy uchrashuvlar, odamlarni beruxsat suratga olish taqiqlangani haqida xabar tarqalgan edi.

Jahon chempionati o‘yinlari 20 noyabrdan 18 dekabrga qadar 5 ta shaharda joylashgan 8 ta stadionda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid