Jahon | 19:49 / 07.10.2022
5722
3 daqiqa o‘qiladi

Shinjondagi uyg‘urlarga nisbatan jinoyatlarni tekshirishga 19 davlat qarshi chiqdi

Xitoyning musulmon aholisi huquqlari buzilishi masalasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi kun tartibiga kiritilmadi.

Foto: Getty Images

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 51-sessiyasida Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish va maxsus yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha so‘rov rad etildi.

Qayd etilishicha, loyihani 17 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan, 11ta davlat betaraf qolgan, 19 ta davlat esa qarshi ovoz bergan. Xususan, ovoz berish natijalari quyidagicha bo‘lgan:

Qo‘llab-quvvatlaganlar: Chexiya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Gonduras, Yaponiya, Litva, Lyuksemburg, Marshall orollari, Chernogoriya, Niderlandiya, Paragvay, Polsha, Janubiy Koreya, Somali, Buyuk Britaniya va AQSh.

Qarshilar: Boliviya, Kamerun, Xitoy, Kot-d'Ivuar, Kuba, Eritreya, Gabon, Indoneziya, Qozog‘iston, Mavritaniya, Namibiya, Nepal, Pokiston, Qatar, Senegal, Sudan, BAA, O‘zbekiston va Venesuela.

Betaraflar: Argentina, Armaniston, Benin, Braziliya, Gambiya, Hindiston, Liviya, Malavi, Malayziya, Meksika va Ukraina.

Shu tariqa, Xitoyning musulmon aholisi huquqlari buzilishi masalasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi kun tartibiga kiritilmadi.

Avvalroq, Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi huquqbuzarliklar haqida uzoq kutilgan hisobotini e’lon qilgandi. Hujjatda mintaqadagi uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklar huquqlarining bir qator buzilishi tafsilotlari bayon etilgan, ammo AQSh va boshqa davlatlar tomonidan aytilgan ayblov - genotsid haqida so‘z yuritilmagandi.

Xitoy hukumati uyg‘urlarga qarshi yuqori texnologik kuzatuvlar olib borish va ularni farzandlar ota-onalaridan ajratiladigan majburiy mehnat lagerlariga jo‘natishda ayblab kelinmoqda. Rasmiy Pekin esa lagerlar ko‘ngilli ta’lim va malaka oshirish uchun tashkil qilinganini aytib keladi.

AQSh hukumati Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatidagi uyg‘urlarga nisbatan harakatlarini «genotsid» va «insoniyatga qarshi jinoyat» deb hisoblaydi. Xitoy hukumati esa da’volarni «Xitoy dushmanlari tomonidan to‘qib chiqarilgan dezinformatsiya va yolg‘on» deb rad etadi.

Mavzuga oid