Jahon | 17:46 / 09.10.2022
62899
35 daqiqa o‘qiladi

«Putinga nima bo‘lishi bilan ishim yo‘q» - Zelenskiy yadroviy qurol, NATO va urush intihosi haqida

Rossiyaga o‘z jamiyatini yadroviy zarbaga tayyorlash imkoniyatini bermaslik kerak, deb hisoblaydi Volodimir Zelenskiy. U BBC muxbiri Jon Simpsonga bergan intervyusida «ogohlantiruvchi zarba» deganda nimani nazarda tutgani, shuningdek qarshi hujum, yadroviy tahdid, Qrimni qaytarish realligi, Vladimir Putinni ag‘darish istiqbollari haqidagi savollarga javob bergan.

«Rossiya va uning jamiyati urush boshlashdan cho‘chib qolsin». «Ogohlantiruvchi zarbalar» haqida

BBC: — Janob prezident, Rossiya sizni G‘arbdan Rossiyaga ogohlantiruvchi, ehtimolki yadroviy zarbalar berishni istayotganingizni bayon etganlikda ayblamoqda. Bu shundaymi, siz shunday deganmidingiz?

Volodimir Zelenskiy: — Kulgili eshitilarkan. Men «ogohlantiruvchi zarba» deb inglizchada preventive kick’ni nazarda tutganman, hujum — attack emas, bu turli narsalar. Shuning uchun inglizcha yo ukraincha gapirganda tarjima to‘g‘ri bo‘lishi kerak, chunki rossiyaliklar bundan boshqacha foydalanishadi.

Men rossiyaliklarga shuni aytmoqchimanki, butun sivilizatsiyalashgan dunyo biz terrorchi emasligimiz, urushni biz boshlamaganimizni biladi. Men buni avval ham aytganman. Mening prezidentlik davrimda o‘tgan uch yil mobaynida biz muloqot taklif etdik, shunchaki telefonda bo‘lsa ham prezident Putin bilan gaplashib olish imkoniyatini izladik — ular doimo rad etib kelishdi.

Men nimaga chorladim — bu 24 fevralda, hali ular bostirib kirishidan avval, men ogohlantiruvchi zarbalar, sanksiya zarbalari mavzusini ko‘taramiz, degan edim. Muloqot, gap-so‘zlar emas, aynan zarbalar — mana men nimani nazarda tutgandim.

Hozir Yevropa hamjamiyati, ayniqsa Britaniya va AQSh aytmoqda: ha, siz haq ekansiz, biz aralashib, sanksiyalar joriy etib, ogohlantiruvchi zarbalarni berishimiz kerak ekan, toki Rossiya va uning jamiyati [urush boshlashga] cho‘chib qolsin.

Volodimir Zelenskiy BBC muxbiri Jon Simpson bilan gaplashmoqda

Endi esa, ular o‘zlarining yadroviy qurol haqidagi kasal g‘oyalarini tilga ola boshlaganda, men aytyapmanki, ular o‘z jamiyati bilan bu borada gaplasha olishmasin. Ular bunga o‘z jamiyatini tayyorlamoqda. Bu o‘ta xavfli.

Ha, ular uni ishlatishga tayyor emas, lekin ular bu haqida baralla gapira boshlashdi...

— Siz jamiyatni yadroviy qurol ishlatishga tayyorlashni nazarda tutyapsizmi?

— Ular quroldan foydalaniladimi-yo‘qmi, hali bilishmaydi. Men bu haqda gapirish ham xavfli, deb hisoblayman. Shuning uchun men ogohlantiruvchi zarbalar berishlaring kerak deganman, hujumlar emas. Mana, men nimani nazarda tutuvdim.

Rossiyaliklar esa bu so‘zlarni o‘zlariga moslab tarjima qilib, hammayoqda takrorlab yurishibdi.

Men esa sanksiyalarni nazarda tutganman. Agar ular «yadroviy qurol»ni tilga olishsa, hattoki xayol qilishsa — sizlar sanksiya joriy etishlaring kerak. Sizlarda sanksiyalarning yadroviy paketi bor, Yevropada uni joriy etish imkoniyati bor, masalan, ular bizning AESimizni okkupatsiya qilishganidan so‘ng. Bu juda xavfli. Men nazarda tutgan narsa shu.

«Yadroviy qurol ishlatilgach, ortga yo‘l yo‘q». Yadroviy tahdid haqida

— Hozir xavfli lahza, chunki Rossiya yadroviy qurolning qaysi bir turini ishlatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Yirik miqyosli bo‘lmasa, kichikroq miqyosdagisini. Prezident Bayden esa agar bunday bo‘ladigan bo‘lsa, «qiyomat» ro‘y berishi haqida gapirmoqda. Sizda bu borada qanday hissiyotlar bor?

— Men harakat qilish kerak, deyman... Yana ogohlantiruvchi sanksiyalar masalasiga qaytmoqchiman. Hoziroq harakat qilish kerak. Keyinchalik ro‘y berishi mumkin bo‘lgan risklarni unutish kerak. Men «qiyomat», butun sayyoramiz xavf ostida qolishi haqidagi fikrlarga qo‘shilaman. Lekin nega biz bu ro‘y berish-bermasligini o‘ylashimiz kerak, qachonki Rossiya bu tomon qadam bosib bo‘lgan bo‘lsa? Ular bizning atom stansiyamizni egallashdi.

Zaporijjya AES, 2022 yil sentabr. Foto: REUTERS

Dunyo bir narsani anglashi kerak: ZAESda 6 ta yadroviy blok bor. Ularning har birida tahdid vujudga kelishi mumkin. Ha, texnik xodimlar ukrainlar, biroq u yerda 500 dan ortiq jangari ham bor. Biz aniq bilamizki, ular qurollangan. Rossiya jangarilari. Aniq bilamizki, ularning yonida portlovchi moddalari bor. Aniq bilamizki, og‘ir qurol-yarog‘lari ham bor. 500 kishining har biri sabab, tahdid bo‘la oladi. Shuning o‘ziyoq yadroviy quroldan foydalanish tahdididir. Ha, biroz boshqacharoq formatda, biroq yadroviy portlash o‘sha atom stansiyasida ham ro‘y berishi mumkin.

Bu haqda AEXA ko‘p gapirdi, nazariyalar ishlab chiqildi, endi esa bunga amaliyotda guvoh bo‘lib turibmiz. AEXA u yerda bo‘ldi, barcha qoidalar buzilganini e’tirof etdi. Ular rasmiy xulosa taqdim etishdi, AEXAning xulosasidan keyin dunyo nima qildi? Dunyo rossiyalik bosqinchilarning harakatlarini darhol to‘xtatishi mumkin, dunyo bunday holatlarda sanksiyalar paketini joriy etib, ular atom stansiyasini tark etishlari uchun barcha narsani qila oladi.

— Siz hozir xavf juda yuqori deb o‘ylaysizmi?

— Biz o‘z oldiga ma’lum maqsad qo‘ygan insonlar bilan to‘qnash kelganmiz, shuning uchun xavfli.

Lekin siz bilan biz Rossiyaning hozirgi harbiy-siyosiy hokimiyati maqsadlarini oxirigacha bilmaymiz. Ya’ni maqsadlari Ukrainani yo‘q qilish, Ukrainani bosib olishmi? Biz aniq bilmaymiz. Balkim bu yana qanaqadir boshqa ulug‘vor maqsadlar yo‘lida ilk qadamdir. Ehtimol, Ukrainani egallab olish yakuniy maqsaddir.

Men bu birinchi qadamning o‘ziyoq juda xavfli, deb hisoblayman.

Agar maqsad xuddi biz o‘ylaganimizdek bo‘lsa, bu juda oddiy, lekin dahshatli. Bu naqadar oddiy eshitilsa, uni amalga oshirish ehtimoli kattalashaveradi.

Agar maqsad sovetlar davridagidek Rossiyani geosiyosiy ta’sir stoliga qaytarish va chegaralarni qayta bo‘lib olish bo‘lsa, bu juda ulkan xavf. Ular oldinga qadam tashlab, barcha imkoniyatlarini ishga solaverishadi. Albatta, bu xavfli.

— Yadroviy qurolni ishga solish ehtimoli hisobga olingandami?

— Yana bir marta qaytaraman, bu [Rossiyani] boshqarayotgan insonlar nechog‘lik bunga tayyorligi, ular nechog‘lik... adekvat ekaniga ham bog‘liq.

Menimcha, barcha davlatlarning razvedkalari bugun shunday axborotni berishlari kerak: buyruq berayotgan insonlar — shunchaki terrorchilar [...] biz ularning terrorchi ekanini anglab bo‘lganmiz, ular qanday o‘ylashi, qanday harakat qilishini tushunamiz.

Zaporijjyaga zarba oqibatlari, 7 oktyabr. Foto: REUTERS

Biroq, ular nechog‘lik adekvat? Ya’ni ular keyingi bosadigan qadamlarini oxirigacha tushuna olishadimi? Bu juda muhim narsa. Menimcha, ular aynan shunday tarixiy va dramatik lahzada turishibdi. Aynan shu narsa haqida o‘ylash kerak.

Rossiya hokimiyatidagilar hayotni yaxshi ko‘rishini ko‘rib turibmiz, shu sababli bugungi kunda yadroviy quroldan foydalanish tahdidlari, ayrim ekspertlarga ko‘ra yaqqol ma’noga ega emas. Chunki ular [yadroviy quroldan] foydalanishsa, ortga yo‘l bo‘lmasligini tushunib turishibdi. Nafaqat tarix va ularning davlati uchun, ularning shaxsan o‘zlari uchun ham. Chunki ularni hayotining so‘nggi lahzalarigacha ta’qib qilishadi.

Shu sababli, bugun bu tugunni yechish qiyin. Bu xavfli ekani, Rossiya bizga qilgan ishlarning oqibatini ko‘rib turganimiz — ularning qiynoqlari, ularning kafando‘zligi, tajovuzlari, so‘ngra atom stansiyasini okkupatsiya qilishi — yadroviy quroldan foydalanish tahdidini hisobdan o‘chirmaslik kerakligini anglatadi.

— Siz prezident Putin yadroviy quroldan foydalana oladi, deb o‘ylaysizmi? Prezident Putin chindan ham buni istaydi, deb hisoblaysizmi?

— Keling, yana adekvatlik masalasiga qaytamiz. Qarang, agar biz unchalik adekvat bo‘lmagan insonlar bilan to‘qnash bo‘lib turgan bo‘lsak, mening javobimga Rossiya tomonidan tahdidli javob kelishi mumkin.

Agar men, masalan, ular yadroviy quroldan foydalanishga qodir emas, deb aytsam-u, qo‘lida shunday hokimiyati bor bo‘lgan noadekvat inson, aksincha, hammaga namoyishkorona «Ah, mening qo‘limdan kelmaydimi? Qaranglar, men nima qilolaman», deb foydalanishi ham mumkin.

Agar men foydalana olishi mumkin, desam, bu Ukraina doxil ko‘plab davlatlarda vahima kayfiyatini uyg‘otishi mumkin.

Men bugun rasman bunday xulosa chiqarishga shoshmagan bo‘lar edim.

«Putin o‘z xalqidan qo‘rqadi». Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi haqida

— Siz NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdingiz. Bu Ukraina, NATO va butun dunyo uchun tahdidni kuchaytirmaydimi?

— Men bunday deb o‘ylamayman. Biz doim turli qurol-yarog‘lar, agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lsa, keng miqyosli bostirib kirish haqida, Rossiya esa guyoki NATOdan himoyalanishi haqida gapirgan. Lekin ko‘rib turibmizki, ular bizning yerlarimizni bizning har qanday statusimizsiz okkupatsiya qilishmoqda. Bizning ayni damdagi statusimiz — NATO eshiklari biz uchun kelajakda ochilishi, Rossiya bizni okkupatsiya qila boshlashidan ham avvalroq bor edi.

Ukraina rahbariyati NATO a’zoligi uchun ariza bilan
UKRAINIAN PRESIDENTIAL PRESS SERVICE

Shu sababli Rossiya u yoki bu quroldan foydalanish, u yoki bu yerni okkupatsiya qilish uchun sabab axtarar ekan, bu vaj ularga ommaviylik, ommaviy kommunikatsiya uchun kerak, butun dunyo bilan emas, o‘z jamiyati bilan. Chunki Putin eng qo‘rqadigan narsa — yadroviy zarba emas. U o‘z jamiyatidan qo‘rqadi. U o‘z xalqidan qo‘rqadi. Chunki bu xalq bugun uni almashtirib, undan hokimiyatni tortib olib, boshqasiga bera olishga qodir.

Shuning uchun u aynan xalqidan qo‘rqadi va ichki bozorga ishlaydi. Hamma temir devorlar yiqildi, deb kelayotgan edi. Aslida, temir devor yiqilgani yo‘q, u 2000-yillar boshida Rossiyada paydo bo‘ldi. Ular sovet ittifoqi davridagidan ham qo‘rqinchliroq va metinroq axborot devori barpo etishdi. Ya’ni bugungi kunda — zamonaviy axborot texnologiyalari bilan devor yanada dahshatli. Ularning insonlari, hatto ziyolilarining miyasi xuddi Gyobbels ikkinchi jahon urushi davrida qilganidek, axborot bilan qayta tikildi. Shuning uchun bugungi natijani ko‘rib turibmiz.

NATO masalasiga qaytmoqchiman. U [Putin] uchun bizni egallab olib, yana ildamlash uchun bahona, istalgan bahona kerak edi. Shu tariqa, u jamiyatni safarbar qilib, iqtisodiy muammolar, kam miqdordagi maoshlar va pensiyalarga men emas, G‘arb aybdor deb ko‘rsatdi. G‘arb Ukrainaga, demakki bizga tegishli hududga kirib keldi, deb ko‘rsatdi.

Shuning uchun biz NATOda emasmiz. Biz 2014 yilda ham NATOda emasdik, 2022 yilning 24 fevralida ham u yerda emasdik — bu shunchaki bahona edi. Biz hozir faqat biz himoyalanyapmiz, deyapmiz. Ammo biz o‘zimiz himoyalana olmaymiz-ku?

Men hamkorlarimizga tashakkur bildiraman, ular bizni qo‘llab turishibdi. Bizga xavfsizlik kafolatlari kerak, deyapmiz.

Ya’ni biz hozir NATO a’zosi bo‘lmay turib, yagona normal standart, Ukraina uchun paket haqida gapirmoqdamiz. Biz NATOning 5-moddasi ishga tushib, [NATO davlatlaridagi] fuqarolar va harbiylar bizning yerimizda bosqinchiga qarshi jang qilsin, deb talab qo‘yayotganimiz yo‘q. Bu xavfsizlik kafolatlarida yo‘q. Bizga hozir bu kerak emas.

Shuning uchun [Rossiya hukumati] «Ukraina NATO degani uchun mana sizlarga yangi hujum», deyishi mumkin. Lekin bu ularning o‘z jamiyati oldida o‘zlarini oqlashi, xolos. Bundan ortiq narsa emas.

«Chopishni istaymiz, lekin hozir tez yurish bilan bandmiz». Qarshi hujum haqida

— Ukraina qurolli kuchlari janubiy frontda ham, janubiy-sharqiy frontda ham o‘ta muvaffaqiyatli harakatlarni boshladi. Hozirgi bunday muvaffaqiyat nimaning evaziga kelmoqda? Rossiya strategiyasi, urush olib borishning ruscha usuliga nima bo‘ldi? Nega ular sizlarga qarshi bu qadar muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda?

— Birinchidan, qayd etish kerakki, ular juda kuchli qarshilik ko‘rsatishmoqda. Bizning olg‘a qadam bosishimiz esa, puxta tayyorlangan strategiyamiz. Bizga ma’lum bir qurol-yarog‘ va snaryadlar yetishmayotgan edi. Men hozir bu narsalar yetarli, deya olmayman, chunki bu yolg‘on bo‘ladi. Biroq, oldinga intilishimiz uchun kuchlarimiz va vositalarimiz endilikda ko‘proq.

Sentyabr oyida ukrain harbiylari ozod etgan Kupyanskdagi Rossiya tanki
SERGEY KOZLOV/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Biz olg‘a qadam bosyapmiz. Asosiysi, motivatsiya bo‘lsa kerak. Men ularda [rossiyaliklarda] motivatsiya yo‘q, deb hisoblayman. Birinchi kundanoq shu fikrda edim. Biz ular kimligi va nima uchun kelganini ko‘rdik: ular bu yerda nima qilishni ham bilishmasdi, shu sababli salgina bosimni oshirishimiz hamono ular qochishga tushishdi, chunki ularda motivatsiya yo‘q.

Tushunyapsizmi, «nimanidir egallash» — bu kuchsiz motivatsiya. «Hayotni saqlab qolish» — kuchliroq motivatsiya. Shuning uchun bizning «hayotni, uylarimizni, yerlarimizni asrab qolish» motivatsiyamiz — juda kuchli. Biz bosimni oshirganimiz sari ularda ham shunday motivatsiya paydo bo‘ldi: «hayotni saqlab qolish», lekin bu ularning shaxsiy motivatsiyasi. Bunday motivatsiya qochishni taqozo qiladi. Yoki asirga tushishni. Bu shunday ishlaydi.

Agar bizga ko‘proq yordam beriladigan bo‘lsa, biz bosimni yanada oshiramiz, chunki bizning motivatsiyamiz endi hech kimga bog‘liq emas, bizda 100 foiz barcha chog‘lanishga ega, biz nima istayotganimizni, finish qayerda bo‘lishini, qayerga qarab yurayotganimizni bilamiz. Albatta, chopishni istaymiz, lekin hozircha tez yurish bilan kifoyalanyapmiz. Biz chegaramizdan narigi yoqqa o‘tmaymiz. Bizga o‘zganing yeri, o‘zga insonlar kerakmas. Biz terrorchi emasmiz. Bizga o‘z chegaralarimiz, o‘z yerimiz, o‘z xavfsizligimiz, xavfsizligimiz kafolatidan ortig‘i kerak emas.

— Rossiya hozir Ukrainaning to‘rtta katta oblastini o‘z hududi deya e’lon qilgach, Ukrainaning bu hududlarda jang qilishi Rossiyaga hujum sifatida qabul qilinishi xavfi ham bor, bunga qo‘shilasizmi?

— Qarang, ular, masalan Donetsk va Luhansk oblastlarida psevdoreferendum o‘tkazishdi. Ular bu oblastlarni to‘liq egallashgani yo‘q-ku?! Ular hududni ushlab turishdi, keyinroq to‘liq egallaymiz deb o‘ylab, referendumlarni cho‘zib kelishayotgandi. Ular egallashni eplasholmagach, «Bo‘pti, qandaydir onlayn referendum o‘tkazamiz», deyishdi.

Donetskda «referendum», 27 sentabr. Foto: REUTERS

Ularga farqi yo‘q, ko‘ryapsizmi? Ular picha vaqt o‘tgach odamlarni safarbarlik qilish uchungina Rossiyaga hujum qilishyapti, deb aytishlari ham mumkin. Safarbarlikni uyushtirib, bu urush, Rossiyaga hujum qilishdi, deyish uchun. Lekin biz uchun urush allaqachon ketmoqda. Ular bizga qarshi urushishmoqda. Ya’ni ular yana ichki siyosati, o‘z jamiyati uchun signal sifatida foydalanishadi, bo‘ldi.

Menga ayting qani, Zaporijjya oblastining ma’muriy markazi Zaporijjya shahri to‘liq biz tomonimizdan nazorat qilinib turgan paytda oblast hududida qanaqa referendum o‘tkazildi? Ular nima haqida gapirishmoqda? Ular referendumni qayerlarda o‘tkazishdi? O‘zlari egallab olgan kichik shaharchalardami? Ular avtomat bilan kvartirama-kvartira yurib, odamlarni qandaydir belgi qo‘yishga majburlashgan. Bizda odamlarni bir necha marta ovoz berishga majburlaganlari haqida dalillar bor, shunchaki qanchadir odam sanog‘iga yetish uchun. Biz uchun bu «referendum»lar ahamiyatsiz. Biz uchun annexialar ahamiyatsiz. Biz ularni tan olmadik va tan olmaymiz. Butun dunyo ularni tan olgani yo‘q va tan olmaydi ham. Tamom.

«Bizning rejamiz — 1991 yil chegaralaridagi hudud». Qrim va Donbass haqida

— Siz finish chizig‘i haqida gapirganingizda butun Ukraina hududini nazarda tutyapsizmi yoki 2014 yilda va hozir Rossiya okkupatsiya qilgan hududlarni? Qrim-chi?

— Hozirgi minimum vazifa shu yilning 24 fevral sanasigacha bo‘lgan chiziqqa chiqish. Nega? Bu birinchi bosqich va u juda muhim. Chunki hozir Rossiya okkupatsiya qilgan insonlar chidash qiyin bo‘lgan sharoitlarda yashashmoqda, ular yerto‘lalarda, maosh va pensiyalarsiz, oziq-ovqatlarsiz yashashmoqda, tushunyapsizmi? Ya’ni ular juda og‘ir vaziyatda, biz mamlakatimizning sharqida va janubida ozod qilayotgan qishloq va shaharchalarda bunga guvoh bo‘lyapmiz.

Shuning uchun shu chiziqqa qaytish qandaydir shartli chiziq borligi uchun emas, 24 fevraldan buyon o‘tgan sakkiz oy ichida yangi hududlar bosib olindi va u yerda istiqomat qilayotganlar juda qiyin ahvolda. U yerdagi tiriklar va o‘ldirilganlar soni, qancha odam bizning yordamimizga muhtojligini bilmaymiz. Biz chamalaymiz, lekin bu baribir haqiqatdan yiroq raqamlar bo‘ladi. Qancha insonni ular qiynashgan, qiynashda davom etishmoqda — buni biz bilmaymiz, shu sababli bu minimum reja.

Qrimda safarbarlik, 27 sentabr. Foto: REUTERS

Biroq bizning bosh rejamiz, siz aytayotgandek finish — albatta, xalqaro huquq bo‘yicha tan olingan 1991 yilgi chegaralarimizga qaytish — ya’ni Donbass, bizning okkupatsiya ostidagi Donetsk va Luhansk oblastlarimiz, shuningdek Qrim. Bularning barchasi — bizning hududimiz. Men bu mutlaqo adolatli deb hisoblayman.

— Buning imkoni bormi?

— Men imkoni bor, deb o‘ylayman. Bu juda kerak, deb o‘ylayman. Nega deysizmi? Unda eshiting.

Qrim masalasi. Men sizga ochiq aytaman, Qrimni juda yaxshi ko‘raman. Uni 15 yoshlarimda yaxshi ko‘rib qolganman. Ishim tufayli u yerga har yili borardim. Oilamni olib borganman. Yozni o‘sha yerda o‘tkazganman va... Va bu Ukraina yeri bo‘la turib, Rossiya floti u yerda hozirligi... Yoki boshqa misol — u yer Ukraina bo‘la turib, Ukraina fuqaroligiga ega insonlarga Rossiya pasporti tarqatilishi. Doimiy tahdid hissi bor edi va biz bugun bu tahdidlarning natijasini ko‘rib turibmiz. O‘shanda rus floti o‘sha yerda hozir bo‘lib turishiga qo‘yib berganimiz, u yerda rus harbiy bazalari mavjud bo‘lishi, ikkita pasportga egaligi tufayli u yerda ko‘plab sotqinlar yashashgani — hammasi alal-oqibat okkupatsiyaga olib keldi.

Shuning uchun Qrimni okkupatsiyadan qutqarib, o‘z chegaralarimizga chiqish haqida gapirayotganimda bu narsa shunisi bilan ham muhimki, agar buni bugun qilmasangiz, Rossiyaga butun Ukrainani yana to‘liq okkupatsiya qilish uchun imkoniyat qoldirgan bo‘lasiz. Qandaydir kichikroq hududga yopishib olib, yana qaytib kelish mumkin.

24 fevralgacha bo‘lganidek bo‘lingan Donbass bilan yashash nega yomon? Ha, biz rejalar qilgan edik, kelinglar bu masalani diplomatik yo‘llar bilan hal qilamiz ham deb ko‘rdik. Lekin bo‘lingan Donbass — urushning yana qaytalash tahdidi, shuni aytyapman. Shu sababli bunga chek qo‘yish kerak. Eng yaxshi tugatish — vaqtinchalik okkupatsiya qilingan hududlarda Ukraina hokimiyati hozir bo‘lishi, ukrain chegarachilari esa xalqaro tan olingan chegaralarni qo‘riqlashi. Bu eng yaxshi variant deb o‘ylayman.

«Mustaqillik uchun to‘lov qilish kerak, barchamiz to‘lov qilmoqdamiz». Energetika krizisi haqida

— Siz G‘arbning qurol-yarog‘ bilan yordam qilishi, shuningdek iqtisodiy ko‘magi muammolarni yengib o‘tishda katta foyda berayotganini aytib o‘tdingiz. Ammo Yevropani og‘ir qish kutmoqda, AQShda ham siyosiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Siz G‘arb davlatlari Ukrainani hozirgidek intensiv qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor bo‘lmay qolishidan tashvishlanmaysizmi?

— Ha, bunday tahdid ham bor. Rossiyaning provokatsiyalariga uchishlari mumkin, bunday provokatsiyalar ayrim doiralar va ba’zi siyosiy yetakchilar tomonidan to‘g‘ri qabul qilinmoqda. Albatta, urush tufayli narx-navo oshayotgani, urush tufayli energiya taqchilligiga duchor bo‘linayotgani yoki oziq-ovqat yetishmovchiligi vujudga kelayotgani bilan bosim qilish oson. Lekin bu yana bir mutlaq sun’iy axborot siyosati ekanini tushunib turibmiz. Bu urush tufayli emas, Rossiya tufayli vujudga kelmoqda.

Energetika krizisini ular Ukrainaga to‘laqonli bostirib kirishdan avval boshlashgan edi. O‘tgan yilgi isitish mavsumidan oldin nimalar bo‘lganini eslang. Rossiya o‘zining «Shimoliy oqim-2» quvuri bilan mutlaq hammaning qo‘lini qayirib oluvdi. Narx oshishidan ular qancha pul ishlab olganini eslatib o‘tishning o‘zi kifoya. Bularning barchasini o‘tadik. Bu ularning surbetlik bilan amalga oshirgan ulkan dasturi edi.

«Shimoliy oqim- 2»da gaz sizib chiqishi, 28 sentabr. Foto: Reuters

Kimdir bu — biznes, deyishi mumkin. Agar munosabatlar, insoniylik hisobga olinmasa, darhaqiqat bu biznes. Lekin siyosatda «shunchaki biznes» bo‘lmaydi. Biznesga daxldor bu narsalar geosiyosatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Rossiya katta urushni boshlaganiga ancha bo‘lgan. Avvaliga, kechirasiz-u, sizlarni RF o‘z energiya resurslaridan foydalanishga o‘rgata boshladi. Avvaliga bu arzon edi — ayrim davlatlar uchun arzon energiya resursi oralatib taqdim etildi. Gaz qazib olishning tannarxi bir xil bo‘lsa-da, Yevropaning ayrim davlatlari uchun bir narx, boshqa davlatlari uchun boshqa narx belgilandi. Biz gaz tranzit qilishimizga qaramasdan, shartnomalar borligiga qaramasdan, bu sharotnomalar tasdiqlangan va «Normand formati» bo‘yicha davom ettirishga kelishganimizga qaramasdan, ular baribir shartnomalarga qo‘ldan tuzatishlar kirita boshlashdi. Ular xalqaro huquqlarga qayrilib ham qarashmaydi va senga atalgan gaz hajmini kamaytirishadi. Hajm kamaygach, senda taqchillik paydo bo‘ladi. Ular keyin: mana, marhamat, faqat Ukraina quvuri orqali bo‘lmasin, sizlarga «Shimoliy oqim-2» yordam beradi, uni ishga tushirish imkonini beringlar, deydi.

Bu nima uchun kerak edi? Ukrainaga bosim uyushtirish, Ukraina, Yevropa, dunyoga geosiyosiy bosim uyushtirish uchun. Mana, nima kelib chiqdi.

Shuning uchun odamlar tushunishi kerakkki, bu krizislarning barchasi, oziq-ovqat mahsulotlarining dengiz yo‘lini bloklash, energiya tashuvchilar bilan bog‘liq krizislarni Rossiya Federatsiyasi uyushtirmoqda. Ular uchun bu — ta’sir doirasi. Boshqachasiga ular Yevropa va dunyoga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishmaydi. Shuning uchun ular o‘tmishga qaytishga qaror qilishdi — chunki ular ihotalangan davlat statusiga ega, ular bilan normal va sivilizatsiyalashgan davlatlar yetakchilari gaplashishni xohlamaydi.

Ular muzokara stoliga qaytishga qaror qilishdi. Muzokara stoli emas, ultimatumlar stoliga, to‘g‘rirog‘i. Bu ularga xos. Ular muzokaraga energiya tashuvchilar taqchilligi, dengiz yo‘li bloklanishi tufayli oziq-ovqat narxlari oshgani, hududlarimizning okkupatsiyasi bilan muzokara qilishmoqchi. Biz chidashimiz kerak. Yevropa o‘z jamiyatiga murakkabliklar urush tufayli emas, u yoki bu mojarolarni alangalatayotgan Rossiya tufayli ekanligini tushuntirishi lozim.

Ularning energiya tashuvchilaridan ham maksimal darajada mustaqil bo‘lishimiz kerak, shunda barcha energiya tashuvchilarning narxlari bir necha barobarga tushganiga guvoh bo‘ladi. Shu yo‘lni o‘tab, mustaqil bo‘lishimiz kerak. Mustaqillik uchun to‘lov qilish kerak va barchamiz to‘lov qilmoqdamiz. Faqat biz harbiylarimiz va fuqarolarimiz qoni bilan to‘lov qilmoqdamiz.

«Ularning jamiyati juda kuchli o‘zgargan». Rossiya va Putinning taqdiri haqida

— Bularning barchasi qanday tugaydi? Bu urushlar?

— G‘alaba bilan. Zarracha shubham yo‘q. Bizning g‘alabamiz bilan. Men bu oson qo‘lga kiritilmasligi, qiyin bo‘lishini tushunib turibman. Hech kim bu narsa ertaga yoki indinga ro‘y berishini bilmaydi. Necha kun, necha hafta davom etishini bilmaydi. Lekin men bu g‘alabaga ishonaman, chunki bilasizmi, qanday... Yo bu urush Ukrainaning g‘alabasi bilan tugaydi, yoki butun dunyo mag‘lubiyatga uchraydi. Chunki Rossiyaga Ukraina va ukrain xalqini yo‘q qilish imkonini taqdim etish bu umumjahon fojiasining boshlanishi bo‘ladi. Bu uchinchi jahon urushi boshlanishi bo‘ladi, chunki shunday qilish mumkin ekan, deb o‘ylovchi avtokratlar yana borligini bilamiz. Ha, amalga oshirish qiyin, lekin mumkin ekan, deguvchi. Bu dunyo uchun juda dahshatli belgi bo‘ladi, deb hisoblayman.

— Agar sizlar g‘alaba qozonsangiz, Vladimir Putin tirik qoladimi?

— Menga farqi yo‘q.

— Sizga u hokimiyat tepasida qolaverishining farqi yo‘qmi?

— Mutlaqo. Bu holatda... Rossiya o‘zining ichki masalalari bilan shug‘ullana boshlaydi. Men buni to‘g‘ri deb o‘ylayman, chunki ichki masalalarni boshqalarning hududini egallash evaziga yechish imkonsiz. Iqtisodiyotning ichki muammolarini boshqa iqtisodiyotlar hisobiga. Ya’ni ular o‘z hududiga chekinib, o‘z jamiyatiga nimanidir tushuntirish o‘rniga, ishlab, qandaydir iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishi kerak. Ya’ni ichki siyosat bilan shug‘ullanishlari kerak va bu to‘g‘ri qadam bo‘ladi.

Shu sababli unga nima bo‘lishining menga farqi yo‘q. U bilan uning jamiyati shug‘ullansin. Bu ularning o‘z ichki masalasi.

— Bu urushda prezident Putinning yetakchiligi tobora bosim bilan tanqid qilinmoqda, uning generallari ham doimo tanqid nishoni ostida. Nima deb o‘ylaysiz, uni yo‘qotishlari mumkinmi?

— U yerda insonlar bundan naqadar qo‘rqishidan doim hayratdaman. Odamlar u yerda o‘z so‘zini aytishga, o‘z fikrini bildirishga qo‘rqishadi. Hattoki ijtimoiy tarmoqlarda ham buni amalga oshira olishmaydi. Ko‘chaga chiqib, o‘z huquqlari uchun kurashishdan cho‘chishadi.

Men bu mantiqni tushunmayman, garchi biz qo‘shnimiz, bizni azaliy aloqalar bog‘lab turadi, lekin shu qadar farqli insonlarmizki... O‘tgan yigirma yil, ayniqsa so‘nggi o‘n yil ichida ularga nima bo‘ldi?

Tasavvur qiling: u yerdagi inson ko‘chaga chiqishga qo‘rqadi, chunki uni kaltaklab, panjara ortiga tashlashadi. Uni kuch bilan safarbar etib, urushga jo‘natishlariga va bu yerda asirga tushishga tayyor. Inson o‘z shaxsiyati shu qadar toptalishiga tayyor! Go‘yoki hayotni senga ota-onang va Xudo emas, Putin bergandek va u joningni olishga haqlidek... Ya’ni ular o‘zgardi. Ularni axborot, tahdid, o‘g‘riliklar bilan ezib qo‘yishdi. Ular va ularning jamiyati qattiq o‘zgargan...

— Siz ular unga qarshi qo‘zg‘alishlari kerak, deb hisoblaysizmi?

— Ular Putinga qarshi qo‘zg‘alishmaydi. Ular bunday qilishdan qo‘rqmaslik kerakligini tushunishlari kerak. Ular o‘zlari uchun qo‘zg‘aladi. O‘zi uchun. Ular kimdir uchun jang qilmasligi kerak. O‘zi uchun qilsin. Sen urushga borishga majbur emassan — bu bir. Seni hech kim majburlay olmasligi kerak — bu ikki. Sen o‘zga yerda jang qilmasliging kerak — bu uch. Sen o‘lmasliging kerak — bu to‘rt. Sen ona bo‘la turib o‘zing tug‘gan, o‘zing boqqan, o‘z kuchingni baxshida etgan, o‘z qalb qo‘ringni to‘kkan o‘g‘lingni bermasliging kerak, nega berasan? Bu qanaqasi? U seniki. Sen allaqanday qonxo‘r boshliqqa o‘z narsangni topshirmasliging kerak, sen majbur emassan, bu hech qayerda yozilmagan, seni hech kim bu uchun kechirmaydi! Eng asosiysi — bularning barchasi nima uchun? O‘layotganingda axir nimalarni yodga olasan? Gunoh sari jo‘natgan yoshgina o‘g‘lingning chehrasinimi?

Leningrad oblastidagi safarbarlik, 1 oktyabr. Foto: Reuters

Shu sababli insonlar avvalo o‘zi uchun kurashishi kerak, bu yo‘lda o‘z fikrini bildirishi, ko‘chaga chiqishi, yozishi, gapirishi, qo‘rqmasligi kerak. Ikkinchidan, u yerdagi harbiylar o‘z yerini himoya qilish uchun qasamyod keltirishgan. Ular dunyoning har bir davlatidagi kabi harbiylar. Hech kim o‘zga yerda o‘zga kishilarni o‘ldirish uchun qasam ichmagan, bunaqasi yo‘q, sen bemalol bosh tortishing mumkin. Ham insoniylik yuzasidan, ham qonunan bunga haqing bor. Ular ham bu haqda gapirishlari kerak. Ular — hozir safarbar qilingan bolalar — hech narsasiz, avtomatlarsiz, zirhli nimchalarsiz jangga kirishishga tayyorlanishmoqda, ularni to‘pemi sifatida olovga tashlashmoqda. Ular shunchaki yem, ular — inson emas. Agar ular kabobga aylanishni istashmasa, yaxshi, bizga kelishsin. Agar ular inson bo‘lsa va bu o‘zlarining hayoti deb hisoblashsa, ular ham kurashishlari kerak...

Ukraina uchun kurashishmasin, kerakmas, biz o‘zimiz uchun kurashaveramiz. O‘z tanasi, o‘z erkinligi, o‘z huquqi va o‘z joni uchun kurashish — mana, ular nima qilishlari kerak. Buni ular anglab yetishganida sizning RF prezidenti haqidagi savolingiz juda dolzarb bo‘ladi. Bu ularning jamiyatiga bog‘liq.

Boris Jonson uchun Kiyevdagi maydonda ismi bitilgan tablichka bor. Foto: Reuters

«Ittifoqchilar har qanday imperiyadan qudratliroq». Ukrainaning kelajagi haqida

— Ukraina urushdan qanday holatda chiqadi? Sizlar baribir Rossiyaning qo‘shnisi sifatida qolaverasizlar, sizlarda rusiyzabonlar ko‘pligicha qolaveradi. Butun mintaqada yangi aloqalarni qanday o‘rnatmoqchisizlar?

— Ukraina boshqacha bo‘lib chiqadi. Ukraina, birinchidan, kuchli davlat bo‘lib chiqadi, bu hozirdanoq bizning millatimizda ko‘zga tashlanmoqda. Butun dunyoda hurmat qilinadigan, barcha u bilan tenglarcha gaplashadigan davlat bo‘lib chiqadi. Biz hududi biznikidan katta davlatlar bilan ham teng bo‘lamiz, demokratiya deganlari shu, hurmat deganlari shu. Biz Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat bo‘lib chiqamiz, jamiyatimiz shuni istaydi. Jamiyatimiz shu yo‘lni tanlagan va bu yo‘l to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblayman.

Men yangi bosqich nafaqat Ukrainada, barcha davlatlarda bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shunday vaqtlar keladiki, imperiyalardan cho‘chimay qo‘yishadi, chunki ittifoqchi davlatlarning birlashuvi jahondagi har qanday avtokratiya va imperiyadan qudratliroq bo‘ladi.

Menimcha bu xulosa unchalik katta bo‘lmagan davlatlar jamiyatlari uchun juda muhim — chunki qayerda tug‘ilgan bo‘lishing, qaysi tilda so‘zlashing, qayerda ishlashing, qancha puling borligidan qat’i nazar, o‘zingni tenglar ichra teng his qilishing tabiiy bo‘ladi. Asosiysi — moliyaviy farovonligimiz darajasiga qaramasdan, biz sen bilan birga bo‘lamiz. Menimcha, Ukraina o‘z namunasi va g‘alabasi bilan insonlarga, dunyoga berayotgan eng muhim xulosa mana shulardan iborat.

Bryusseldagi «Mini-Yevropa» tematik parki. Foto: Reuters

Mavzuga oid