Bir oy ichida 7 ayol qotillik qurboniga aylandi. Mas’ullar esa sukutda
O‘zbekistonda oxirgi bir oy ichida 7 nafar ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan vahshiylarcha o‘ldirildi, o‘ndan ortiq bolalar onasiz qoldi. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan tashkilotlardan esa sado chiqmayapti.
25 avgust. Quyi Chirchiqda 24 yoshli ayol ikki farzandi ko‘z oldida turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ldirildi.
6 sentabr. Jizzax viloyati Zarbdor tumanida ayol 39 yoshli eri tomonidan o‘ldirildi. 3 farzand yetim qoldi.
2 sentabr. Yana Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 4 farzandning onasi 40 yoshli eri tomonidan urib o‘ldirildi.
12 sentabr. Andijon viloyati Izboskan tumanida 22 yoshli ayol va uning onasi kuyovi tomonidan pichoqlangach vafot etdi.
16 sentabr. Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ayol spirtli ichimlik iste’mol qilgan eri tomonidan pichoqlanib vafot etdi.
1 oktyabr kuni yana Farg‘onada kelin qaynotasi tomonidan nimtalandi.
Bu – yaqin kunlarda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, ya’ni o‘ldirilgan ayollar ro‘yxati. Dahshatli ro‘yxat, to‘g‘rimi? Bular bizga ma’lum bo‘lganlari – bilmaganlarimiz ham bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, biz o‘z ayollarini himoya qilolmaydigan millatmizmi? Yo‘q, aksincha bizda xotin-qizlar huquqlari va ularning turmush tarzini yaxshilash uchun tuzilgan tashkilotlar shunchalar ko‘pki, ko‘rgan kishida bu davlat ayollari malikalarday yashasa kerak degan fikrni uyg‘otadi.
Kun.uz shu maqsadda tashkillashtirilgan tashkilotlar ro‘yxatini tuzdi:
- Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi
- Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi
- Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi
- Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi
- “Oila” ilmiy-amaliy markazi
- “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti
- Senat qoshidagi “Gender adolat yetakchisi” jamoasi
- Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari
- “Oqila ayollar” harakati
- Qaynonalar kengashi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi
Xotin-qizlarni himoya qilish, ularning jamiyatdagi rolini oshirish, zo‘ravonlikka qarshi keskin kurashish maqsadida tashkil etilgan. Respublika bo‘ylab 1000 ga yaqin xodimlar faoliyat yuritadi.
Masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda video-konferens-aloqa shaklida yig‘ilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar berilgan. Bino va inshootlar bilan ta’minlangan, qo‘mita xarajatlariga davlat budjetidan pul ajratiladi.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi
Shaxsan Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan tashkil etilgan qo‘mitada ham katta jamoa ishlaydi. Qo‘mita zimmasiga ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, gender tenglik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro hujjatlar normalarining amaliyotga joriy etilishi hamda unda belgilangan tavsiyalar ijro qilinishi yuzasidan monitoring olib borish vazifasi ham yuklatilgan.
Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida oila va ayollar masalalari bo‘yicha kattagina guruhdan iborat komissiya tuzilgan bo‘lib, o‘z faoliyati to‘g‘risida har 6 oyda hisobot berib boradi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi
Respublika miqyosidagi bu katta komissiyaning nomi shu yil boshida o‘zgargan. Avvalgi nomi – Respublika Gender tenglikni ta’minlash masalalari komissiyasi edi.
Senat kengashining qarori bilan, komissiyaga xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka erishish, oilani mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari, komissiya gender tenglikni, xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazoratini amalga oshiradi va bu haqida O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlis Senatiga ma’lumot kiritib boradi.
Ayollarning bugungi ahvoli haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri Senatga axborot kirituvchi bu komissiyaning qanday axborot taqdim etayotgani bizga juda qiziq.
“Oila” ilmiy-amaliy markazi
Oilaning pedagogik, psixologik, ijtimoiy-psixologik, etnopedagogik, etnopsixologik muammolarini o‘rganish hamda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash bilan shug‘ullanadigan bu markaz ham hamon jimlikda. Bu yerda ham viloyat, shahar, tumanlardan tashqari markaziy tuzilmaning o‘zida 26 nafar xodim bor.
Markazda avtomobil ajratilgan, davlat budjetidan moliyalashtiriladi.
“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti
Avvalgi nomi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti edi. Institutga 3 ta, jumladan, 2 ta yengil va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilgan, 34 nafar xodimi bor.
“Gender adolat yetakchisi” jamoasi
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi qoshidagi “Gender adolat yetakchisi” jamoasi tuzilib, unga 80 nafar yosh saralab olingan. Bu jamoa ham yig‘ilish o‘tkazishdan boshqa biror natija qayd etmagan.
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan tuzilgan bu markazlarga katta miqdorda mablag‘lar ajratilgan.
“Oqila ayollar” harakati
Bu yangi harakat Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi qoshida tashkil etildi. Harakatning vazifasi ayollar, ayniqsa, yosh qizlarga oilaga va vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuyg‘ularini singdirish, “odobli qiz” va “ma’rifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir mahallalarda oqila ayollar ro‘yxati shakllantirilayotgan ekan.
Shunday ro‘yxat bilan shakllantirilgan yana bir kengash esa yanada ajablanarli:
Qaynonalar kengashi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil qilingan “Qaynonalar kengashi” qiz uzatayotgan va kelin olayotganlar ro‘yxatini tuzib, ular bilan ishlaydi. O‘zbekistondagi 8 mingdan ortiq mahalladagi kengash 21 mingdan ziyod oilaning muammosini hal etgani aytilsa-da, oilalarda yosh ayollarning qurbon bo‘lishi ortib bormoqda.
***
Umuman bu ro‘yxatdagi hamma tuzilmalarning barchasiga budjetdan – xalqning pulidan maosh, mashinalar, binolar, hashamdor jihozlar ajratiladi. Ammo ular asosiy vazifasini bajarmayapti, ayollarni himoya qilmayapti.
“Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek, tadbirlardagi gaplar o‘z yo‘liga, o‘ldirilgan ayollar, yetim qolgan bolalar ro‘yxati amalda nima ekanini isbotlab qo‘yyapti. Ichki ishlar idoralari esa bu masalada lom-mim demaslik yo‘lini tanlashganiga ancha bo‘lgan. Ayollar va bolalar himoyasiga birinchi shaylanishi lozim bo‘lgan bu idoralar bugun faqat statistika uchun jon kuydirishga qodir.
Unutgan bo‘lsangiz eslatamiz, Xotin-qizlar qo‘mitasiga xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash vazifasi hamda oilani mustahkamlash, xotin-qizlarni zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoyalash bo‘yicha qonun hujjatlari yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqi ham berilgan.
Nomi jarangdor, soni bor, sifati yo‘q bu tuzilmalarning qatorini yana davom ettirish mumkin, lekin ularning birortasi ayollar manfaati uchun xizmat qilmayapti. Saytlarida esa faqat o‘tkazilayotgan majlislar, hisobotlar, taqdimotlardan bo‘lak hech narsa topa olmaysiz.
E’tibor bering: bunday tashkilotlar soni o‘ldirilgan ayollar sonidan ham ko‘p. Lekin hamma jim, hamma sukutda. Bu harakatsizlik, joy kuydirmaslik, tomosha qilishlik bizga juda-juda qimmatga tushyapti.
Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:57 / 31.10.2024
Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi
09:30 / 23.10.2024
Bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:57 / 12.10.2024