Jahon | 07:33 / 11.10.2022
10358
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya raketa zarbalari oqibatlari tufayli ukrainaliklardan elektr energiyasini tejash so‘raldi

Ukraina energetika obektlari Rossiya tomonidan raketa hujumlariga uchragani tufayli 11 oktyabrdan boshlab elektr energiyasi eksportini to‘xtatmoqda. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Picture Alliance

«Issiqlik ishlab chiqarish va elektr podstansiyalariga zarba bergan bugungi raketa hujumlari Ukrainani o‘z energiya tizimini barqarorlashtirish uchun 2022 yil 11 oktyabrdan boshlab elektr energiyasi eksportini to‘xtatishga majbur qilmoqda», — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Rossiyaning raketa zarbalari natijasida deyarli butun Ukraina bo‘ylab elektr ta’minoti uzilib qolgan, 8 ta hududda suv ta’minotida muammolar mavjud. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Denis Shmixal o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

«O‘nlab raketalar 11 oblast va Kiyev shahridagi energetika infratuzilmasi obektlariga tegdi. Deyarli butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti uzilib qolgan. 8 ta hududda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjud», — deb yozadi u. 

Shmixalning aytishicha, hukumat barcha mas’ul idoralar bilan birgalikda shikastlangan obektlarni tiklash bo‘yicha operativ rejani amalga oshirishga kirishgan.

Rossiya 10 oktyabr, dushanba kuni ertalab Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlariga kuchli raketa zarbalari berdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, poytaxt markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan. Raketalardan biri Mixail Grushevskiy yodgorligi yoniga qulagan, natijada uning yonidan o‘tayotgan avtomobillar yonib ketgan.

Oxirgi marta Kiyev iyun oyi oxirida raketa zarbalariga uchragan edi. O‘shanda rus harbiylari shaharga 14 ta raketa otdi. Ulardan biri Shevchenko tumanidagi ko‘p qavatli uyga borib urilgan. Oqibatda bir kishi halok bo‘lib, olti kishi jarohat olgandi. 

Mavzuga oid