«Zaharli havo odam tanlamaydi» - Internetda «Changkent»ga aylanayotgan Toshkent havosi mavzusi ko‘tarildi
Britaniyada yashovchi o‘zbekistonlik jurnalist har safar Toshkentga kelganida shahar havosi qanchalik ifloslanib borayotganini his qilishi haqida gapirib berdi. Gidrometeorolog mutaxassis buni tasdiqlab, bir misolni keltirdi: uning aytishicha, 2 oktyabr tongida poytaxt havosi bir muddat nafas olib bo‘lmaydigan darajada iflos bo‘lgan.
Kuni kecha O‘zbekistonga kelgan BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safo Toshkent ob-havosi 2-3 yil ichida umuman yashab bo‘lmaydigan darajaga kelib qolishidan xavotir bildirdi.
«O‘zgarishlar mendek odamga ko‘proq seziladi, chunki yiliga atigi ikki marta kelaman. Havo shu qadar ifloski, havodagi zahar hatto jigarrangda ko‘zga ko‘rinib turadi. Uni nafas yo‘llaringda va ta’m qabul qilgichlaringda sezasan. Palapartish quruvchi kompaniyalar zanjirini uzgan quturgan itdek, qurilishlardagi chang-to‘zon mashinalardan chiqqan karbonat angidrid, azot oksidi va metan bilan qo‘shilib o‘pkangni yemiradi. Dehliga borganimda xuddi shunday havoni sezgandim. Hatto aholi o‘ta zich joylashgan Chilonzordek mavzelardagi har qarich joyda ko‘p-ko‘p qavatli turar joylar qurilyapti. Mashinalar tirbandligidan charchab metroga tushsam, avvallari kunduzi bemalol bo‘ladigan metro vagonlari ham odamlarga to‘la.
Ey to‘xta, farosating bormi, o‘zimiz yashaymiz shu yerda, deydigan odam bormi bu shaharda o‘zi? Kecha ikki tonnali Bentlida bir odam o‘tib ketdi. Lekin Bentlida bo‘lasizmi, qasrda yashaysizmi, shu shaharda bo‘lsangiz, sizning ham o‘pkangiz chiqindixonaga aylangan. Bolalaringiz kasal bo‘lishi xavfi juda yuqori. Pandemiyada virus boy va kambag‘alni ajratmaganidek, yomon havo ham odamni tanlab o‘tirmaydi. Vakuum yaratolmaysiz. Bu zaharli havo nafaqat o‘pka kasalliklari yo saraton, yurak-qon kasalliklari, tomirlardagi tromblar va miyaga qon quyilishiga ham sabab bo‘ladi», – deb yozdi jurnalist o‘zining Facebook'dagi sahifasida.
«O‘zgidromet» xodimi Erkin Abdulahadov ham Toshkent havosi ba’zida nafas olib bo‘lmas darajada ifloslanayotganini tasdiqladi.
«Ha, poytaxt havosi muttasil doimiy bo‘lmasa-da, ora-orada nafas olib bo‘lmas darajada ifloslanayotganidan xavotirga tushasan. Ba’zan o‘ta zich transport harakati effekti «O‘zgidromet» statsionar postlari ma’lumotida ham ko‘rinib qoladi. Masalan, 2 oktyabr erta tong soat 07:00 da poytaxt havosi bir muddat nafas olib bo‘lmaydigan darajada ifloslandi. Asosiy manba karbonat angidridning keskin oshib ketishida ko‘rindi. O‘shanda PM-2,5 mayda dispers zarrachasi ham me’yordan ortib ketdi.
Mediklarga ma’lumki, soch tolasidan 40 barobar kichkina deyarli ko‘rinmas PM-2,5 mayda dispers zarrachalarining havoda me’yordan ko‘p bo‘lishi kishilar nafas olganda hech qanday to‘siqlarsiz, o‘pka to‘qimalariga urilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri qon orqali yurakka yetib borish xususiyatiga ega. Va bu – tabiiyki, inson salomatligi uchun o‘ta xavfli jarayon ekani kundek ravshan», – deb yozadi mutaxassis.
U poytaxt havosidagi vaziyat va kelgusi prognozlar ham havas qilarli darajada emasligini ta’kidlagan.
Ijtimoiy tarmoqning qator foydalanuvchilari yuqoridagi fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan.
«Men bu haqda tez-tez yozib turaman. «Dom»larning orasidagi himoya hududlariga ham yangi binolar qurishyapti. Toshkent odam yashab bo‘lmaydigan shaharga aylanib bo‘lgan. «Shaharning mutlaq egasi menman», deydigan toifa paydo bo‘lgan. Ular ekologiyani ham, arxitekturani ham sariq chaqaga olmaydi», – deya izoh yozgan bir foydalanuvchi.
Boshqa bir foydalanuvchi Toshkentdan fayz ketganini ta’kidlagan.
«Toshkentdan fayz ketganiga ancha bo‘lgan. Mashinalarning haddan tashqari ko‘pligi, rejasiz qurilayotgan binolar, vahshiylarcha kesilayotgan daraxtlar poytaxtning ko‘rinishini butunlay o‘zgartirib yuborgan. Tug‘ilib o‘sgan va eng yaxshi yillarim o‘tgan shaharni taniyolmay qolyapman. Toshkentni asrab qolish uchun barcha qurilishlarni to‘xtatish, ularni shahardan tashqariga chiqarish kerak, ko‘proq ko‘kalamzor zonalarni yaratish zarur. Hozirning o‘zida Toshkent dunyodagi eng havosi zaharlangan shaharlar qatoriga kirib qoldi – bu nihoyatda achinarli holdir», – deydi u.
Yana bir tarmoq foydalanuvchisi "Azim Changkentimiz kundan-kunga ochilib boryapti", – deya kinoyali post qoldirgan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyi davomida atmosfera havosiga umumiy tashlanmalarning 1 million 295 ming tonnasi (58,8 foiz) transport vositalari hamda 909 ming tonnasi (41,2 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
14:20 / 24.10.2024