Jahon | 11:35 / 13.10.2022
4988
2 daqiqa o‘qiladi

Amnesty International Latviyani muhojirlarga bo‘lgan munosabati uchun tanqid qildi

Latviya Suriya va Iroqdan kelgan muhojirlarni qiynoqqa solib, noqonuniy ravishda deportatsiya qilmoqda, deb xabar berdi inson huquqlari tashkiloti. Amnesty International Yevropa ittifoqini Latviyani bu amaliyotni to‘xtatishga majbur qilishga chaqirdi.

Foto: baltics.news

Amnesty International (AI) inson huquqlari tashkiloti Latviyani himoyaga muhtoj muhojirlarni o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olish, qiynoqlar qo‘llash va deportatsiya qilishda aybladi. Suriya, Iroq va boshqa mamlakatlardan kelgan erkaklar, ayollar va bolalar Belarus bilan chegaradagi o‘rmonli hududlarda noma’lum joylarda ushlab turilib, keyinchalik bu davlatga noqonuniy ravishda deportatsiya qilinmoqda, deyiladi AI’ning 13 oktyabr, payshanba kuni e’lon qilingan hisobotida muhojirlar ko‘rsatmalari va o‘z tekshiruvlariga asoslanib.  

Amnesty International Yevropa ittifoqini Latviyani bu amaliyotni to‘xtatishga majbur qilishga chaqirdi. «Latviya himoyaga muhtoj bo‘lganlarga dahshatli ultimatum qo‘ydi - yoki o‘z mamlakatlariga «ixtiyoriy» qaytishga rozi bo‘lish yoki chegarada qolish, u yerda esa ularga qo‘lga olish, qiynoqlar va noqonuniy deportatsiya bilan tahdid qilinmoqda. Bularning barchasi chegara xavfsizligiga hech qanday aloqasi yo‘q narsalar va xalqaro huquq hamda Yevropa ittifoqi normalarini ochiqdan-ochiq buzadi», dedi AI Germaniya bo‘limi matbuot kotibi Yuliya Duxrov. 

Latviya Aleksandr Lukashenko boshchiligidagi Belarus hukumatini inqirozli hududlardan muhojirlarni qo‘shma chegaraga o‘tkazishni tashkil qilishda ayblamoqda. 2021 yil yozi oxirida Yevropa ittifoqining tashqi chegarasidagi vaziyat keskin yomonlashdi. Minglab muhojirlar Yevropa ittifoqiga noqonuniy yo‘l bilan kirishga harakat qilishgan. 

Shundan so‘ng Latviya Belarus bilan chegaradosh mintaqada bir necha bor favqulodda holat rejimini joriy qildi. Bu Latviya hukumatiga boshpana olish huquqini samarali ravishda bekor etish va «odamlarni beg‘araz ravishda Belarusga majburan deportatsiya qilish» imkonini berdi, deydi Amnesty. Shu bilan birga, inson huquqlari tashkiloti Minsk rahbariyatini keskin tanqid qilgan. 

Mavzuga oid