O‘zbekiston | 12:57 / 13.10.2022
16392
4 daqiqa o‘qiladi

Uzcard yana xususiylashtirildi

Davlatning Uzcard'dagi 75 foizlik ulushi kompaniyaning qolgan to‘rt nafar ta’sischisiga sotilgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sentabr oyida ro‘y bergan xususiylashtirish haqida OAVda tarqalgan xabarlardan keyingina rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Uzcard

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJ (Uzcard) yana xususiy kompaniyaga aylandi. Undagi 75 foiz davlat ulushi kompaniyaning qolgan 25 foiziga egalik qilgan Kamron Akbarov, Timur Azadov, Mansur Usmonov va Obid Ag‘zamxo‘jayevga o‘tkazildi. Endi ularning har biri kompaniyada 25 foizlik ulushga ega.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, xususiylashtirish bo‘yicha bitimlar qiymati baholovchi kompaniya xulosasiga asosan jami 210,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Kompaniyadagi davlat ulushini sotib olishda boshqa ta’sischilar “Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq imtiyozli huquqdan foydalangan.

“Jamiyatning ustav fondidagi 75 foiz davlat ulushi jamiyatning qolgan 4 nafar ishtirokchilari tomonidan, imtiyozli huquqdan foydalangan holda, o‘z ulushlarining miqdoriga mutanosib ravishda har biriga 18,75 foizdan O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni hamda Mulkni baholash milliy standartining talablariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan mustaqil baholovchi "Real Excellent Valuation" MChJ tomonidan baholangan qiymatda, jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotib olish istagi bildirilgan.

Shunga ko‘ra, “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJning 75 foiz davlat ulushini jamiyatning qolgan 4 nafar ishtirokchilariga o‘z ulushlarining miqdoriga mutanosib ravishda baholangan qiymatda, jami 210,1 mlrd so‘mga sotish yuzasidan oldi-sotdi shartnomalari imzolangan.

O‘z navbatida, mazkur shartnomalarga muvofiq, joriy yil sentabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xususiylashtirish jamg‘armasiga kelib tushgan ushbu mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlangan”, – deyiladi “Davaktiv” axborotida.

E’tiborlisi, o‘tgan oyda ro‘y bergan xususiylashtirish haqida oktyabr oyi o‘rtasiga kelib, bu borada ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlardan keyingina ma’lumot bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning may oyida tadbirkor Oybek Tursunov Uzcard'ning 75 foiz ulushiga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, Tursunovning 75 foizlik ulushi 5ta davlat banki – O‘zmilliybank (51 foiz), Asakabank (6 foiz), Ipotekabank (6 foiz), O‘zsanoatqurilishbank (6 foiz), Aloqabank (6 foiz) tijorat banklariga o‘tkazildi.

2022 yil avgust oyida kompaniya ustav kapitalidagi 5 ta davlat bankining jami 75 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgani va bu ulush to‘liq sotilishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid