Mbappe «PSJ» bilan xayrlashishi mumkin. So‘nggi mojaro tafsilotlari
Kilian Mbappe Chempionlar Ligasida «Benfika» (1:1) darvozasini penaltidan ishg‘ol qilib, turnir tarixidagi «PSJ» to‘purarlari ro‘yxatida Kavanidan o‘zib ketdi va birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Endi uning hisobida 31 ta gol bor. Ammo, voqeadan bir necha soat oldin Fransiya matbuoti turli insaydlar bilan «portladi»: Kilian Mbappe «PSJ»ni tark etmoqchi. Ha, yangi shartnoma imzolaganidan atigi bir necha oy o‘tgach.
Birinchi nufuzli manba Marca jurnalisti Mario Kortegana bo‘lib, u muntazam ravishda Madridning «Real» klubi haqida haqqoniy ma’lumotlar berib turadi. Uning aytishicha, Mbappe «PSJ»dan tezroq ketmoqchi. Biroz vaqt o‘tgach, Fabritsio Romano va boshqa bir qator manbalar ma’lumotni tasdiqladi.
Mbappe aldanganiga ishonmoqda: unga Neymarni sotib, Levandovskini olishga va’da berishgandi
Marca nashri yozishicha, Kilian va «PSJ» o‘rtasidagi munosabatlar uzil-kesil buzilgan. Mbappe o‘zini aldangandek his qilmoqda – may oyida, shartnoma uzaytirilishidan oldin unga yangi loyiha va’da qilingan, ammo istaklar ro‘yxatidagi ko‘plab bandlar bajarilmagan.
Asosiy nuqtalardan biri – Neymarning sotilishi. May oyida nufuzli L’Équipe nashri Mbappe va Neymar bir jamoada chiqishib keta olmagani va fransuz braziliyalikning ketishini talab qilgani haqida xabar bergandi.
«PSJ» prezidenti Nosir Al-Xilayfiy Neymarning Parij loyihasidagi roli haqida har doim noaniq gapirgan, biroq uni sota olmadi. Endi Mbappe va Neymar bir-biri bilan muntazam ravishda janjallashmoqda.
Yana bir muammo – yozgi transfer kampaniyasi. RMC Sport xabariga ko‘ra, Kilian «PSJ» tomonidan ilg‘or hujumchi pozitsiyasi yopilmaganidan norozi, chunki endi maydonda aynan shu vazifani bajarishiga to‘g‘ri kelmoqda. «PSJ» Mbappega yozda Levandovskini sotib olishni va’da qilgani haqida Le Parisien ham yozgan edi.
Norozilikning yana bir sababi – murabbiy tanlash. Mbappe «PSJ»ni Zinedin Zidan boshqarishini istagan.
L’Equipe nashriga ko‘ra, Kilian iyul oyidayoq «PSJ» loyihasidan hafsalasi pir bo‘lgan va ketishni xohlagan. Le Parisien esa Mbappe chempionatning dastlabki o‘yinini jarohati tufayli emas, balki rahbariyat bilan kelishmovchilik tufayli o‘tkazib yuborganini aniqladi.
France Blue nashri yozishicha, futbolchi o‘z yaqinlariga shunday degan: «Biz xato qildik, men esa – birinchi navbatda». Foot Mercato nashrining ta’kidlashicha, top-klublar Mbappega yozda ham (ha, yangi shartnoma imzolagandan keyin) qiziqish bildirishgan va «PSJ» vakili Antero Enrike uning narxi 400 mln yevro ekanini aytgan.
Endi erkin agent sifatida ketish qiyin bo‘ladi, biroq, uning «PSJ» bilan imzolagan shartnomasi muddati haqidagi tafsilotlar chalkash. L’Équipe xabariga ko‘ra, shartnoma faqat 2024 yilgacha uzaytirilgan. Ammo Mbappe klub rahbariyati iltimosiga binoan, 2025 raqamli futbolka bilan suratga tushishga rozi bo‘lgan.
Le Parisien olovga yog‘ sepdi: «PSJ» sport maslahatchisi Luish Kampush ham ketmoqchi. Agar Mbappe va Kampush ketsa, bosh murabbiy Kristof Galte ham klubni tark etmoqchi.
Rasmiy izohlar har doimgidek lo‘nda va sovuqqon. Kampush «PSJ» bilan uch yillik shartnomasi borligi va klubda ishlayotganidan baxtiyor ekanini aytdi. Shuningdek, Mbappe haqidagi mish-mishlardan hayratda qolgani, Kilian bilan har kuni muloqot qilishi, u ketish istagi haqida hech qachon gapirmaganini ta’kidladi.
«Real Madrid» yana kurashga qo‘shiladimi? Bu aniq emas, lekin chorshanba kuni Mbappe Madridga bordi (buqalar jangini tomosha qilish uchun)
Tabiiyki, Mbappening ketish istagi haqidagi insaydlardan so‘ng, «Real»ning Mbappeni qo‘lga kiritish istagi haqida insaydlar paydo bo‘ldi. Nufuzli jurnalist Fabris Houkinsning ma’lum qilishicha, «Real» hamon shartnomaga qiziqish bildirmoqda, garchi klub ehtimoliy transfer narxidan xomush bo‘lsa-da.
Ammo boshqa fikr ham bor. «Real» bo‘yicha ishonchli insayder Xose Feliks Diasning so‘zlariga ko‘ra, hozirda klub Kilianni sotib olish haqida o‘ylamayapti. Mbappe «PSJ»da qolish qaroridan afsusda ekanini Madriddagilar biladi, ammo endi bu hech kimni qiziqtirmaydi.
Ispaniya matbuoti bir masalada yakdil: «PSJ» Mbappeni aynan Madridga bermoqchi emas va bu holat futbolchi uchun muammo. Nega? Taxminlar bir necha, asosiysi – «Real» rahbariyati («Barselona» va «Yuventus» bilan birga) Yevropa top-klublarini birlashtirishga qaratilgan Superliga loyihasi asoschisi. «PSJ» xo‘jayini Al-Xilayfiy esa Superliganing ashaddiy raqibi bo‘lmish UYeFA rahbari Cheferin bilan yaxshi munosabatlarga ega. Albatta qatarlik mulozim «Oltin to‘p»ning kelajakdagi ehtimoliy egasini Madridga berib yuborishdan manfaatdor bo‘lmasa kerak.
L’Équipe xabariga ko‘ra, Mbappe uchun «Liverpul» ham da’vogar bo‘lgan, biroq, faqat erkin agent sifatida. Mersisaydliklar transfer uchun 400 million yevro berolmaydi.
«Real» Mbappe uchun kurashadimi? Yaxshi savol. Kilian «PSJ» bilan muzokaralarda «Real» bilan kelishuvidan foydalangani Florentino Peresga yoqmagani haqida Marca yozgandi. Iyun oyida prezident jamoada butunlay boshqa Mbappeni ko‘rishni orzu qilganini yashirmadi.
Peres qayg‘uga cho‘mgan holda so‘zladi: «Madridda o‘ynash uning orzusi edi. Biz u bilan o‘tgan yilning avgust oyida shartnoma imzolashni xohlagan edik, ammo «PSJ» uni qo‘yib yubormadi. Hatto qaror qabul qilishidan 15 kun oldin u «Real»da o‘ynashni xohlayotganini aytdi. Endi bu men olib kelmoqchi bo‘lgan Mbappe emas. U orzusiga xiyonat qildi.
Unga ko‘p narsalarni va’da qilishdi, bosim o‘tkazishdi. «Real»da hech kim klubdan ustun qo‘yilmaydi. U g‘alaba keltira oladigan ajoyib o‘yinchi, ammo bu jamoaviy sport. Bizda qadriyatlar va tamoyillar bor, ularni o‘zgartira olmaymiz. Mbappe menga yoqadi. U harakat qildi, lekin bosim ostida fikrini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Onasi uning «Real»ga o‘tishini xohlardi. Uning hafsalasi pir bo‘lganini eshitdim».
Mbappe chorshanba kuni Madridda bo‘ldi. Ramos, Donnarumma va Navas bilan birga shaharning mashhur Las Ventas arenasida bo‘lib o‘tadigan buqalar jangini tomosha qildi. Tabiiyki, endi Madrid «tashrifi» «Real» haqidagi yangi mish-mishlarni bolalatadi.
Mavzuga oid
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
13:55 / 23.10.2024
«Real»da yana kambek, «PSJ» og‘ir vaziyatda. Kun o‘yinlari
14:26 / 17.10.2024
Mbappe jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanmoqda
23:12 / 30.09.2024