O‘zbekiston | 10:00 / 16.10.2022
37602
17 daqiqa o‘qiladi

Putinga qo‘yilgan talab, havosi iflos Toshkent va IIBBning “soxta obro‘si” - hafta dayjesti

Uydan haydab chiqarilayotgan ijarachilar muammosini ko‘targan talaba IIBga “profilaktik suhbat”ga chaqirildi. Agar qonunlar to‘g‘ri ishlasa, uni suhbatga chaqirganlarning o‘zlari suhbatga chaqirilishi kerak – ijod erkinligiga to‘sqinlik qilgani, mansab vakolatidan chetga chiqqani uchun. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Rahmon Putindan SSSR paytidagidek munosabatni bas qilishni talab qildi

Dayjyestimizni haftaning eng asosiy siyosiy voqeasi bilan boshlasak. Juma kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi birinchi sammitda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kutilmagan chiqishi bilan ko‘pchilikni hayron qoldirdi. U o‘zining 8 daqiqa davom etgan hissiyotli nutqida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni keskin tanqid qildi.

Rahmon aylana stolda ro‘parasida o‘tirgan Putinga murojaat qilarkan, uning SSSRni tiklash haqidagi eng oxirgi umidlarini ham butkul ko‘mib tashlagan bo‘lsa ajab emas. Tojikiston prezidenti Moskvaning Markaziy Osiyo davlatlarini teng huquqli sherik deb ko‘rmasligini ochiqchasiga Putinning yuziga aytdi. “Biz har doim asosiy strategik hamkorimizning manfaatlarini hurmat qilib kelganmiz. O‘z navbatida, bizni ham hurmat qilishlarini xohlaymiz”, dedi u.

Rahmon nutqining oxirida gapning po‘skallasini aytib qo‘ya qoldi: “Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sobiq sovet ittifoqida bo‘lgani kabi siyosat bo‘lmasin”.

Foto: AKIpress

E’tiborlisi, bu yangi formatdagi sammit aynan Rossiya prezidentining tashabbusi bilan o‘tkazilgan edi. Xalqaro maydonda obro‘sizlanib, tobora yakkalanib borayotgan Putin bu orqali go‘yoki qalin ittifoqchilari bordek ko‘rsatishga uringandir ehtimol, lekin amalda buning butkul teskarisi bo‘lib chiqdi. U yaqin yillarda hali hech qaysi xalqaro anjumanda bunaqangi dashnom eshitmagandi. Qisqasini aytganda, Rahmonning chiqishi Rossiya rahbariyati uchun diplomatik va geosiyosiy frontdagi katta mag‘lubiyat bo‘ldi.

Umuman olganda, Ukrainaga bosqindan keyin hozirgi Rossiya rahbariyatining o‘zi nechta ittifoqchisi qolgan, degan savolga javob shu hafta ma’lum bo‘ldi. Chorshanba kuni BMT Bosh assambleyasida dunyoning naq 143 ta davlati Ukrainaning 4 ta hududi Rossiya tomonidan annexia qilinganini qoraladi va Moskvadan bu qarorlarini bekor qilishni talab qildi. Bu haqdagi rezolyutsiyaga bor-yo‘g‘i 5 ta davlat qarshi chiqdi. Rossiyaning o‘zidan tashqari, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Nikaragua.

35 ta davlat, xususan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy rezolyutsiyaga ovoz bermadi.

Shu o‘rinda, Markaziy Osiyo va Rossiya mavzusini davom ettirib aytishimiz kerakki, oxirgi paytlarda Kremlga qarshi demarsh qilayotgandek ko‘ringan ittifoqchi faqat Tojikiston emas. Qirg‘iziston ham Moskva bilan munosabatlari iliq emasligini yashirib o‘tirmayapti.

O‘tgan hafta bu norozilik Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Chingiz Kustebayevning tilidan yangragan edi. U qirg‘iz-tojik chegarasidagi qonli voqealardan keyin Vladimir Putin Imomali Rahmonga yana orden berganini qoralagandi.

“Qirg‘izistonga qarshi o‘tgan yili aprel oyidagi harbiy tajovuzdan keyin ham darhol Tojikiston prezidenti taqdirlangan edi. Endi esa unga go‘yoki “mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun” Rossiyaning “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni berilyapti”, – degandi Qirg‘iziston vakili.

Shundan keyin, bu bayonotga mos ravishda, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Putinning 70 yoshli yubileyini nishonlash uchun Sankt-Peterburgga bormadi. Uning matbuot kotibi buni Japarovning “ish grafigi” bilan izohlab qo‘ya qolgandi.

Payshanba kuni bu uch prezident Ostonada uchrashdi. Uchrashuv boshida Imomali Rahmon Sadir Japarov bilan qo‘l berib ko‘rishishni istamadi.

Rossiyadagi vatandoshlarning videomurojaatlari

Qrim ko‘prigining portlatilishi va Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga yangi qo‘mondon tayinlanishi ortidan dushanba va seshanba kunlari Ukrainaning ko‘plab shaharlariga bombalar yog‘dirildi. Vaziyat jiddiylashishi ortidan O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat bilan chiqib, mamlakatni tark etishga chaqirdi. Shuningdek, diplomatlarimiz vaziyat izga tushgunga qadar Ukrainaga bormay turishni maslahat beryapti.

Afsuski, urush sabab Rossiyaning ayrim hududlaridagi vatandoshlarimizning ham hayoti xavf ostida. 11 oktyabr kuni Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh Kursk viloyatidagi tibbiyot universitetida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar videomurojaat bilan chiqib, prezidentdan ularning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishni so‘radi. So‘nggi vaqtlarda bu yerga raketa zarbalari ko‘paygan, hududdagi atom elektr stansiyasiga ham hujumlar bo‘lgan.

Videodan kadr

“Biz o‘zimizdan o‘zimiz vahima ko‘tarayotganimiz yo‘q. Qozog‘iston Respublikasi bu yerda hali vaziyat uncha notinch bo‘lmay turgan paytda – mart oyidayoq o‘z talabalarining o‘qishini Qozog‘istonga ko‘chirib bergan edi. Biz esa mana endi, vaziyat sal xavotirli tus olayotgan paytda murojaat qilyapmiz”, – dedi talabalar.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi diplomatlari vaziyatni o‘rganish va muammoga yechim topish uchun Kursk viloyatiga yo‘l olgan.

Foto: Telegram / Astra

Shu hafta Rossiyadagi vatandoshlarimiz tarqatgan yana bir video ham urushga taalluqli. Moskvada yashovchi Siroj Nabiyev harbiy komissarlikdan chaqiruv qog‘ozi olganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hech qachon Rossiya fuqarosi bo‘lmagan, shuning uchun hech qanaqa harbiy hisobda ham turmaydi.

“Men allaqachon O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qildim, ular menga kelib ariza yozishimni aytishdi. Chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha hech qayerga bormasligim haqida ham ogohlantirishdi”, – deydi u.

IIBB qachondan beri senzor bo‘lib qoldi?

Video muallifning "Uzglobal TV" nomli YouTube-kanalidan o‘chir(tir)ilgan.

Rossiyadagi safarbarlik nafaqat Moskvadagi, balki o‘zimizning Toshkentdagi ko‘plab hamyurtlarimizga ham boshog‘riq bo‘ldi. Muhojirlar oqimi sabab poytaxtda ijara narxlari oshdi. Oshgan narxda to‘lashni xohlamagan ijarachilarni uydan chiqarib yuborish holatlari kuzatilyapti.

Ana shunday holatlardan biri deb ko‘rilgan video shu paytgacha ham og‘riqli bo‘lgan ijara mavzusini trendga chiqardi. Videoda bir ayol talaba qizlarni uydan haydab chiqarayotgani, uyni 600 dollarga boshqa odamga bermoqchi ekani aks etgan.

Keyinchalik bu video Jurnalistika universiteti talabalarining to‘qima ijodi ekani ma’lum bo‘ldi. Universitet bayonotida aytilishicha, Kun.uz'da chiqqan “Xavf ostida yashayotgan ijarachi qizlar” sarlavhali maqolani o‘qigan 1-kurs talabalari shunday video olishga qaror qilishgan.

Qizig‘i shundaki, kursdoshlari bilan birga real ijtimoiy muammoni o‘z vaqtida ochib bera olgan video muallifi buning uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi muallifni topib, u bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazdi va bu haqda vahimali reportaj e’lon qildi. Reportajda video muallifi “soxta obro‘ orttirish”da ayblangan.

IIBBning ijod erkinligiga qarshi sodir etgan bu qilmishi haqli ravishda jamoatchilik tanqidiga uchradi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev buni “sharmandalik” deb atab, ichki ishlar tizimiga “ishi yo‘q it sug‘orar” degan naqlni eslatdi. Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja talabalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni xafa qildirib qo‘ymasligini aytdi. “Yangi O‘zbekiston – bu erkin O‘zbekiston, ijodkorlarga ochiq O‘zbekiston”, deya ichki ishlar tizimiga murojaat qildi rektor.

Bu voqealar fonida boshqa bir yoshlar tomonidan ayni shu ijara mavzusida ishlangan yana bir rolik tarqaldi. Shahar IIBB tanqidlardan tegishli xulosa chiqarib, bu rolik mualliflarini profilaktik suhbatga chaqirmaydi deb umid qilib qolamiz.

Rossiyadan keluvchilar soni 3 barobarga oshgan

Toshkentda ijara ajiotaji 21 sentabrda e’lon qilingan safarbarlikdan avvalroq, shaharga talabalar kelgan paytdan boshlangandi. Qochqinlar oqimi esa vaziyatni jiddiylashtirdi. Shunday sharoitda hukumat talabalarga istisno tariqasida qo‘shimcha yordam berishga qaror qildi.

Vazirlar Mahkamasi bayoniga ko‘ra, boshqa hududdan kelib, yotoqxonaga joylashmagan 1-kurs talabalariga sentabr va oktyabr oylari uchun istisno tariqasida ijara shartnomasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi. Noyabrdan boshlab esa, yana avvalgi tartibda, ya’ni faqat ijara shartnomasi bor talabalarning xarajatlari qisman qoplab beriladi. Eslatib o‘tamiz, oylik kompensatsiya miqdori Toshkent shahrida 300 ming so‘mgacha, viloyatlarda esa 150 ming so‘mgacha deb belgilangan.

Hafta davomida ijara bozoridagi narxlarni biroz bo‘lsa-da sovitishga umid uyg‘otadigan xabarlar ham bo‘ldi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, safarbarlikdan qochgan rossiyaliklar eng ko‘p borayotgan davlatlardan biri – Qozog‘istonda ijara narxlari sekin-asta pasaya boshlagan. Juma kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlikni 2 hafta ichida yakunlashga va’da berdi.

Aynan 21 sentabrdan keyin qancha rossiyalik O‘zbekistonga kelgani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmayapti. Statistika qo‘mitasi shu hafta ochiqlagan raqamlarga ko‘ra, sentabr oyida O‘zbekistonga Rossiyaning 78 ming fuqarosi turistik maqsadda kirib kelgan. Bu – aprel oyidagi ko‘rsatkichdan 2,7 barobarga ko‘p. Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 21 sentabrdan 5 oktyabrgacha O‘zbekistondagi davlat maktablariga Rossiya fuqarolarining 30 nafar farzandi qabul qilingan.

2022 yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 2,6 foiz qadrsizlandi. / Infografika: Markaziy bank saytidagi informerdan skrinshot

Shu va boshqa voqealar fonida dollar kursi may oyidan beri birinchi marta yana 11 100 so‘mlik psixologik nuqtadan o‘tdi. Yil boshidan beri so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi 2,6 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, global miqyosda beqarorlik ro‘y berganda kuzatiladigan odatiy tendensiya takrorlanyapti: AQSh dollarining boshqa valutalarga nisbatan qiymati oshyapti. Ayni paytda jahon bozorlarida dollar 20 yillik maksimum narxlarda sotilyapti.

Toshkentdagi zaharli havo va tezlik cheklovi

Ijara narxlaridan tashqari, hafta davomida ekologiya va yo‘llardagi xavfsizlik muammolari ham aktual bo‘lib turdi. Gidrometeorolog Erkin Abdulahadovning yozishicha, 12 oktyabr kuni soat 18:00da Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanishi bo‘yicha 8-o‘ringa chiqdi. Bu vaqtda havodagi PM-2,5 dispers zarrachalari me’yoriy qiymatlardan oshib ketgan.

Afsuski, Toshkent zaharli havoda bo‘g‘ilib qolayotgan paytlar borgan sari tez-tez uchrab turibdi. “O‘zgidromet” statsionar postlari qayd etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 oktyabr kuni ertalab ham Toshkent havosi bir muddat nafas olib bo‘lmaydigan darajada ifloslangan.

Ekologiya va daraxtlar kesilayotgani mavzusida bong urib kelayotgan jamoatchilik hozircha qoniqarli biror natijaga erisha olmadi. Lekin faollar boshqa bir “frontda” – shaharda avtohalokatlarni kamaytirish masalasida birinchi g‘alabaga erishdi. Toshkent kichik halqa avtomobil yo‘li ichidagi barcha ko‘chalarda harakatlanish tezligi 70dan 60 km/soatga tushiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, qator ko‘chalarda tezlik 50 km/soatgacha pasaytirildi.

Bu haqdagi qaror Toshkent shahar kengashida yana bir ovozdan qabul qilindi. Yana deyotganimizga sabab – xuddi shu kengash ikki hafta oldin bu yangilikka shubha bilan qarab, uni ko‘rib chiqishni kechiktirishni ham bir ovozdan ma’qullagan edi. Yodingizda bo‘lsa, shundan keyin jamoatchilik faollari deputatlarni tanqid qilib, shaharda tezlikni pasaytirish prezident topshirig‘i ekanini eslatgandi.

Yangilik qachondan kuchga kirishi aniq emas. Kichik halqi yo‘li ichidagi hamma ko‘chalarda tezlik cheklovi 60 km/soatga tushirilishi uchun Hukumat qoshidagi maxsus komissiyaning ham qarori imzolanishi kerak. Qator ko‘chalarga “50” belgilarini o‘rnatib chiqish ishlari esa boshlangan.

Ma’lumot uchun, shu yilning 8 oyida Toshkentda 775 kishi avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan. Bu – dahshatli darajada katta raqam. Halokatlarning har ikkitadan bittasiga tezlik oshirilishi sabab bo‘lyapti.

Fuqarolar tashabbuslariga – 8 trillion so‘m

"Tashabbusli budjet"da g‘olib chiqqan mahallaning asfaltlangan ko‘chasi / Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Fuqarolik jamiyati uchun yana bir yaxshi yangilik. Keyingi yil “Tashabbusli budjet” loyihalariga ajratiladigan mablag‘lar soni 3,5 barobarga oshiriladigan bo‘ldi. Bu degani budjetning 8 trillion so‘m pulini qayerga ishlatishni amaldorlar emas, odamlarning o‘zlari hal qiladi.

Prezident topshirig‘iga asosan, 2023 yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali, aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi. Boshqacha aytganda, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari “Tashabbus budjet”ga qo‘shib yuboriladi.

Bundan tashqari, bu yil 2-mavsumda g‘olib deb topilgan 1418 ta loyihaga qo‘shimcha ravishda, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan loyihalarning hammasi moliyalashtiriladigan bo‘ldi. Shunda jami g‘olib tashabbuslar soni 1782 taga yetadi.

“Tashabbusli budjet” nima uchun muhim degan savolga javob oddiy. Siz shunchaki SMS yuborish orqali budjet puli qayerga ishlatilishini tanlashingiz mumkin. Qolaversa, mahalla yo‘lini asfalt qilish, transformatorni almashtirish yoki shunga o‘xshash muammolar uchun hokimiyatga borib, va’dalar amalga oshishini kutib o‘tirish shart bo‘lmaydi: mahalla ahli o‘zi hamjihatlikda bunga pul ajratilishiga erishishi mumkin.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Videodan kadr

Qashqadaryolik fermer G‘uzor tumani markazidagi bank binosi oldiga mollarini haydab keldi. Bu orqali u bankdan noroziligini bildirgan. Ma’lum bo‘lishicha, fermer 2 mlrd so‘m kredit olib, xorijdan zotdor mollar olib kelgan, lekin yetarlicha yer ajratilmagani uchun mollari och qolyapti. Huquqbuzarligi uchun fermer 600 ming so‘m jarimaga tortildi.

Namangan viloyati hokimining qudasiga aloqador metan-shoxobcha qurilishi to‘xtatildi. Odamlarning uyiga taqab qurilayotgan shoxobchaning rasmiy egasi bo‘lgan MChJ rahbari jarimaga tortildi. Odamlarning murojaatlariga qaramay, ochiq-oydin qonunsizlikka ko‘z yumib kelgan hokimlik hech qanday izoh berolmayapti.

Uzcard yana xususiylashtirildi. Kompaniyadagi davlatning 75 foiz ulushi qolgan to‘rt ta’sischi o‘rtasida teng taqsimlandi. Ular buning uchun jami 210 mlrd so‘m to‘lagan. Shaffof o‘tmagan xususiylashtirish tanqidlarga sabab bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Jahon banki aynan xususiylashtirish jarayonlari O‘zbekistonda oligarxiyani vujudga keltirishidan ogohlantirgan.

WizzAir loukosteri BAA poytaxti Abu-Dabidan Samarqandga arzon parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Dekabr oyidan boshlanadigan reyslarda bir tomonga aviachipta narxi agar ertaroq olinsa 40 dollardan boshlanishi aytilyapti. Agar amalga oshsa, bu O‘zbekistonga kirib kelgan birinchi haqiqiy loukoster bo‘ladi.

“O‘zgidromet” bu yilgi qish qanaqa bo‘lishi bo‘yicha prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu yil qishda yog‘ingarchilik taqchil bo‘lishi kutilyapti. Shu bilan birga, anomal sovuq kunlarda havo –5, –10 gacha, shimolda esa –15, –20 gacha tushib ketishi mumkin. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, oldinda turgan qish mavsumida avvalgi yilga qaraganda 7 foizga ko‘proq elektr yetkazib beriladi.

Mavzuga oid