Jahon | 13:50 / 20.10.2022
12727
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Rossiya chekinishni Kaxovska GESga zarba berish bilan yashirishi mumkin

Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Dniproning o‘ng qirg‘og‘idan rossiyalik harbiylarning olib chiqib ketilishini yashirish va Ukraina qo‘shinlarining ushbu daryodan o‘tishi oldini olish yoki kechiktirish uchun Kaxovska GESga soxta bayroq ostida hujum qilishga axborot maydonini tayyorlamoqda. 

Foto: RIA Novosti

Amerikalik tahlilchilar 18 oktyabr kuni Ukrainadagi Rossiya kuchlari qo‘mondoni Sergey Surovikinning Kiyevning Xerson oblastida halokatli suv toshqiniga olib keladigan Kaxovska GES to‘g‘oniga zarba berish niyati haqida olingan ma’lumot to‘g‘risidagi bayonotini eslatdi.

Ukrainaning ushbu oblasti okkupatsion ma’muriyati rahbari Volodimir Saldo bu bayonotni qo‘llab-quvvatladi va Rossiya kuchlarini Xersondan yuqori oqimda joylashgan to‘g‘onlarga zarba berishni rejalashtirayotganlikda aybladi. 

«Aftidan, Rossiya hukumati  Rossiya kuchlari tomonidan to‘g‘onni vayron qilish uchun axborot maydonini yaratish hamda keyingi zarar va yo‘qotishlar uchun Ukrainani javobgarlikka tortish maqsadida Kaxovska GESga Ukrainaning xayoliy hujumi haqida ogohlantirishlarni tarqatishga harakat qilmoqda», - deydi amerikalik ekspertlar. 

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml Rossiya Qurolli kuchlarining uchinchi sharmandali chekinishi haqidagi xabarlarni yashirish uchun bunday harakatlardan foydalanishi mumkin. 

Avvalroq Xerson oblastining okkupatsion hukumati Xersonni tark etib, Dniproning chap qirg‘og‘iga ko‘chayotgani xabar berilgandi. Bu haqda Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina mintaqasining «gubernatori» Volodimir Saldo ma’lum qildi. 

Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni Sergey Surovikin ushbu lavozimga tayinlanganidan beri bergan birinchi intervyusida frontdagi vaziyatni «tarang» deb atadi. 

«Xerson shahrining o‘zi bo‘yicha bizning keyingi rejalarimiz va harakatlarimiz yuzaga kelayotgan harbiy-taktik vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Takror aytaman, vaziyat bugungi kunda juda qiyin», - dedi Surovikin va «qiyin qarorlar qabul qilishi» mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid