O‘zbekiston | 19:19 / 20.10.2022
17418
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Islom moliyasi bo‘yicha mintaqaviy habga aylanishi kerak

Islomiy moliya – xalqaro moliya sanoatining eng tez rivojlanayotgan sohasidir. U eksponensial o‘syapti, keng yoyilyapti, unga qiziqish misli ko‘rilmagan darajada ortyapti.

Hozirgi kunda Islom moliyasi hablari o‘laroq Ko‘rfaz davlatlari hamkorligi kengashi (GCC), Eron, Malayziya va Indoneziya davlatlari xalqaro moliya bozorida o‘z mavqeyini mustahkamlab bormoqda. Ular ko‘plab davlatlar moliya bozorida islomiy moliya sektorini rivojlantirmoqda, xizmatlarni yo‘lga qo‘ymoqda, katta miqdorda moliyaviy resurslarni harakatlantirmoqda.

S&P Global Ratings ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti o‘sishi sur’ati avvalgidan past bo‘lishi kutilayotganiga qaramay, islomiy moliya sektori keyingi ikki yil ichida 10-11 foizga o‘sishda davom etishi kutilmoqda.

Kun sayin rivojlanayotgan islomiy moliya bozori an’anaviy moliya bozorining muhim qismini egallayapti. Bu bozorda yirik o‘yinchilar mavjud bo‘lib, ular mintaqalararo yangi bozorlarga kirib borishda raqobat qilishyapti.

Aytish kerakki, bu raqobatda xalqaro moliya institutlari ham ishtirok etishmoqda va Islom moliyasi bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etishmoqda. Zero bu sohada foydalanilmagan imkoniyatlar talaygina: islomiy moliya bozori yangi moliyaviy resurslar manbai va muqobil mahsulotlar va xizmatlar bozoriga aylanib bormoqda.

So‘nggi yillarda islomiy moliya bozorining MDH davlatlarida ham rivojlanayotganini kuzatish mumkin. Xususan, bir-birini yaxshi bilgan, do‘stona aloqalarga ega Markaziy Osiyoda davlatlarida ham. Va bu mintaqada O‘zbekiston islomiy moliya habiga aylanishi mumkin.

Nega O‘zbekiston?

Musulmonlar ko‘p yashovchi o‘lka

O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi va Ukrainadan keyin MDHda uchinchi o‘rinda turadi (35,8 mln kishi). O‘zbekistonda Islom diniga e’tiqod qiluvchilar aholining 96 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi va MDH davlatlari ichida eng ko‘p musulmonlar yashaydigan davlat hisoblanadi.

Musulmonlar salmog‘ining ko‘pligi ushbu hududda islomiy moliyaga bo‘lgan talab yuqori ekaniga yetarlicha dalil bo‘lib, bu soha rivoji mahsulotlar va hizmatlar bozorining rivojlanishiga, mamlakatga investorlar kelishiga xizmat qiladi.

Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – atrof davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish, tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish hisoblanadi. O‘zbekiston deyarli barcha MDH davlatlari bilan strategik do‘stlik va iliq diplomatiya aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Islom moliyasi tamoyillari esa o‘zaro ishonch va do‘stlik, ahdga vafo, halollik kabi ko‘nikmalarni, ishonchli ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik qilish asoslarini mustahkamlaydi.

Geografik joylashuv

O‘zbekiston aholisi asosan musulmon bo‘lgan Markaziy Osiyoning markazida joylashgan. Bu davlatlar o‘rtasida Islom moliya bozorining integratsiyalashuvida va rivojlanishida asosiy ishtirokchiga aylana oladi.

Ilmiy potensial

Mamlakatda Islom moliyasi nazariyasi va amaliyotini ilmiy yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro Islom akademiyasi, Imom al-Buxoriy xalqaro hadis ilmi markazi, Mir arab madrasasi, Ko‘kaldosh madrasasi kabi bir necha mashhur madrasalar va ta’lim maskanlari mavjud.

Shu bilan birga, mamlakatimizda axborot texnologiyalari, dasturlash hamda IT-sohasini rivojlantirish bo‘yicha IT-parklar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida Islom moliyasi va iqtisodiyoti yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Kutiladigan natijalar

Bank va moliya

O‘zbekiston aholisining qariyb 96 (34 mln aholi) foizini musulmonlar tashkil qilishi, O‘zbekistonda islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan talabning mavjudligidan dalolat beradi. Diniy e’tiqodlari tufayli an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamagan aholi qatlami uchun Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank va moliya xizmatlari taklif etilishi, bu O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va ichki investitsiya hajmining ortishiga sabab bo‘ladi.

Ammo shuni alohida takidlash joizki, Islom moliyasi faqat musulmonlar uchun emas, balki u barcha insoniyat uchun hizmat qiladigan tizimdir. Hozirgi kunda Islom moliyasi hizmatlaridan foydalanayotgan musulmon bo‘lmaganlar soni ham ortib bormoqda.

O‘zbekistonda Islom moliyasi rivojlanishi va uning kelgusida Islom moliyasi habiga aylanishi uchun yaratiladigan shart-sharoitlar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki MDH davlatlarida ham islom bank ishi, kapital bozori, sug‘urta (takaful) va qayta sug‘urtalash (retakaful), nobank institutlari, islom ijtimoiy moliyasi, islomiy fintek, halol sektor bo‘yicha tajriba almashish va hizmat ko‘rsatishda hamda islomiy moliyasi bo‘yicha o‘qitish va kadrlar tayyorlashda ko‘mak beradigan markazga aylanishida muhim o‘rin tutadi.

Ma’lumot uchun, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyoda Islom moliyasi habi hisoblanadi; mamlakatda ham an’anaviy, ham islomiy bank va moliya tizimi rivojlangan, aholisi 33 mln kishi (63,5 foizi musulmon), maydoni 330,3 ming kv km 2020 yil holatiga Islom banki aktivlarining jami bank aktivlaridagi bozor ulushi 34,2 foizni (264 mlrd dollar) tashkil qilgan. Mamlakatda 2015 yil holatiga 1 mlrd dollarlik Vaqf yerlari mavjud bo‘lib, 2019 yilda taxminan 650 mln dollarlik zakot yig‘ilgan.

Turizm

Halol turizmga qiziqish xalqaro segmentda musulmon sayyohlarning ko‘payishi tufayli ommalashib bormoqda. Musulmonlar sayohat bozori jahon sanoatida jadal rivojlanmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, xalqaro musulmon sayohatchilar soni 2022-2023 yilga borib 168 millionga yetishi, turizmdan 255 mlrd dollardan ortiq daromad olinishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning musulmonlar uchun jozibador ziyorat turizm maskani ekanini hisobga olsak, bu bozorning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ulushi ortib borishi imkoniyati juda katta. Islom moliyasining rivojlanishi esa ushbu sektorning ravnaq topishida mahalliy va xorijiy investorlarning mamlakatga investitsiya qilish qiziqishini orttiradi.

Xulosa

O‘zbekiston islomiy moliya bo‘yicha mintaqaviy habga aylanishi mamlakat iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga shubha yo‘q. Yuqorida zikr qilingan va boshqa O‘zbekiston uchun xos bo‘lgan xususiyatlar va imkoniyatlardan samarali foydalanish kerak.

Dunyoda aholi sonining oshishi, resurslar tanqisligi, moliyaviy manbalarning cheklanganligi, migratsiya muammolari, ishsizlik va kambag‘allik ko‘rsatkichlarining ko‘payishi global muammolarga aylanib bormoqda. Muqobil imkoniyatlarni yaratish esa osonlikcha hal bo‘ladigan masala emas. Shu boisdan, har bir imkoniyatdan uzoqni o‘ylagan holda samarali foydalanish – bugungi kunning dolzarb mavzusi.

MDH davlatlarida 280 milliondan ko‘p aholi yashaydi, shundan 90 milliondan ortig‘i – musulmonlar. Mintaqa rivojlanishda davom etayotgan, boy resurslarga ega, barcha imkoniyatlari hali to‘liq ishga tushirilmagan hudud hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida kelajakda muqobil moliyaviy resurslarga talabning yanada ortishiga, diversifikatsiyalashgan moliyaviy xizmatlar turiga ehtiyoj tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Islom moliyasi habi sifatida bu muqobil moliyaviy hizmatlarni yetkazib beradigan asosiy davlatga aylanishi esa, uning har tomonlama rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.

Zamin yaratish

Aholi va tadbirkorlarning islomiy moliya bo‘yicha savodxonligini oshirish lozim. Ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ibotlarni yo‘lga qo‘yish, Islom moliyasini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslarni yaratishni jadallashtirish, sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarini ishlab chiqish, buni O‘zbekistonning kelgusi 5 yillik taraqqiyot strategiyasida aks ettirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Iskandar Tursunov,
INCEIF – Islom moliyasi xalqaro universiteti magistranti, islom moliyasi mutaxassisi

Mavzuga oid