Jahon | 18:11 / 22.10.2022
22873
18 daqiqa o‘qiladi

Honda tarixi: Velosiped ta’mirlovchi usta jahonga mashhur kompaniyaga qanday asos solgandi?

Bugun dunyoda avtomobil va mototsikl ishlab chiqaruvchi kompaniyalar juda ko‘p. Ular orasida Yaponiyaning Honda kompaniyasi alohida ajralib turadi. Kompaniya ancha yillardan buyon dunyoda mototsikllar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinda, avtomobillar va turli o‘lchamdagi dvigatellar ishlab chiqarish bo‘yicha esa yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Honda’ni ikkinchi jahon urushidan keyin oddiy usta tashkil etgan edi.

O‘tgan asrning 70-80-yillarida «yapon mahsuloti» deyilganda sifat jihatdan mukammal bo‘lgan turli buyumlar va texnikalar tushunilardi. O‘sha paytlarda boshqa sohalar kabi Yaponiyaning turli kompaniyalari yuqori texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy mototsikllar va avtomobillar ishlab chiqarardi. Ular orasida Honda Motor Co., Ltd kompaniyasi ham bor edi.

Honda ilk tashkil etilganda asosan mototsikllar ishlab chiqargan. Uning mototsikllari kompaniya nomini dunyoga mashhur qilgach, Honda avtomobillar ishlab chiqara boshlaydi.

Kompaniya ishlab chiqargan mototsikllar va avtomobillariga dunyo bo‘ylab qiziqish kuchli edi va ular muvaffaqiyat bilan sotilardi. Jumladan, 1960-yillar boshiga kelib Honda jahondagi eng ko‘p mototsikl ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylanadi. Kompaniya hanuzgacha bu maveini saqlab kelmoqda.

Kompaniyaga 1948 yilda Soitiro Honda va Takeo Fudzisava asos solgan va u hanuzgacha dunyo avtosanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelmoqda. Bugun dunyoning 20ga yaqin davlatlarida Honda zavodlari bor va ulardan 200 mingdan oshiq odam ishlamoqda.

Foto: globallookpress.com

Soitiro Honda

Soitiro Honda 1906 yilda Xonsyu orolida joylashgan Xammatsu shaharchasida, kambag‘al temirchi oilasida tug‘iladi. Soitironing yoshligi aynan avtomobilsozlik endi rivojlanayotgan davrlarga to‘g‘ri kelgani uchun u avtomexanikaga juda qiziqadi.

Honda 15 yoshida uydan chiqib ketadi va Tokioga borib, u yerdagi ustaxonalardan birida avtomexanik yordamchisi bo‘lib ishlay boshlaydi. 1923 yilda Tokioda kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Shundan so‘ng ko‘plab ustalar vayron bo‘lgan uylarini tiklash uchun band bo‘lishadi.

Ana shunda Honda ilk marta o‘zi mustaqil holda mashina ta’mirlash imkoniyatiga ega bo‘ladi va bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tadi. 1928 yilda Honda ilk patentini qo‘lga kiritadi.

O‘shangacha mashinalarning g‘ildiragi yog‘ochdan yasalgan bo‘lsa, Honda ilk marta metal simlardan foydalanadi va buni patentlashtirib qo‘yadi (Honda faoliyati davomida 150 ta patent olgan).

1928 yilda Honda o‘zi tug‘ilgan shaharchaga qaytib keladi. U yerda Tokioda ishlagan ustaxonasining filialini ochadi va bir necha yil avtomobillarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.

Foto: zap.com.br

1937 yilda Honda Tōkai Seiki korxonasini tashkil etadi va avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqara boshlaydi. Ammo muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Honda Toyota kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi va ehtiyot qismlar yetkazib beradi. Ammo Toyota ehtiyot qismlarni sifatsiz deb qaytarib yuboradi. Shundan so‘ng u Toyota kompaniyasi zavodlariga borib u yerdagi talablarni o‘rganadi va mahsulotlari sifatini talab darajasida ishlab chiqara boshlaydi.

Orada Ikkinchi jahon urushi boshlanadi va Yaponiya iqtisodiyoti faqat harbiy soha uchun ishlay boshlaydi. O‘sha paytda uning korxonasi ham Yaponiya savdo va sanoat vazirligi tarkibiga o‘tib ketadi.

1944 yilda AQSh harbiy samolyotlari tomonidan tashlangan bomba Tōkai Seiki binosiga tushadi va korxona vayron bo‘ladi. 1945 yil 13 yanvarda sodir bo‘lgan zilzila uning yana bir korxonasini yaroqsiz holga keltiradi. Shundan so‘ng uning qo‘lida Toyota kompaniyasining ozroq aksiyalaridan boshqa hech narsa qolmaydi.

Urushdan so‘ng Honda ustaxona ochib u yerda asosan velosipedlarni ta’mirlaydi. Kunlardan bir kun Honda urush paytida kichik elektrostansiyalarda foydalanilgan va tashlab yuborilgan kichik dvigatelni o‘zining velosipediga o‘rnatadi. Natijada, velosiped mopedga aylanadi.

Foto: pikabu.ru

Shundan so‘ng unga odamlar motor o‘rnatib berishni so‘rab o‘z velosipedlarini olib kela boshlashadi. O‘sha paytda tashlab yuborilgan dvigatellar ko‘p edi. Honda ishlarga ulgurmay qoladi va yordamga turmush o‘rtog‘ini ham jalb qiladi.

Keyinchalik korxonasini kengaytirib, o‘n nafardan oshiq ustalarni ishga ham oladi. 1946 yilda Honda o‘zida bo‘lgan Toyota kompaniyasi aksiyalarini sotadi va Honda texnik tadqiqot institutini (Honda Technical Research Institute) tashkil etadi. Bundan maqsad avtomexanika sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlash edi.

Orada eski dvigatellar tugaydi va Hondaning o‘zi kichik dvigatellar ishlab chiqara boshlaydi. Ana shu paytda Hondada motorli velosipedlardan ko‘ra mototsikl ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish rejasi paydo bo‘ladi. Ammo unda bunga yetarli mablag‘ yo‘q edi. Shunda u o‘z loyihasini moliyalashtirish uchun Takeo Fudzisavaga taklif bilan chiqadi.

Honda kompaniyasining tashkil etilishi

1948 yilda Soitiro Honda Honda Motor Corporation kompaniyasini tashkil etadi va 1949 yildan mototsikllar ishlab chiqara boshlaydi. O‘sha paytda dunyoning aksariyat rivojlanayotgan davlatlarida odamlarning mashina sotib olishga qurbi yetmasdi. To‘rt g‘ildirakli ulovni faqat o‘ziga to‘qlar xarid qila olardi.

Ana shunday sharoitda nafaqat Yaponiyada, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida mototsikllarga talab juda katta edi. Buni yaxshi anglagan Honda aynan mototsikl korxonasini tashkil etib to‘g‘ri yo‘l tutgandi.

1950 yilda Honda yangi dvigatellarni ishlab chiqara boshlaydi va ular o‘rnatilgan mototsikllar dunyo bo‘ylab ommalashadi.

Bozordagi talab oshishi ortidan Honda o‘z faoliyatini kengaytira boshlaydi. Natijada, Honda Motor Corporation tashkil etilgandan 10 yil o‘tib, 1959 yilga kelib u dunyodagi eng ko‘p mototsikl ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylanadi.

Honda mototsikllari nafaqat Osiyo va Yevropada, balki AQShda ham keng ommalashadi. 1959 yilda American Honda Motor Company, Inc shu’ba korxonasi tashkil etiladi va mototsikllar AQShning o‘zida ham ishlab chiqarila boshlaydi.

1964 yilga kelib AQShda sotilayotgan har ikkita mototsiklning biri Honda mahsuloti edi.

Avtomobil ishlab chiqarishning boshlanishi

1960-yillarga kelib dunyoning aksariyat davlatlari ikkinchi jahon urushi paytida inqirozga yuz tutgan iqtisodiyotni qayta tiklab, keskin rivojlana boshlaydi. Shundan so‘ng Honda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtiradi.

1963 yilda kompaniya o‘zining ilk avtomobilini ishlab chiqaradi. Bu Honda T360 pikapi edi. O‘sha yili oktyabrda Honda S500 sport avtomobili ham sotuvga chiqariladi. O‘sha paytda Honda avtomobillari faqat Yaponiya va AQShda sotilar edi.

Foto: civicesgroup.com

1973 yilda Honda kompaniyasi uchun bir nechta muhim hodisa sodir bo‘ladi. Kompaniya Honda Civic avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi. O‘sha paytda bu avtomobil juda zamonaviy bo‘lib, kompaniya uning savdosidan katta foyda olishni mo‘ljallayotgandi.

Ammo o‘sha yili Arab-Isroil mojarosi yuz beradi neft qazib oluvchi arab davlatlari G‘arb davlatlariga neft eksport qilishni to‘xtatib qo‘yadi. Oqibatda jahon bozorida yoqilg‘i narxi bir necha barobarga oshadi va avtomobillar savdosi keskin tushib ketadi.

Bu holat Honda kompaniyasining rejalariga aks ta’sir qiladi. Kompaniya mahsulotlariga talab kamayadi. Ana shunday sharoitda, 1973 yilda Soitiro Honda kompaniya prezidentligidan ketadi.

1974 yildan vaziyat izga tushadi va kompaniya Honda Civic avtomobilini muvaffaqiyat bilan sota boshlaydi. 1975 yilga kelib bu turdagi avtomobillardan 1 million dona sotilgan edi.

Foto: bringatrailer.com

1975 yilda kompaniya narxi biroz qimmat bo‘lgan Honda Accord avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi. Bu mashina ham AQShda juda ommalashadi.

Undan keyin ham kompaniya ko‘plab turdagi mashinalar va mototsikllar ishlab chiqaradi va ularning aksariyati muvaffaqiyat bilan sotiladi.

1986 yildan boshlab Honda robotlar ishlab chiqara boshlaydi. O‘sha yili kompaniya avtomobil ixlosmandlariga Acura markasi ostida premium-klassdagi avtomobilni taqdim etadi. Shu tariqa, 1980-yillar oxiriga kelib Honda dunyodagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biriga aylanadi.

1990-1992 yillar oralig‘ida Acura AQShda eng ko‘p sotilgan avtomobillar orasida birinchi o‘rinni, Honda kompaniyasi esa umumiy avtomobillar savdosi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi.

Foto: automotobike.ru

1993 yildan boshlab AQShda kompaniyaga tegishli har ikki modelning savdosi pasayib ketadi. Shundan so‘ng Honda boshqa bozorlarga ham kirib boradi va Hindiston, Vetnam, Turkiya, Indoneziya va Braziliyada o‘z zavodlarini ochadi. Ungacha, 1992 yilda kompaniya Xitoyda qo‘shma korxona ochib, o‘z mototsikllarini ishlab chiqara boshlagandi.

2004 yilda AQShda Honda Aero nomi ostida yana bir shu’ba korxona tashkil etiladi. Unda asosan samolyotlar uchun reaktiv dvigatellar ishlab chiqariladi.

2011 yilda Yaponiya sohillari yaqinida zilzila sodir bo‘ladi. Undan paydo bo‘lgan to‘lqin tufayli kunchiqar yurtning sharqiy sohillarini suv bosadi. Oqibatda, Honda kompaniyasining ko‘plab zavodlariga ham zarar yetadi va ishlab chiqarish to‘xtab qoladi. O‘shanda kompaniya yarim milliard dollar zarar ko‘radi.

Kompaniya haqida ma’lumotlar

Kompaniya shtab-kvartirasi Tokioning Minatao tumanida joylashgan.

Kompaniya 2021/2022 moliyaviy yilida Honda jami 17 million dona mototsikl va kvadrosikl ishlab chiqargan. Undan 14,6 million donasi Osiyoda, qolgani boshqa qit’alarda sotilgan.

Foto: stock.adobe.com

4,1 million dona Accord, City, Civic, Fit/Jazz kabi rusumlardagi yengil mashinalar, Breeze, CR-V, Freed, Odyssey, Pilot, Acura RDX, Vezel/HR-V, XR-V kabi kichik o‘lchamli yuk mashinalar va N-Box mikroavtobuslari ishlab chiqargan.

Ulardan 2 million donasi Osiyo mamlakatlarida, 1,3 million donasi Shimoliy Amerikada, qolgani boshqa mamlakatlarda sotilgan.

Bugungi kunda Honda kompaniyasining Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerikada ko‘plab zavodlari bor va ularda 100 ming nafardan xodim ishlamoqda.

Kompaniyaning eng yirik zavodlari quyidagi davlatlarda joylashgan:

  • Yaponiya — 4ta zavod, 15 ming nafar xodim;
  • AQSh — 7ta zavod (3 zavod Ogayoda, 2ta Shimoliy Karolinada (aviatsiya zavodlari), bittadan Indiana va Alabamada), 17 ming nafar xodim;
  • Kanada — 1ta zavod, 4,2 ming nafar xodim;
  • Meksika — 2ta zavod, 6,3 nafar xodim;
  • Hindiston — 4ta zavod, 10 ming nafar xodim;
  • Indoneziya — 1ta zavod, 7,5 ming nafar xodim;
  • Malayziya — 1ta zavod, 2,6 ming nafar xodim;
  • Filippin — 1ta zavod, 1,3 ming nafar xodim;
  • Tailand — 3ta zavod, 7,5 ming nafar xodim;
  • Vetnam — 2ta zavod, 4,5 ming nafar xodim;
  • Argentina — 1ta zavod, 1,2 ming nafar xodim;
  • Braziliya — 2ta zavod, 10 ming nafar xodim.

Bundan tashqari, kompaniyaning Xitoyda uchta, Kanada va Pokistonda bittadan yirik qo‘shma korxonasi bor. 2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Honda kompaniyasi zavodlarida 210 mingdan oshiq odam ishlamoqda.

Kompaniya aksiyalari dunyoning barcha fond birjalarida savdoga chiqarilsa-da, ular asosan Tokio va Nyu-York fond birjasida sotiladi.

Kompaniyaning eng yirik aksionerlari:

  • The Master Trust Bank of Japan – 15,7 foiz aksiya;
  • JPMorgan Chase – 6,3 foiz aksiya;
  • Custody Bank of Japan – 6,3 foiz aksiya;
  • BlackRock – 6,1 foiz aksiya;
  • Sumitomo Mitsui Trust Holdings – 5,5 foiz aksiya;
  • Mitsubishi UFJ Financial Group – 5,3 foiz aksiya.

Kompaniya nufuzli mototsikl va avtomobil poygalarining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. Jumladan, Formula-1 poygalarida Honda jamoasi ham muntazam qatnashib keladi.

Foto: alamy.com

Honda kompaniyasi ishlab chiqaradigan avtomobillar juda ishonchli hisoblanadi. Jumladan, 2012 yilda Buyuk Britaniya sug‘urta kompaniyalari Honda avtomobillarini eng ishonchli deb topgan edi.

Kompaniya sha’niga tanqidlar

Honda kompaniyasi o‘z avtomobillarini Yaponiyaning Takata Corporation kompaniyasida ishlab chiqarilgan xavfsizlik yostiqchalari bilan jihozlaydi.

2009 yilda Honda mashinasi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi va haydovchi vafot etadi. Hodisani tekshirish jarayonida mashinadagi xavfsizlik yostiqchasi o‘z-o‘zidan ishlab ketgani «avariya»ga sabab bo‘lgani aniqlanadi.

O‘shanda xavfsizlik yostiqchasida foydalanilgan nitrat ammoniya mashinalar YTHga uchramasa ham reaksiyaga kirishib, oqibati fojia bilan tugagandi.

Shundan so‘ng kompaniya Takata Corporation vakillariga xavfsizlik yostiqchasi bilan bog‘liq muammoni ma’lum qiladi. Ammo o‘shanda bu muammoga hech kim jiddiy e’tibor bermaydi.

2014 yilgacha Honda avtomobillarida xavfsizlik yostiqchasi o‘z-o‘zidan ishlab ketishi bilan bog‘liq 100 ta hodisa sodir bo‘ladi va ularning 12 tasi odamlarning halok bo‘lishi bilan tugaydi. Shundan so‘ng kompaniya jami 8,5 millionta avtomobilni qaytarib oladi.

O‘sha paytda jahonning ko‘zga ko‘ringan avtomobilsozlik kompaniyalari BMW, Chrysler, Ford, Mazda, Nissan, Toyota, General Motors va Ferrari kompaniyalari ham qisman Takata Corporation mahsulotlaridan foydalanishardi.

Ular o‘z mashinalariga o‘rnatgan xavfsizlik yostiqchasi ham nosoz deb topiladi. Shundan so‘ng yuqoridagi kompaniyalar Honda bilan qo‘shib hisoblaganda jami 60 million dona avtomobilni qaytarib olishadi.

Bu ishdan eng katta zararni Honda kompaniyasi ko‘radi. Birinchidan kompaniya Takata Corporation mahsulotlaridan boshqalarga qaraganda ko‘proq foydalanardi. Ikkinchidan bu kompaniyaning bir qism aksiyasiga Honda egalik qilardi.

Nosoz xavfsizlik yostiqchalari tufayli kelib chiqqan mojaro ortidan Takata Corporation’ning aksiyalari arzonlab ketadi va bu ham Honda kompaniyasiga salmoqli zarar keltiradi.

Honda umrining oxirida

Soitiro Honda 1973 yilda garchi Honda prezidenti lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, 1983 yilgacha kompaniyada maslahatchi bo‘lib qoladi.

O‘sha yili Honda kompaniyasidan uzil-kesil ketadi va Tokio savdo palatasi va Yaponiya avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi vitse prezidenti etib saylanadi.

Bundan tashqari, u ikkita notijorat tashkilot – Honda Foundation va Xalqaro yo‘l harakati xavfsizligi assotsiatsiyasini (International Association of Traffic and Safety Sciences) tuzadi.

1990 yilda Formula-1 poygalari mavsumi tugagandan so‘ng Soitiro Honda Xalqaro avtosport federatsiyasi tomonidan avtomobil poygasi sportini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun oltin medal bilan taqdirlanadi.

Formula-1 poygalari bilan bog‘liq bunday medal bilan tarixda Ferrari kompaniyasi prezidenti Enso Ferrari va Porsche kompaniyasi egalaridan biri kichik Ferdinand Porshe taqdirlangan.

Soitiro Honda 1991 yilda 85 yoshida buyrak yetishmovchiligi kasalidan vafot etadi.

Kompaniya so‘nggi yillarda

Avtomobillar ishlab chiqarish

Honda kompaniyasi 2021 yilda jami 4 million 456 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, umumiy ro‘yxatda oltinchi o‘rinni egallagan.

Toyota, Volkswagen, Group Hyunday/Kia, General Motors, Stellantis (Fiat Chrysler Automobiles (FCA) va Fransiyaning Groupe PSA kompaniyalarini o‘z tarkibiga olgan xalqaro korporatsiya) Honda kompaniyasidan yuqorida, Nissan, Ford, Renault va BMW pastda joylashgan.

2021 yilda kompaniyaning ikkita rusumi dunyodagi eng ommabop avtomobillari o‘ntaligiga kiradi. Bular Honda CR-V (yil davomida 713 143 dona sotilgan) va Honda Civic (569 ming dona sotilgan) rusumlari edi.

Motosikl ishlab chiqarish

2021 yilda Honda kompaniyasi 17 million dona mototsikl va kvadrosikllar ishlab chiqargan. O‘tgan yilda jahonda ishlab chiqarilgan har oltita mototsiklning bittasi Honda konveyrlaridan chiqqan.

So‘nggi bir necha yilda kompaniyaning jahon bozoridagi ulushi pasayib kelmoqda. Motosikllar bozorida Honda kompaniyasiga asosan Xitoy kompaniyalari raqobat qilmoqda va elektroskuterlar va mototsikllar ishlab chiqarish hisobiga o‘z hissasini oshirib kelmoqda.

2019 yilda Honda kompaniyasining umumiy bozordagi hissasi 33,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 29,9 foiz, 2021 yilda esa 15 foizni tashkil etgan.

Foto: hasznaltauto.hu

Bundan tashqari, Honda har yili o‘rtacha turli quvvatlarda 15 million dona ichki yonuv dvigateli ishlab chiqaradi.

Kompaniyaning yillik umumiy aylanma mablag‘i 100 milliard dollarni, sof foydasi esa 5 milliard dollardan oshiqroqni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, jahonga mashhur sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi Ferrari kompaniyasining yillik umumiy aylanma mablag‘i 3,5 milliard dollarni, sof foydasi esa qariyb bir milliard dollarni tashkil etadi.

1973 yilda Soitiro Honda Honda prezidenti lavozimidan ketgandan so‘ng kompaniyani bir necha nafar shaxslar boshqardi. 2022 yil aprel oyidan boshlab kompaniya direktorlar kengashi rais lavozimini 1958 yilda tug‘ilgan Seyjii Kyuraisi (Seiji Kuraishi – kompaniyada 1982 yildan buyon ishlaydi), 2021 yil iyun oyidan boshlab kompaniya prezidenti lavozimini 1961 yilda tug‘ilgan Toshixiro Mibe (Toshihiro Mibe – kompaniyada 1987 yildan buyon ishlaydi) egallab turibdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid