Ostona rekord o‘rnatdi: Markaziy Osiyo shaharlari ichida faqat Toshkent o‘z nomini o‘zgartirmagan, ro‘yxatni To‘ytepa buzmoqda
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri so‘nggi 60 yil ichida 5 marta nomi o‘zgarib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda The Economist nashri xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning poytaxti 2019 yilda mamlakatning birinchi prezidenti Nazarboyev sharafiga Nursulton deb atalgandi. Shahar yaqindan boshlab yana Ostona (Astana) deb atala boshladi.
Toshkent mintaqada nomini saqlagan yagona poytaxt
So‘nggi bir asr ichida Markaziy Osiyo davlatlari ichida Toshkent shahridan boshqa Markaziy Osiyodagi poytaxtlarning barchasining nomlari bir necha bor o‘zgargan ekan.
Masalan, 1830 yilda asos solingan va 1997 yilning 10 dekabridan Qozog‘iston poytaxti deya e’lon qilingan Ostona shahrining eng dastlabki nomi 1961 yilgacha Akmolinsk bo‘lgan. Shahar 1992 yilgacha Tselinograd deb atalgan. 1998 yilgacha Aqmo‘la deb nomlangan. 2019 yilgacha — Astana. 2022 yilgacha — Nursulton.
Tojikiston poytaxti — 1676 yilda asos solingan Dushanbe shahri 1929 yilgacha shunday atalgan. Biroq 1929–1961 yillar oralig‘ida Stalinobod deb yuritilgan. 1961 yildan buyon yana Dushanbe. Tojikistondagi ikkinchi yirik shahar — eramizdan avvalgi VII–VI asrlarda asos solingan, qadimda Kiropolis, Esxata nomlari bilan tarixga kirgan Xo‘jand shahri esa 1936 yildan 1991 yilgacha Leninobod deb atalgan.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga 1823 yilda asos solingan. 1926 yilgacha Pishpek deb atalgan. 1991 yilgacha esa shaharning nomi Frunze bo‘lgan.
Biz Ashxobod deyishga ko‘nikib qolgan Turkmaniston poytaxti Ashgabat shahri nomi ham rasman uch bor o‘zgartirilgan ekan. 1881 yilda asos solingan shahar dastlab Asxabad deb atalgan. 1927 yilgacha Poltoratsk deb atalgan. 1991 yilda shaharning rasmiy nomi Ashxabaddan Ashgabatga o‘zgartirilgan.
O‘zbekistonning uch qadimiy poytaxti
1925–30 yillarda O‘zbekistonning poytaxti bo‘lgan Samarqand shahridan Toshkentga ko‘chirilgani inobatga olinmasa, Markaziy Osiyodagi besh respublikadan faqat O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrining nomi so‘nggi bir necha yuz yilda o‘zgartirilmagan ekan. Toshkentning qadimiy nomlari Choch, Shosh, Binkent (Binkat) bo‘lgan.
1924 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston SSR e’lon qilingandan to SSSRga qo‘shilish shartnomasi imzolangan 1925 yil 20 mayga qadar poytaxtimiz formal ravishda ham va rasman Buxoro bo‘lgan. Respublika Buxoroda e’lon qilingan va hukumat ham Buxoroda o‘tirgan, deb yozadi ekspert Otabek Bakirov o‘z telegram-kanalida.
«E’tiborli jihati, qo‘shnilarimizdagi holatdan farqli o‘laroq bolshevik yo rus bosqinchilari nafaqat poytaxtlarimiz nomini, balki viloyatlarimiz markazlarini ham o‘zgartirishga jur’at eta olishmagan (yagona istisno — 1926–37 yillarda Behbudiy deb atalgan Qarshi shahri, bu ham bosqinchilarning emas, milliy ziyolilarimizning harakati bilan bo‘lgan).
Turli yodnoma va xotiralarda shaharlarimizni sovet va sovet-o‘zbek shaxslari nomiga o‘zgartirishlarga urinishlar bo‘lgani yoziladi. Lekin ularni hamma vaqt o‘zbek shaharlarining o‘ta qadimiyligi tiyib kelgan. Masalan, yirik shaharlarimizni Oxunboboyev, Stalin nomlari bilan atashga urinishlar bo‘lgan. Yakunda rayonlar nomini o‘zgartirish bilan kifoyalanishgan.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham o‘tgan epoxada yirik shaharlar nomini o‘zgartirishga qo‘l urilgani yo‘q», — deb yozadi Bakirov
Qadimiy To‘ytepadan ajralib qoldik
Iqtisodchi ekspert Toshkent viloyati ma’muriy markazi Toshkent shahridan To‘ytepaga ko‘chirilgach, 2017 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati XI yalpi majlisida Toshkent viloyatidagi To‘ytepa shahri nomini Nurafshon deb o‘zgartirish qarori qabul qilinganini eslatadi.
«Afsuski, yangi epoxada Toshkent viloyatining markazi To‘ytepa shahri bir kunda Nurafshon deb qayta nomlandi. To‘ytepa — qadimiy nom, turkcha nom, xalqning tilida, dilida yashagan nom, adabiyotimizga, hatto maqollarimizga ham kirgan», — deb yozadi Bakirov.
2017 yilda bir guruh o‘zbek ziyolilari prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, To‘ytepa shahri nomi Nurafshon deb o‘zgartirilayotganiga e’tirozlarini bildirishgan edi.
«Biz, o‘zbeklar, juda boy va faxrlansa arziydigan tarixga egamiz, azaldan elimiz tomonidan qo‘llab kelinayotgan har bitta joy nomi ham tariximizning ajralmas bir qismi. Shunday ekan, nima asosda tomirlari uzoq o‘tmishga, Qoraxoniylar davlati davriga (X–XII asrlar) borib taqaladigan tarixiy nom siyqasi chiqib ketgan, o‘zbek eli va o‘zbek tarixi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan forscha «Nurafshon» so‘ziga almashtirildi? Bu tariximizga hurmatsizlik emasmi?!» — deb yozishgandi murojaatchilar.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024