Banklarda yuzaga kelgan dollar taqchilligiga qaysi omillar ta’sir o‘tkazmoqda – Markaziy bank raisi izoh berdi
Mamarizo Nurmurodov Rossiya fuqarolari rubldagi daromadlarini O‘zbekiston orqali dollarga aylantirayotganini tasdiqladi. Ammo bu kabi operatsiyalar asosan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilmoqda.
27 oktyabr kuni Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan MB raisi ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Mamarizo Nurmurodov banklarda yuzaga kelgan dollar taqchilligining kelib chiqish sabablari yuzasidan ma’lumot berdi.
«Nega hozirgi kunda banklarda aholini valuta bilan ta’minlashda qiyinchiliklar paydo bo‘ldi? Batafsilroq tushuntirishga harakat qilaman. Bizning tijorat banklarimiz, asosan, naqd valutani Rossiya banklaridan olib kelar edi. Raqamlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2021 yilda tijorat banklarimiz 2 mlrd dollar, Markaziy bank 100 mln dollar valuta olib kelgan. 2022 yilning boshida geosiyosiy vaziyat o‘zgarishi natijasida rus banklariga dollar va yevro berish to‘xtatildi. Natijada Yevropa yoki Amerika banklaridan valuta olib kelishga zarurat paydo bo‘ldi. Ushbu vaziyatda biz Markaziy bankka xos bo‘lmagan funksiya, ya’ni AQShning Federal rezerv tizimi bilan bog‘lanib, naqd valuta olib kelib, tijorat banklariga yetkazishni boshladik. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilda 12,2 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan bo‘lsa, aholiga 6,5 mlrd dollar naqd valuta sotdik. Tasavvur qiling, qancha naqd valuta kerak. 2021 yildagi raqamlar bilan 2022 yilda paydo bo‘lgan ehtiyojga e’tibor bering. Shunday sharoitda, 7 mlrd dollar naqd valuta olib kelib, tijorat banklariga yetkazdik. Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsa, oldin hech qanday shartlarsiz Rossiya banklaridan valuta olib kelganmiz. Ammo Federal rezerv tizimidan valuta olishning o‘ziga xos shartlari bor. Pul o‘tkazmalari notovar shakldagi bank xizmatlariga kirib, odatda 1000 dollargacha bo‘lgan miqdorda amalga oshiriladi. Mehnat muhojirlarimiz tomonidan ham asosan shu miqdordagi summada pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi», - dedi Nurmurodov.
Markaziy bank raisining tushuntirishicha, joriy yilda pul o‘tkazmalari miqdori o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan. G‘arb mamlakatlari banklaridan valuta olib kelish uchun ushbu pul o‘tkazmalarining haqiqatan ham mehnat muhojirlari tomonidan amalga oshirilganligiga narigi tomonni ishontirish kerak.
«Pul o‘tkazmalar tarkibini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021 yilgacha 1000 dollargacha bo‘lgan o‘tkazmalar umumiy pul o‘tkazmalarining 62-64 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 10 ming dollardan ko‘p o‘tkazmalar ulushi 60 foizga yetgan. Endi o‘zimizga savol beraylik, 10 ming dollardan ortiq bo‘lgan tovarsiz operatsiya bo‘lishi mumkinmi? Bo‘lishi mumkin. Faqat sanoqli. Ammo ayrim shaxslar bir oyda 20-30 marta 10 ming dollardan valuta olyapti. Bu tovar xarakteriga ega bo‘lmagan operatsiyalar», – deya ta’kidladi regulyator rahbari.
Mamarizo Nurmurodov Rossiya fuqarolari rubldagi daromadlarini O‘zbekiston orqali dollarga aylantirayotganini tasdiqladi.
«Rossiyaliklarning Rossiyada rublda olingan daromadlarni O‘zbekiston orqali dollarga almashtirishi. Buni inkor qila olmaymiz, bu narsa bor. Ko‘pchilik ular O‘zbekistonga kelib karta ochadi, rubldagi pulini dollar qiladi va olib chiqib ketadi, deb o‘ylashmoqda. Ammo unday emas, bu kabi holatlarni doim nazorat qilib boramiz. Yil boshidan beri 67 mingta Rossiya fuqarosiga hisobraqami ochilgan, shundan deyarli yarmiga yaqini doimiy ravishda O‘zbekistonda ishlaydiganlar. Bu kabi operatsiyalarni asosan O‘zbekiston fuqarolari amalga oshirmoqda. Buni inkor eta olmaymiz»
Regulyator rahbari nega eksportyorning pul o‘tkazmalariga qo‘shimcha talablar qo‘yilganligini ham tushuntirib o‘tdi.
«Oldin Rossiyaga eksport qilgan mahsulotiga kerak bo‘lgan pulni banklar orqali o‘tkazib kelgan kichik eksportyorlarimiz, bugungi kunda eksportini naqd rublga qilib, rublni bizga yuboryapti. Bu yerdan esa valuta ko‘rinishida olyapti.
Xo‘jalik sub’yektining eksportdan olgan daromadi bu yerga kelib naqd valutaga aylanyapti. Bu jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirishga xizmat qiluvchi xatarlardan biri sifatida baholanadi. Shuning uchun, talab qo‘ydik. Eksportyorning pul o‘tkazmasi natijasida kelib tushgan puli eksport qilan bog‘liq bo‘lsa, ya’ni tovarni eksport shartnomasi bilan olib chiqib ketgan bo‘lsa, u pulni valuta hisobraqamiga o‘tkazishni taklif qilyapmiz.
Ikkinchidan, banklar miqdori 5 mingdan ortiq bo‘lgan pul o‘tkazmalari uchun, ushbu mablag‘larning kelib chiqish manbayini talab qilishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, menga 10 ming dollar pul o‘tkazmasi keladigan bo‘lsa, bankka pul manbayini aytishim kerak. Mana shunaqa holatlar mavjud», dedi u.
Markaziy bank raisi komplayens nazorat tizimi qoidalarini hech kim bekor qilmagani, o‘zbek banklari bu borada shubhalar yaratmasligi zarurligiga urg‘u berdi.
«1000 dollargacha bo‘lgan pul o‘tkazmalari biz uchun ustuvor ahamiyat kasb etadi va bu o‘tkazmalarni xohlashsa naqd valutada, xohlashsa so‘mda o‘tkazib beryapmiz. Ayrim banklar 1000 dollardan ko‘piga, ayrim banklar esa 5 ming dollardan ko‘p o‘tkazmalarning kelib chiqishini ko‘rsatuvchi hujjat so‘raydi. Agar xohlashsa, pulini valuta kartasiga o‘tkazib beryapmiz.
Xuddi shu kabi talablar valuta sotishga ham qo‘yilgan. Bu bizning banklar o‘ylab topgan narsa emas. Amerikaning komplayens nazorat tizimi qoidalarini hech kim bekor qilgani yo‘q. O‘zbek banklari bu borada shubhalar yaratmasligi zarur. Siz 5 ming dollar valuta sotib olmoqchi bo‘lsangiz, hech kim yo‘q demaydi. Lekin daromad manbayini ko‘rsatishingiz kerak.
Yana bir bor aytishim kerak, o‘tgan yildagiga qaraganda 3,5 barobar ko‘p valuta olib keldik. Hozirda tijorat banklarimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri Federal rezerv tizimi bilan shartnoma imzolab, valuta olib kelishni boshladi. Sharoit ancha yaxshilandi. Bugungi kunda 974 mln dollar ekvivalentida valuta banklarimiz kassalarida turibdi. Lekin yana bir marta aytaman, komplayens nazorat tizimi bekor qilingani yo‘q. Ular 2 marta kelib, banklarimiz talablarni qanday bajarayotganligini o‘rganib ketishdi. Shubhalarning paydo bo‘lishi esa keyinchalik valuta sotib olishda muammolarni yuzaga keltiradi va cheklovlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun ham, ehtiyotkorona siyosat olib borilmoqda», dedi Nurmurodov.
Avvalroq, «Vedomosti» nashri Rossiya o‘zbekistonlik sarroflar uchun pul ayriboshlash makoniga aylanib qolgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, qo‘llanayotgan konvertatsiya sxemasi quyidagicha: kursi yuqori rublni O‘zbekistonda so‘mga maydalashadi, so‘m evaziga naqd dollar xarid qilishadi, dollarni Rossiyaga keltirib, uni yana rublga ayriboshlashadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun, iyul va sentabr oylarida banklarda valuta tanqisligi yuzaga kelgandi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlangandi.
Mavzuga oid
11:23 / 01.11.2024
«Biz uchun qiziqligi uning qaysi narxda kirib kelishi» – MB raisi energetika resurslari importida Rossiyaga qaramlik haqida
19:37 / 31.10.2024
«Valuta kursining 1 foizga qadrsizlanishi inflatsiyaga 0,3-0,4 foiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin» - MB raisi
21:33 / 29.10.2024
Oltinga qiziqishning oshayotgani dollar dominantligiga soya soladi - FT
19:36 / 24.10.2024