«Barselona» yana Yevropa Ligasida. Nahotki klub bu turnirga loyiq bo‘lsa?
Bu mavsum boshqacha bo‘lishi kerak edi, ammo «Barselona» yana Chempionlar Ligasi guruh bosqichini sharmandali yakunladi. Bundan tashqari, katta daromaddan ayrildi. Balki endi klub saviyasi Yevropa Ligasiga mosdir? - deb mulohaza qilmoqda Goal nashri.
Xavi «Kamp Nou»da «Bavariya»ga qarshi o‘tgan bahsdan oldin futbolchilarini «Inter» - «Viktoriya» o‘yinini tomosha qilishga majburladi. Bu bir tomondan alamli jazo edi.
«Inter» San-Siroda 4:0 hisobidagi oson g‘alabani qo‘lga kiritib, «Barselona» YeChLdan chiqib ketishi va Yevropa Ligasiga qaytishini kafolatladi. Albatta, bu o‘yinni tomosha qilgan futbolchilar endi hech qachon bunday holatga tushmasligini faqat umid qilsa bo‘ladi.
Ammo, Chempionlar Ligasining besh karra g‘olibi qatorasiga ikkinchi yil qit’aning ikkinchi divizioniga tushirib yuborilmoqda.
Xavining YeChLning bu mavsumda ularga nisbatan «shafqatsiz»lik qilganini ta’kidlaydi. U ikkinchi turda «Bavariya»ga yutqazib qo‘yilgan o‘yindan keyin «g‘azablandi». «Biz eng yaxshi jamoa edik. Biz ulardan ustunlik qilgan edik», dedi murabbiy.
Klub prezidenti Joan Laporta esa «San-Siro»da «Inter»ga qarshi kechgan o‘yindagi (0:1) hakamlikni «sharmandali» deb atadi. Uning fikricha, o‘yin taqdirini hal qilgan «gandbol»ga xos ikkita golda hakamlar izchil qaror chiqarmagan edi.
«Barsa»ning ketma-ket ikkinchi marta guruh bosqichidan chiqib ketishi qanchalik adolatli?
«Inter» «Kamp Nou»da (3:3) o‘tkazilgan bahsning ikkinchi qismida ustunlik qildi va Robert Levandovski tomonidan urilgan golgacha g‘alaba sari yo‘lda edi. Simone Indzagi shogirdlari o‘yin yakunida g‘alaba qozonish va muddatidan oldin 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy berdi – Kristian Asllani so‘nggi soniyalarda zo‘r vaziyatdan gol urolmadi.
Biroq, bu holat shunchaki «qatlni kechiktirish» edi xolos va Serxio Buskets bilan uning sheriklari buni juda yaxshi tushunib turishgandi.
O‘yindan keyin sardorning asosiy tashvishi «klasiko» bilan bog‘liq bo‘ldi, va bu o‘rinli edi. Chempionlar Ligasidagi nokautdan atigi to‘rt kun o‘tgach «Barselona»ni «Real»ga qarshi o‘yin kutib turgandi.
Kataloniya klubi «Santyago Bernabeu»da 1:3 hisobida yutqazdi. «Real» yana La Ligada birinchi o‘ringa chiqib oldi. Xaviga bo‘lgan bosim esa yana oshdi.
«Men futbolchilarni ayblamayman. Bunga men javobgarman. Bu mening xatom, bir necha xatolarim...», dedi murabbiy.
Uning Busketsga tayanishi shubhali bo‘ldi, chunki «Barsa» yarimhimoyada Frenki de Yong bilan ancha faolroq jamoa edi.
Biroq, Xavi himoya masalasida klubni ancha yaxshiladi. Hozircha, Madriddagi mag‘lubiyat ularning La Liga daftaridagi yagona dog‘ bo‘lib qolmoqda – jamoa atigi to‘rtta gol o‘tkazib yuborgan. Ularning himoyadagi statistikasi, ayniqsa, markaziy himoyachilar jarohat olgan bo‘lsa ham, ajoyib ko‘rinishda.
Biroq tashvishli tomoni shundaki, Xavi boshchiligidagi «Barselona» katta o‘yinlarda, ayniqsa, qit’a miqyosidagi musobaqalarda natijaga erisha olmayapti. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda ular Frankfurtning «Ayntraxt» klubiga qarshi o‘z uyidagi o‘yinda Yevropa Ligasidan chiqib ketishgan edi. Ayni damda Xavining Chempionlar Ligasidagi ko‘rsatkichlari quyidagicha: 7 ta o‘yin, 1 ta g‘alaba («Viktoriya» Pilsenga qarshi), 2 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat.
Bunday qayg‘uli natijalar o‘tgan mavsumda kechirimli edi, chunki Xavi Bartomeuning falokatli prezidentligi tufayli yuzaga kelgan boshboshdoqlik sharoitida klubga endigina moslashayotgandi. Ammo hozir kechirimli emas. Laporta yozda transferlarga 160 million yevro sarflaganidan keyin emas.
Xavi uchun qo‘rqinchli tomoni shundaki, prezident Robert Levandovski, Rafinya va Jyul Kunde kabi futbolchilar bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, bunday vaziyatga (Yevropa Ligasiga) tushishni kutmaganini ochiq tan oldi. Chunki «texnik direktor va murabbiylar shtabi juda raqobatbardosh tarkibga ega» edi.
Darhaqiqat, Laporta Yevropadagi istalgan jamoaga qarshi tura oladigan tarkib to‘plaganiga qat’iy ishonadi. Shunday bo‘lsa-da, «Barsa» oktyabr oyidayoq Chempionlar Ligasidan chiqib ketdi.
Uning ta’kidlashicha, moliyaviy jihatdan tashvishlanadigan hech narsa yo‘q – hatto «Barsa» chorakfinalga chiqishni rejalashtirgan va ushbu mukofot pullarini 2022-2023 yilgi budjetga kiritilishini nazarda tutgan bo‘lsa ham.
«Oxirgi bosqichlarni o‘tkazib yuborish – katta zarba, ammo biz bu 25-35 million yevroni qo‘ldan chiqarmaymiz», dedi Laporta. Buni qoplash yo‘llari bor. Biz yangi homiylar va boshqa imkoniyatlar ustida ishlaymiz, Yevropa Ligasidagi o‘yinlar ham daromad keltirishda davom etadi. Agar keyingi mavsumda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritmasak, yo‘qotishlar ko‘p bo‘ladi».
Demak, faqat La Ligada kuchli to‘rtlikka kirmaslik «Barsa»ning moliyaviy halokatiga turtki berishi mumkin. Ammo hozirda buning ehtimoli juda past.
Xavi o‘tgan haftada «Atletik»ni 4:0 hisobida mag‘lub etganidan keyin, Ispaniya oliy divizioni saviyasini himoya qilishga ham majbur bo‘ldi. Vaholanki, bunday oson g‘alabalar hozir unga juda kerak.
Chempionlar Ligasidan tushib ketgach, Laporta diqqat e’tiborini La Ligaga qaratmoqda. Xavi esa yozda sarflangan pullar inobatga olinadigan bo‘lsa, bu mavsumda asosiy sovrinni qo‘lga kiritishi shart ekanini juda yaxshi tushunib turibdi.
Agar Xaviga vaqt va sabr va’da qilinganida, zudlik bilan muvaffaqiyatga erishish shart bo‘lgan qimmat transferlar og‘irligi yuklanmasdan, o‘z ixtiyorida bo‘lgan ehtimoliy yulduzlar bilan ishlashga ruxsat berilganida, hozir «Kamp Nou»dagi muhit boshqacha bo‘larmidi...
«Klub va jamoamizning sa’y-harakatlari tufayli biz sovrinlar uchun kurashishimiz shart, - deb tan oldi u Madriddagi mag‘lubiyatdan so‘ng. Agar g‘alaba qozona olmasak, prezident aytganidek, jazo mendan boshlanadi. G‘alaba qozona olmasak, boshqa murabbiy keladi».
Hozircha, Laporta unga o‘rinbosar izlayotganiga hech qanday ishoralar yo‘q. «Barsa» «Kamp Nou»da «Inter»ni mag‘lub etolmaganidan so‘ng, u juda darg‘azab bo‘lgan edi. Ammo prezident Xavini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor ochiq ta’kidladi. Laporta klub afsonasini «Barsa»dagi ikkinchi faoliyati timsollaridan biriga aylantirgani bejiz emas.
Biroq, endi Chempionlar Ligasi kun tartibidan olib tashlangach, Laporta bosh murabbiy Xavi va «Barselona»ni bu mavsumni sovrinlarsiz yakunlashiga yo‘l qo‘ya olmasa kerak.
Darhaqiqat, jamoa tarkibini kuchaytirish uchun tez orada qo‘shimcha iqtisodiy dastaklar ishga solinishi mumkin va Laporta yanvar oyida yangi transferlar bo‘lishini tan oldi.
Muammoning oldini olish maqsadida pul sarflashni ikki barobar oshirish aqlsizlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Axir, Laporta bu tarkibga allaqachon katta pul tikib bo‘lgan. Ammo u Chempionlar Ligasidan chiqib ketganidan keyin transferlarni ko‘paytirish kerakligini tushunmoqda.
Oddiy qilib aytganda: «Barselona» bu mavsumda sport, tijorat va moliyaviy nuqtayi nazardan muvaffaqiyat qozonishi kerak.
Laporta bir necha bor «Barselona» qaytgani»ni ta’kidlagan edi, ammo ular hali uzoq yo‘l bosib o‘tishi aniq.
Lionel Messining gullagan davrida guruh bosqichidan tushib ketishni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Endi esa bu «Barsa»ning nochor ahvoli tufayli oddiy holatga aylanib qolishi mumkin. Shu sababli Laporta hali ham Superliga iqtisodiy barqarorlikni ta’minlay olishini ta’kidlamoqda.
O‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasidan tushib ketish tasodif emas edi. «Barselona» Yevropaning yetakchilari ro‘yxatidagi o‘rnini yo‘qotdi va uni qaytarib olishga yaqinlashmadi.
«Barselona» Yevropa Ligasiga qaytdi va hozir klub sifatida shu turnirga munosibdek ko‘rinmoqda. Albatta, muxlislar buni qabul qilishi qiyin, ammo Xavi buni allaqachon tan olgan: «Biz Chempionlar Ligasida o‘ynashga loyiq emasmiz. Bu og‘riqli, lekin haqiqat».
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024