“Bular qachongacha gazni o‘g‘irlaydi?” - Sardor Umrzoqov metan-shoxobchalar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga topshiriq berdi
Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov issiqxonachilar gazdan uzib qo‘yilgani yuzasidan taftish o‘tkazishni buyurdi. U AGTKSlardagi gaz o‘g‘riliklari masalasini ham ko‘tarish vaqti kelganini aytdi: “Vallomat bo‘lmaydimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘g‘irlagan gazini tiyinigacha tiklatamiz”.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovning gaz ta’minotidan uzilgan issiqxonachilar borasida mas’ullar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi audiosi tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, administratsiya rahbari issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mas’ullarning harakatini “zo‘ravonlik” deb baholab, bu orqali bor-yo‘g‘i 1,5 foiz gaz iqtisod qilinishi, lekin eksport va ish joylari “o‘ldirilgani”ni ta’kidlagan.
“Toshkentga kelgan kechagi tadbirkorlar hududlardagi gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan umuman ogohlantirishsiz [gazdan uzilgan]… Hozir ulardan so‘rasangiz, ogohlantirganmiz, deydi. Qanday ogohlantirgansizlar: borib ogohlantirib, shartta gazni uzgan. Eng yomoni, ko‘p tadbirkorlarimiz gazning pulini oldindan to‘lab qo‘ygan. Bu haqqoniy va adolatli e’tirozlarni vujudga keltirdi. Yana tadbirkor yomon, kim yaxshi unda? Zo‘ravonlik qilgan pastdagi gazning xodimchasi yaxshimi?
Eng zaif va javob berolmaydigan qatlamni qurbon qilishga ahd qildik. Mayli, 1,5 foiz gazni iqtisod qildik, buning hisobiga eksportni va ish joylarini «o‘ldirdingiz», kreditini to‘lolmay, tadbirkor bankrotga uchraydi. [Keyin] nima qiladi bular? Kim bularga javob beradi? Men bekorga hozir DXX rahbarlarini ham chaqirmaganman. Bu davlat xavfsizligiga tahdid qilyapti yoki noto‘g‘rimi? Ertaga eksportni davlatga kim tiklab beradi? Tadbirkorga daromadini kim tiklab beradi, kim kreditini qaytarib beradi?” – degan Umrzoqov.
Yig‘ilishida aytilishicha, 4 ta viloyat – asosan Buxoroda, shuningdek Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida issiqxonalar gazdan uzilgan.
Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasining nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimov, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turabov va bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevga topshiriq bergan:
“Sizlarga topshiriq – mana shu 4 ta viloyatning “Hududgaz” boshqarmasi boshliqlari qilgan ishlarni o‘rganasizlar. Nimaga asosan qildi, faoliyatini tekshirib berasizlar.
Agar bitta kichkina jinoyat alomati bo‘lsa, so‘ramasdan jinoiy javobgarlikka tortasizlar. Qonun doirasida. Menga yozib beribsizlar, ogohlantirish, hayfsan… “Prosta tak” birortasi qutulmasligi kerak. Agar ko‘rsatmani rahbariga [qarshi] bersa, rahbarini ham [javobgarlikka] tortasizlar. Raismi, muovinmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar”, – degan administratsiya rahbari.
Sardor Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, gazdan uzilgan issiqxonalar orqali 10 mingga yaqin aholi doimiy daromad va ish o‘rni bilan ta’minlangan bo‘lgan.
“Ular nima bo‘ladi? 10 ming odam bu – oilasi bilan 50 ming odam degani. Shuncha odam norozi va kambag‘allik darajasiga tushib ketadi. 50 mingtasi ertaga ko‘chaga chiqadi. Nimaga va kimga kerak bu?
Bizdagi “gaz-zapravkalar”ga qancha o‘g‘irlanib, gaz sotilyapti. O‘zi vaqti keldi, buning hammasini ko‘tarib, jinoiy javobgarlikkacha tortish kerak. Qachongacha bular gazni o‘g‘irlaydi? Narigi yoqda halol, peshona terini to‘kib, riskka borib mehnat qilayotgan odamlarning orqasidan 10 ming oilaning qozoni qaynayapti. Bu faqat to‘xtatilgani. Bular nonsiz qolishi, qiynalishi kerak[mi]?
Hammasini ko‘taring, “zapravka”niyam, boshqasiniyam. Vallomat bo‘lmaydimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar. O‘g‘irlagan gazini tiyinigacha tiklatamiz”.
Shundan keyin Sardor Umrzoqovga hisobot bergan, so‘zlaridan hukumat rasmiysi ekani anglashiladigan shaxs ayni paytgacha 48 ta issiqxona gazga ulangani va ulash ishlari davom etayotganini aytgan.
“Siz menga bugun kafolat xati yozib berasiz, tagiga har bir issiqxonaning nomi bilan yozib chiqasiz. Bittasi qolib ketsa ham, mendan xafa bo‘lmaysiz”, – deya unga qarata so‘zlagan administratsiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, havo sovishi tufayli respublika bo‘ylab issiqxonalarga gaz yetkazish to‘xtatib qo‘yilgan, tadbirkorlar esa yetishtirgan hosilining nobud bo‘lishi mumkinligi sabab norozilik bildirgan edi. Issiqxonachilardan bir guruhi Toshkentga kelib, Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi binosi oldida ularni qabul qilishlarini so‘ragandi.
Shundan keyin mas’ullar bir necha tadbirkor bilan uchrashdi. Masalaga prezident Shavkat Mirziyoyev ham e’tibor qaratib, masalani zudlik bilan ko‘rib chiqishni buyurdi.
Mavzuga oid
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024