O‘zbekiston | 19:20 / 29.10.2022
13104
8 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagroeksportbank” yashirincha sotib yuborilyaptimi?

“O‘zagroeksportbank”dagi 100 foiz davlat ulushi ochiq tendersiz xususiy kompaniyaga o‘tkazilishi mumkin. Markaziy bank, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu boradagi savollarga javob bera olmayapti.

Foto: Yandeks xaritalar

Joriy yilning 23 fevral kuni tuzilgan bitim bo‘yicha, Rossiyaning “Sovkombank”i “O‘zagroeksportbank”dagi 100 foiz davlat ulushini 4 million dollarga sotib olishi kerak edi.

Ukrainaga boshlangan bosqin fonida AQSh hukumati fevral oyi oxirida “Sovkombank”ga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Keyinchalik bir qator boshqa davlatlar tomonidan ham xuddi shu kabi qarorlar qabul qilindi.

Shundan keyin “Sovkombank” Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan tuzilgan bitimni bir tomonlama bekor qildi va “O‘zagroeksportbank”ni xususiylashtirish jarayoni to‘xtab qoldi.

Moliyachi Otabek Bakirov “O‘zagroeksportbank” tashqi oligarxiya bilan affillangan kompaniyalardan biriga hukumatning yopiq qarori bilan sotilayotgani haqida yozdi.

“Kompaniya nomi, u bilan affillangan shaxslar, bitim shartlari va summasi bizga ma’lum. Faqat nima uchun hukumat sotuvga qo‘yilgan davlat banklaridan birini shaffof bo‘lmagan vositalar va mexanizmlar orqali, yana yopiq qaror bilan realizatsiya qilayotgani tushunarsiz.

Yopiqlik, hatto tijoriy bitimlardagi maxfiylik o‘zbek hukumatining tashrif qog‘oziga aylanib bo‘ldi. Shaffoflikni, ochiq raqobatni, xususiylashtirishda umumqabul qilingan standart va qoidalarni to‘g‘ri deb bilganlar o‘zlariga boshqa makon va balki boshqa zamonni tanlaganlari ma’qul”, deya ta’kidladi Bakirov.

Gazeta.uz'ning xabar berishicha, “O‘zagroeksportbank”dagi davlat ulushini investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan Support Level kompaniyasiga o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

“Ehtimol, bunday majburiyatlar litsenziya talablariga muvofiq kapitalni minimal darajaga (100 mlrd so‘m) yetkazish bilan bog‘liq bo‘ladi”, deyiladi Gazeta.uz xabarida.

“Support Level” MChJ 2015 yil 27 avgustda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – xodimlar bilan ishlash. Kompaniyaning 100 foiz ulushi Shodiyev Olimjon Qosimovichga tegishli, rahbari — Iskandar Usmonov.

Olimjon Shodiyev – Navoiy kon-metallurgiya kombinati Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi, kengash raisi Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosari hisoblanadi.

Shuningdek, u Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar moliya bozorlarida faoliyat yurituvchi “IFG Kontitent” investitsiya kompaniyalari guruhi affillangan shaxslari qatoriga kiritilgan.

“Yevrosiyo banki” obligatsiyalar emissiyasi prospektida Olimjon Shodiyev Izarus Investment B.V. (Lyuksemburg) rahbari sifatida affillangan shaxs etib belgilangan. Hujjatda milliarder Fattoh Shodiyev oilasining boshqa a’zolari, jumladan uning ukasi Qosim Shodiyev ham ko‘rsatilgan.

“Milliarder Fattoh Shodiyevning qarindoshlaridan bo‘lgan Olimjon Shodiyev O‘zbekistondagi eng yirik korxona – Navoiy kon-metallurgiya kombinati Kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari o‘laroq ko‘rsatilgan. Olimjon Shodiyev qachon va qanday qilib NKMK kengashi mustaqil a’zosi, yana kengash raisi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida ma’lumot yo‘q.

NKMK garchi aksiyadorlik jamiyati bo‘lsa-da, korporativ axborot portaliga shu kungacha biror muhim faktni joylamagan. Kengash a’zolari tayinlanishi aksiyadorlik jamiyati uchun muhim fakt o‘laroq ochiqlanishi zarur.

Yana shuningdek, NKMK kuzatuv kengashiga mustaqil a’zolarni tayinlash bo‘yicha konkurs o‘tkazilgani haqida ham hech qanday ma’lumot mavjud emas.

Shodiyevlar oilasi vakilining qaysi mezonlarga ko‘ra NKMK kuzatuv kengashida o‘tirishi jamoatchilik uchun tushuntirilishi zarur. Yiliga 100 tonna atrofida oltin ishlab chiqaradigan NKMK O‘zbekiston budjetining 20 foizidan ortiq daromadlarini ta’minlab keladi. NKMKning nazoratdan chiqishi, xususan, ishonchli boshqaruv yoki qizil direktorlar sxemalari asosida ishlay boshlashi mamlakat moliyaviy mustaqilligi uchun ham xavf soladi”, deya yozmoqda Otabek Bakirov.

Mas’ul davlat tashkilotlari sukut saqlanmoqda

27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan “O‘zagroeksportbank” yopiq qaror bilan sotilgani haqida xabarlar paydo bo‘lganiga ishora qilib, “cotib oluvchining qonun bo‘yicha belgilangan talablarga javob berish masalasi Markaziy bank tarafidan o‘rganilganmi?” degan savol bilan murojaat qildi.

“Kim sotib olishidan qat’i nazar, Markaziy bank o‘rnatgan talablarni bajarishi kerak. Bu bo‘yicha hammasini o‘rganamiz va o‘z xulosamizni beramiz. Busiz hech narsa bo‘lmaydi”, – deya ta’kidladi regulyator rahbari.

Markaziy bank matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, davlat ulushi bor banklarni sotishga vakolatli organ Moliya vazirligi hisoblanadi, ular bu borada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda ish olib borishi belgilangan.

“Markaziy bankda banklarni sotishni taklif qilish vakolati yo‘q. Qonunchilik bo‘yicha bizga mumkin emas”, deyiladi MB matbuot xizmati izohida.

Gazeta.uz manbasiga ko‘ra, regulyatorga hech bir kompaniyadan bankni sotib olish bo‘yicha ariza hali kelib tushmagan.

Kun.uz 18 oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, “O‘zagroeksportbank”ning xususiylashtirilayotgani bo‘yicha izoh so‘ragandi. Bu borada “qo‘shimcha ma’lumot” berilishini aytgan agentlik matbuot xizmati bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Moliya vazirligi matbuot xizmati esa ular faqat banklarni transformatsiya qilishga mas’ul ekanini, xususiylashtirish bilan esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi shug‘ullanayotganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, “O‘zagroeksportbank” 2017 yilda tashkil etilgan. Bankning asosiy faoliyati agrosanoat sohasidagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

“O‘zagroeksportbank” paydo bo‘lganidan buyon ham kapitalini to‘liq shakllantirmagan. Shakllangan ustav kapitali 70,9 mlrd so‘mdan iborat.

Shuningdek, bank o‘tgan 2021 yilni 16,7 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.

Bundan tashqari, 2022 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, bank kredit portfelida muammoli kreditlarning (NPL) jami kreditlardagi ulushi 93,6 foizni tashkil etgan.

Avvalroq, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, bank ustav kapitali eng kam miqdorini bosqichma-bosqich 500 milliard so‘mgacha oshirish yuzasidan tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qonunning amaldagi tahririga asosan bugungi kunda bank ustav kapitali eng kam miqdori 100 milliard so‘mni tashkil etishi kerak. Ammo “O‘zagroeksportbank” tashkil etilganidan buyon ham kapital bo‘yicha amaldagi talablarni ham bajarmay keladi.

Mavzuga oid