Xitoy mo‘jizasi turkumidan: Takla-Makon cho‘lidagi yo‘l va uning chetidagi yashil hudud qanday barpo etilgandi?
So‘nggi bir necha o‘n yilda Xitoy keskin iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan qurilishlar dunyoni lol qoldirmoqda. Shu jumladan, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hududida joylashgan Takla-Makon cho‘lida qurilgan yo‘l ham bugun barchani hayratlantirmoqda. Uzunligi 500 kilometrdan oshiqroq bo‘lgan bu yo‘l qurilgandan so‘ng Xitoy uning ikki tomonini yashil hududga aylantirgan. Ana shu jihatdan mazkur yo‘l dunyoda tengi yo‘q hisoblanadi.
Xitoy yarim asr avval qattiq qoplamali yo‘llar masalasida dunyodagi eng qoloq davlatlardan biri edi. O‘sha paytlarda Xitoy hukumati yo‘llarga yetarli darajada e’tibor bermas, mamlakatdagi yo‘llarning bor-yo‘g‘i 25 foizi asfalt qoplamali bo‘lib, ularning 60 foizi o‘ta yomon ahvolda edi.
Vaziyat Mao Tszedun vafotidan keyin o‘zgardi. «Buyuk yo‘lboshchi» o‘rniga kelgan yangi rahbarlar sifatli yo‘llar qurmasdan mamlakatni rivojlantirib bo‘lmasligini anglab yetishadi. Chin o‘lkasida «Rivojlanishni xohlasak, avvalo sifatli yo‘llar qurishimiz kerak», degan shior ilgari surilib, yo‘l qurish standarti ishlab chiqiladi. Yo‘l qurilishi uchun juda katta pullar ajratila boshlandi.
1985 yil yo‘l qurilishi uchun alohida qonun ham qabul qilinadi. Unga ko‘ra, yo‘l qurilishi uchun olingan xorijiy kreditlarni qoplash maqsadida yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan yo‘llarning bir qismi pulli bo‘lishi belgilanadi.
Hukumat 1988-2020 yillarda avtomobillarga katta tezlikda harakatlanish imkonini beradigan yo‘llar, avtomagistrallar qurilishi rejasini tasdiqlaydi. Bunday yo‘llarning birinchisi 1988 yilda ochilgan 18,5 kilometrli Shanxay-Dzyatsin trassasi edi.
Shu tariqa, avtomobil yo‘llari qurilishida «Xitoy mo‘jizasi» boshlanadi. O‘tgan asrning oxirgi dekadasida Xitoy yo‘l qurilishi uchun shunchalik ko‘p mablag‘ sarflaydiki, bu butun boshli Yevropa va AQSh XX asrning so‘nggi 50 yilida yo‘l uchun sarflagan pulidan ham ko‘proq edi.
Bir paytlar Xitoyda yo‘llarni kam haq to‘lanadigan millionlab ishchilar oddiy belkurak, zambilg‘altak va qo‘lda boshqariladigan asfalt bosadigan moslamalar bilan qurgan. Yangi davrda yo‘lsozlar qo‘lbola asboblar o‘rniga mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnikalarga ega bo‘ladi.
Tez harakatlanishga moslashgan ilk yo‘l 1988 yil qurilgan bo‘lsa, XXI asr boshida bunday yo‘llarning umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan oshib ketadi. Bu ko‘rsatkich 2002 yilda 20 ming kilometr, 2008 yilda 60 ming kilometrdan oshdi. Birgina 2008 yilning o‘zida Xitoy yo‘lsozlari 8 ming kilometr uzunlikdagi katta tezlikda harakatlanish imkonini beradigan magistral yo‘l qurishadi.
So‘nggi o‘ttiz yilda Xitoyda mamlakatning turli hududlarini o‘zaro bog‘lash uchun o‘tish qiyin bo‘lgan baland tog‘lar yoki cho‘llar orqali o‘tadigan yo‘llar ham qurildi. Takla-Makon cho‘lini kesib o‘tgan «Tarim shossesi» deb nomlanuvchi yo‘l ham ana shunday yo‘llardan biri hisoblanadi.
Takla-Makon cho‘li haqida
Takla-Makon cho‘li Xitoyning shimoliy-g‘arbida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hududida, Tarim tekisligi hududida joylashgan. Uning hududi qariyb 400 ming kilometr kvadratni tashkil etadi (Taqqoslash uchun Germaniya hududi 357 408 kilometr kvadrat).
Azaldan bu cho‘l «qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi» deb ta’riflangan. Takla-Makon yozda juda issiq, qishda juda sovuq bo‘lishdan tashqari, u yerda yil davomida qum bo‘ronlari sodir bo‘lib turadi.
Fan va texnika rivojlanishidan avval g‘arbdan sharqqa, sharqdan g‘arbga qarab harakatlangan karvonlar ana shu qum bo‘ronlari tufayli bu cho‘ldan juda qiyinchilik bilan o‘tishgan.
Takla-Makon cho‘li hududi shimoldan janubga 400 kilometr, g‘arbdan sharqqa qariyb 1,5 ming kilometrga cho‘zilib ketgan.
Cho‘lning nomi «Tashlandiq joy» ma’nosini anglatadi. Uyg‘urlar uni «Taklimakan qumligi» deb atashadi. Takla-Makon cho‘li Yer yuzidagi eng qurg‘oq joylardan biri hisoblanadi.
Bu yerda cho‘l yuzasini asosan uchib yuruvchi qumlar qoplagan. Shu sababli uning katta qismida hech narsa o‘smaydi. Shuningdek, hayvonot dunyosi ham juda siyrak.
Takla-Makonda havo harorati yozda 40 gradusdan balandroq bo‘ladi. Eng issiq kunlarda cho‘l yuzasidagi qum 90-100 gradusgacha qizib ketishi mumkin.
Tarim yo‘li (Tarim shossesi)
1984 yilda xitoylik geologlar Takla-Makon cho‘lida neft va gaz zaxiralari borligini aniqlashadi. Ammo cho‘l hududida, og‘ir sharoitda konlarni ishga tushirish, neft va gazni qazib olib, uni qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish oson bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng 1980-yillar oxirida Takla-Makon orqali yo‘l qurish rejalashtiriladi. O‘sha paytda bu ish uchun katta miqdorda mablag‘ kerak bo‘lardi. Ammo Xitoy baribir bu yo‘l qurilishi uchun mablag‘ ajratdi.
1990-yillar boshida Xitoy hukumati ancha qoloq bo‘lgan mamlakat g‘arbini iqtisodiy rivojlantirish uchun Takla-Makon cho‘li orqali shimoldan janubga avtomobil yo‘li qurish loyihasini tasdiqlaydi.
Yo‘l Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarkibida bo‘lgan Boyon-G‘ul-Mug‘ul avtonom okrugida joylashgan Bugur shahrini avtonom rayon janubidagi Niya shahri bilan bog‘lashi kerak edi.
Loyihaga ko‘ra yo‘lning uzunligi 552 kilometr bo‘lishi va shundan 446 kilometri Takla-Makon cho‘li orqali o‘tishi rejalashtirilgandi.
Loyihalar tayyor bo‘lgach Xitoy hukumati yo‘l qurilishi uchun mablag‘ ajratadi. 1993 yilda ishlar boshlab yuboriladi. O‘shanda Takla-Makonda quriladigan yo‘lning har kilometriga 14 million dollar sarflangan.
Takla-Makonda yoz juda issiq, qish esa ancha sovuq bo‘ladi. Buning ustiga bu yerda yil davomida kuchli shamollar esib, tez-tez qum bo‘ronlari ko‘tariladi.
Yo‘lsozlar ikki yil davomida ana shunday og‘ir sharoitlarda ishlashadi va 1995 yilda yo‘l qurilishi qisman bitkaziladi.
Yo‘l foydalanishga topshirilgach loyiha uchun sarflangan juda katta mablag‘ havoga uchib ketishi mumkinligi ayon bo‘ladi. Gap shundaki, Takla-Makon cho‘lida tez-tez sodir bo‘ladigan qum bo‘ronlari tufayli Tarim shossesi batamom qum ostida qolib ketishi xavfi yuzaga keladi.
Yo‘lsozlar yo‘llarni qumdan tozalashga ulgurmay qolishadi. Yo‘lning turli uchastkalarini qum bosa boshlaydi. Bu esa yo‘ldan neft va gaz xomashyosini tashiyotgan yuk mashinalari uchun xavf tug‘dirardi.
Shunda Xitoy yo‘lsozlari yo‘lni qum bo‘ronlaridan himoya qilish maqsadida uning ikki tomoniga daraxt ekib, tabiiy to‘siq qilish kerak degan qarorga keladi. Ammo bu oson emasdi.
Faqat qumdan iborat cho‘lda qurg‘oqchilikka ancha chidamli bo‘lgan saksovul yaxshi o‘sishi mumkin edi. Xitoylik mutaxassislar avvaliga shossening olti kilometrida yo‘l chetiga saksovul ekib parvarish qilib ko‘rishadi. Ko‘chatlar yaxshi unib ketgach juda katta masshtabli ishlar boshlab yuboriladi.
2003 yilda Xitoy hukumati Tarim shossesining ikki chetini yashil hududga aylantirish bo‘yicha loyihalarni tasdiqlaydi va unga mablag‘ ajratadi. Shundan so‘ng qisqa muddatda yo‘lning barcha qismiga bir necha qatordan saksovul va boshqa kamsuvlikka chidovchi daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Ekilayotgan daraxtlarning yaxshi unib ketishi uchun suv kerak edi. Xitoyliklar yer ostidan suv olish uchun artezian quduqlar qazishadi. So‘ng qator qilib saksovul ko‘chatlari ekiladi va ularni tomchilab sug‘orib turish uchun quvurlar tortiladi. Shu tariqa yo‘lning ikki chetida saksovul daraxtlaridan iborat tabiiy himoya to‘sig‘i paydo bo‘ladi.
Avvaliga 2-3 qator saksovul o‘stirib olingach, keyinchalik bu ish davom ettiriladi va qatorlar soni ko‘paytirib borilaveradi. Ayni damda yo‘lning har ikki tomonida 70 metrdan joy yashil hududga aylantirilgan. Bu yerda 2005 yilga keliboq 20 million tup daraxt ko‘chatlari ekilgandi va bu ish hanuzgacha davom ettirilyapti.
Xitoy hukumati kelajakda Tarim shossesining ikki tomonida yashil hududni kengaytirib boraverishni rejalashtirgan.
Yo‘lning ikki tomoni daraxtzor qilingach bu yerda turli xizmat ko‘rsatish manzillari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari qurila boshlanadi. Hozirgi kunda yo‘lning har 4 kilometrida ana shunday xizmat ko‘rsatish manzillari tiklangan.
Kelajakda Tarim shossesi bo‘ylab yuzga yaqin quyosh elektrostansiyalari qurish va hududdagi xizmat ko‘rsatish manzillari hamda artezian quduqlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi nimstansiyalarni dizel yoqilg‘isidan muqobil energiyaga o‘tkazish reja qilingan.
Hozirgi kunda Tarim shossesi uchta yo‘ldan iborat. Ulardan ikkitasi asosiy va bittasi qo‘shimcha yo‘l.
Bugungi kunda Takla-Makon cho‘lining sputnikdan olingan suratlariga diqqat bilan qaralsa, unda Tarim shossesining ikki chetida o‘stirilgan daraxtlar ham ko‘rinadi.
Yo‘lning ahamiyati
Tarim shossesi mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi uchun juda muhim. Avvallari Xitoyning shimoliy-g‘arbiy qismidan janubiy-g‘arbiy qismiga avtomobil yo‘li orqali kelish uchun kamida 1,5 ming kilometr yo‘l bosilardi. Endi bu uchun Tarim shossesi orqali 550-600 kilometr yo‘l yurilsa kifoya.
Qolaversa, xitoylik geologlar 1980-yillar o‘rtalarida Tarim tekisligining Takla-Makon cho‘li joylashgan hududidan juda katta neft va gaz zaxiralarini topishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda aniqlangan neft va gaz zaxiralarining 30 foizi Takla-Makon hududida joylashgan.
O‘sha paytlarda hududdan qazib olingan neft va gaz qiyin sharoitda minglab kilometr yo‘l bosilib, qayta ishlovchi korxonalarga yetkazilgan. Endi esa uglevodorodlar maxsus yuk avtomobillari yordamida aynan Tarim shossesi orqali qisqaroq yo‘l bilan qayta ishlash korxonalariga yuborilmoqda.
Neft va gazni qayta ishlash zavodlari ular qazib olinayotgan konlar yaqiniga qurilsa ham Tarim shossesining ahamiyati pasaymaydi, aksincha oshadi.
Bundan tashqari, Tarim shossesida turli xizmat ko‘rsatish markazlarining ochilishi ortidan bu yerda sayyohlik va xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichlari keskin oshdi.
Keyingi yillarda Xitoyning turli hududlaridan ko‘plab sayyohlar o‘z mashinalarida Takla-Makon cho‘lini ko‘rish uchun kelishmoqda. Bu ham Tarim shossesining ahamiyatini oshirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy 2018 yilda Takla-Makon cho‘lini kesib o‘tadigan temiryo‘l qurilishini boshladi. U Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarkibiga kiruvchi Boyon-G‘ul-Mug‘ul avtonom okrugidagi Charklik shahridan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Xo‘tan shahriga qarab tortilmoqda.
Xo‘tan-Charklik temiryo‘li deb nomlanuvchi mazkur temiryo‘l liniyasining umumiy uzunligi 825 kilometrni tashkil etadi. Shundan 534 kilometri Takla-Makon cho‘li orqali o‘tmoqda.
Xuddi Tarim yo‘lida bo‘lgani kabi, Xo‘tan-Charklik temiryo‘lining ikki tomoniga temiryo‘lni qum bosib qolishidan asrash uchun daraxt ekilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra bu yerda 50 million metr kvadrat maydonga 13 million tup qurg‘oqchilikka chidamli daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Temiryo‘l bo‘ylab yashil hudud tashkil qilish ishlari davom ettirilmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18 / 10.11.2024
«Qarz qopqoni»: Xitoy tasarrufiga o‘tgan Shri Lanka porti
08:08 / 09.11.2024