Jahon | 21:31 / 30.10.2022
29921
33 daqiqa o‘qiladi

«Endi bu qanday bo‘lishini tushungandirsiz» - Belgorod aholisi o‘qlar ostida qanday yashamoqda?

Shebekino shahridagi ko‘cha. HTTPS://T.ME/VVGLADKOV

Sentyabr oyida Xarkivda muvaffaqiyatli qarshi hujum amalga oshirilgach, Ukraina armiyasi Rossiya chegarasiga yaqinlashdi. Shundan beri Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh Belgorod oblasti deyarli har kuni o‘qqa tutilmoqda. Ukraina bosqini boshlanganidan keyingi 8 oy ichida belgorodliklar harbiy amaliyotlar sadosiga o‘rganib qolgan, chegaraga yaqin qishloqlar esa bir necha bor evakuatsiya qilingan. Ammo hozir ba’zilar bunga dosh bermasdan Rossiya ichkarisiga ko‘chib ketishga urinmoqda.

(Maqoladagi barcha qahramonlarning ismi ularning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi).

22 oktyabr, shanba kuni Shebekino shaharchasida yashovchi 35 yoshli Alina Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri birinchi marta Favqulodda vaziyatlar vazirligidan SMS-xabar oldi: «Diqqat! Shebekino o‘qqa tutilmoqda. Zarur narsalaringizni olib, yerto‘laga (boshpanaga) tushing. Ko‘chaga chiqmang!»

Ilgari FVV bunday xabarlarni yubormas edi.

«Hukumatimizning qo‘lidan keladigani shu. Bu yerda bomba boshpanalari bor yoki yo‘qligini bilmaymiz, hech kim tushuntirmaydi. Shunchaki yerto‘laga tushish so‘ralyapti. Kimda yerto‘la bo‘lsa, yashirinadi. Lekin odamlar faqat shanba kunidan (22 oktyabr) yashirina boshladilar. Bundan oldin hech qanday sabab yo‘q edi. Rostini aytsam, biz o‘sha kuni hech qayerga yashirinmadik. Har doimgidek bo‘lsa kerak deb o‘yladik. Ko‘nikib qolganmiz», deb shikoyat qiladi Alina.

«Ertalabdan kechgacha gumburlash ovozlari»

Shebekino – Belgorod oblastidagi chegaraga yaqin kichik shaharcha. So‘nggi 10 yil ichida uning aholisi doimiy ravishda qisqarib bordi va 2021 yilda 40 ming kishidan kamaydi. Bu yil odamlar urush tufayli Shebekinoni tark eta boshladi – shaharchadan Ukraina chegarasigacha besh kilometrdan sal ko‘proq masofa. Bu yerda harbiy harakatlar ovozlari aniq eshitilib turadi. So‘nggi paytlarda esa shaharcha muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda.

Mahalliy rasmiylar o‘qqa tutishlarda Ukraina armiyasini ayblamoqda. Ukraina hukumati o‘z qurolli kuchlari Rossiya hududini o‘qqa tutayotganini tan olmaydi va buni rossiyalik harbiylarning xatolari yoki Rossiya havo mudofaa tizimi Rossiya raketalarini urib tushirayotgani bilan izohlaydi.

Shebekino aholisi havo hujumidan mudofaa texnikasi, harbiy vertolyotlar, minomyotlar va artilleriya shovqinini eshitishadi, agar o‘qqa tutish oqibatida yong‘in chiqsa, pag‘a-pag‘a tutunni ko‘rishadi.

Avgust oyida Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov Shebekino va boshqa chegara hududlari aholisini o‘qqa tutishlarning yana bir oqibati haqida ogohlantirdi. U portlamay qolgan o‘q-dorilardan ehtiyot bo‘lishni, ularga tegmaslikni so‘radi: «Bizda katta fojia yuz berdi, bolakay patronlardan birini bo‘laklamoqchi bo‘ldi va panjasidan ayrildi».

Shuningdek, Gladkov Shebekino hududida ko‘plab minalar topilganini aytdi (piyodalarga qarshi «Lepestok» minalari, qo‘lda emas, masofadan turib o‘rnatiladi). Shebekino shahrida yashovchi shaxs ushbu minalardan birini bosib olgan va tovonidan ayrilgan. Shu tufayli Gladkov aholiga o‘rmonga bormaslikni maslahat berdi.

Urush Shebekino shahriga Putin tomonidan e’lon qilingan «maxsus operatsiya» boshlanishidan oldin kelgandi. 21 fevral kuni, Ukrainaga bosqindan uch kun oldin, ijtimoiy tarmoqlarda Z belgisi tushirilgan rus harbiy texnikalari Shebekinodan o‘tayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Alinaning aytishicha, fevralgacha hech qachon yo‘llarda tanklarni ko‘rmagan.

«Tanklar, samolyotlar, zirhli transportyorlar – bularning barchasini ikki-uch kun davomida Shebekino hududida ko‘rdim. Tobora qo‘rqinchli bo‘lyapti. Bundan ham yomon voqea yuz bermasidan oldin mamlakat ichkarisiga ko‘chib o‘tish variantlarini jiddiy ko‘rib chiqmoqdamiz», – 20 fevral kuni ijtimoiy tarmoqda shunday anonim post paydo bo‘lgandi.

Alinaning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘p odamlar shaharni tark etgan», uning tanishlari orasida beshta oila Belgorod oblastidan ko‘chib ketgan. Uning o‘zi va oilasi hamon Shebekinoda – boradigan joyi va uy ijaraga olish uchun mablag‘i yo‘qligini aytadi. Alina eri va to‘rt farzandi bilan shaxsiy uyda yashaydi – kenja qizi to‘rt yoshda, kattasi 13 yoshda. Eri quruvchi bo‘lib ishlaydi, o‘zi esa bolalari bilan uyda o‘tiradi.

Ba’zan Shebekino o‘qqa tutilishi oqibatida elektr energiyasi ta’minoti uzilib qoladi, shaharning ayrim qismlari suvdan mahrum bo‘ladi. Bir marta «svet» bir-ikki soatga, boshqa safar olti soatga o‘chdi, deydi Alina. Agar elektr energiyasi yo‘qolib qolsa, isitish tizimi ham ishlamaydi – uy chidab bo‘lmas darajada sovib ketadi. Shunda Alinaning eri oilasini onasining uyiga olib boradi, uning kvartirasi uzluksiz isitiladi.

O‘quvchilar hozir ta’tilda. Undan oldin otishma tufayli ular uch hafta davomida masofadan turib o‘qishgan. Kichik qizi deyarli bir oydan beri bog‘chaga bormayapti. 26 sentabrdan boshlab, Shebekinodagi barcha maktablar masofaviy ta’limga o‘tkazildi, bog‘chalarda faqat navbatchi guruhlar qoldirildi.

Alinaning bolalari otishma va urushning boshqa tovushlariga deyarli e’tibor bermaydi, «allaqachon bunga ko‘nikib qolishgan». Faqat 22 oktyabr kuni «biroz qo‘rqinchli bo‘ldi». Shu kuni shahar minomyotlardan kuchli o‘qqa tutildi. Zarba uning markaziga berildi – bir necha do‘kon, bozor va «Galereya» savdo markazi zarar ko‘rdi. Zarba oqibatida bozor, savdo markazi va bir qancha do‘konlarda yong‘in boshlandi, «Galereya» binosi butunlay yonib ketdi.

Shebekinodagi «Galereya» savdo markazidagi yong‘in oqibatlari, 22 oktyabr

Otishma paytida ikki kishi, jumladan, 14 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 12 kishi yaralandi, ulardan besh nafari shifoxonaga yotqizildi, to‘rt nafarining ahvoli og‘ir. Zarbalardan keyin Alinaning uyida suv o‘chdi, boshqa hududlarda esa elektr uzilib qolgan.

Alinaning o‘zi ham o‘q ovozlariga ko‘nikib ketgan: «Biz odatdagidek yashaymiz, uydan chiqamiz. Ertalabdan kechgacha gumburlash ovozini eshitamiz. Har kuni bir xil holat». Urushning birinchi oylarida ham shaharda urush ovozi eshitilib turardi, ammo hozirgidan tinchroq edi, deydi u.

Urushning birinchi kuni, 24 fevralda «juda qattiq gumburladi, juda qo‘rqib ketdik», deb eslaydi Alina. So‘nggi oylarda u tovushlarni farqlashni o‘rganib oldi: «Havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotganini, qiruvchi samolyotlar va harbiy vertolyotlar ovozini, minomyotlar tovushini ajrata olaman. Qishda va bahorda bu tovushlardan unchalik qo‘rqmaganmiz. Faqat havo hujumidan mudofaa tizimi juda qo‘rqinchli. Uning shovqinidan devorlar qimirlab ketadi, zaryadkalar rozetkalardan tushib qoladi. Ba’zan kuni bo‘yi tinch bo‘ladi, ba’zan qatorasiga 6 marta ishlaydi. Raketalar biz tomonga uchib kelayotganida, mudofaa tizimi ularni urib tushiradi».

«Endi bu qanday bo‘lishini tushungandirsiz»

27 yoshli Andrey shu yilning avgust oyida Shebekinodan Moskvaga jo‘nab ketdi – u uzoq vaqtdan beri poytaxtga ko‘chib o‘tishni orzu qilgan. Andrey Moskva maktablaridan birida ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishga joylashdi. Ammo uning onasi Shebekinoda 87 yoshli buvisi va 92 yoshli bobosi bilan qoldi. «Onam va men boshidanoq Rossiya agressiyasiga qarshi edik, buvim yangiliklarni unchalik o‘qimaydi va ko‘rmaydi, bobom esa TV orqali yangiliklarni ko‘radi», dedi u.

Bobosi sodir bo‘layotgan voqealarni TV targ‘iboti ko‘p oylardan beri takrorlab kelayotgan so‘zlar bilan tushuntiradi: «U zarbalarni Ukrainada fashistik hukumat borligi, ularga amerikaliklar yordam berayotgani bilan izohlaydi. Agar «maxsus operatsiya» bo‘lmaganida ular baribir otishardi, deb hisoblaydi».

«Ukraina Xarkiv viloyatini va Shebekinoga yaqin joylashgan Volchansk shahrini ozod qilganidan so‘ng, qishloqlar tez-tez o‘qqa tutila boshladi. So‘nggi bir hafta ichida vaziyat ayniqsa keskinlashdi. Onam bu kunlarda juda xavotirga tushib qoldi. 22 oktyabr kuni bozor o‘qqa tutilgach, «ular ikki soatdan beri tinmay otishyapti, endi tamom, ko‘chib ketish vaqti keldi», deb yozdi», deydi Andrey.

Shebekino o‘qqa tutilishi oqibatlari

Uning so‘zlariga ko‘ra, buvisi ketishga darhol rozi bo‘ldi. Keksaligi tufayli uning eshitish qobiliyati yomonlashgan, shuning uchun portlash tovushlarini eshitmaydi. Lekin o‘tgan shanba kuni u yong‘inning ulkan qora tutunini ko‘rib, juda qo‘rqib ketdi. «Bobomga tafsilotlarni oshkor qilmadik va ta’tilga ketayotganimizni aytdik. Yaxshiyamki, u tezda rozi bo‘ldi», deydi Andrey.

Shanba kuni kechqurun Andrey Moskvadan yo‘lga chiqib, 23 oktyabr kuni erta tongda Belgorodga yetib keldi. Shebekinoga boradigan avtobuslar hali yo‘lga chiqmagandi. Shu sababli taksiga buyurtma berishga majbur bo‘ldi. Oldiniga taksi haydovchilaridan to‘rt nafari Shebekinoga borishni istamadi va faqat beshinchi haydovchi rozi bo‘ldi.

«Taksi haydovchilari uzoqdan yo‘lovchisiz qaytib kelmaslik uchun Belgoroddan tashqariga borishni xohlamagan yoki bu o‘qqa tutishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», deydi Andrey. Chunki haydovchi undan uyiga yetib borish uchun shahar markazini chetlab o‘tadigan yo‘lni so‘ragan. Avvalroq, u Shebekino o‘qqa tutilishidan bir soat oldin shahar markazidan o‘tgan ekan.

Yakshanba kuni Andrey taxminan bir yarim soat davomida o‘qqa tutish ovozlarini eshitdi, lekin Shebekino o‘z hayoti bilan yashayotgan shahardek taassurot qoldirdi, «Go‘yo bir kun oldingi yong‘in yagona baxtsiz hodisa bo‘lgandek edi. Hamma ko‘chada yurmoqda, harakatlanmoqda».

«Ammo yo‘lovchilar, qo‘shnilar qo‘rqib qolishgan. Endi nima bo‘lishini, nimani kutish kerakligini hech kim bilmaydi. «Ukraina shaharlariga bomba tashlanganida hamma xursand bo‘lgan edi. Endi buni qanday bo‘lishini o‘zlari ham yaxshi tushunib olishdi», dedi ulardan biri».

Dushanba kuni Andrey onasi, bobosi va buvisini Shebekinodan Moskvaga olib ketdi.

«Stariy Oskol shahriga ko‘chib o‘tish»

Shebekino shahrida yashovchi Larisa ham 22 oktyabr kungi o‘qqa tutishlardan keyin chidab turolmadi va bolalari bilan Belgoroddan 153 km shimoli-sharqda joylashgan Stariy Oskol shahriga jo‘nab ketdi.

Larisa uy topish uchun bir oy oldin harakatni boshlagan. «Kvartira haqida ko‘p qo‘ng‘iroq qildik, mehmonlarni qabul qilmayapmiz degan javoblarni oldik. Narxlar qimmat, 15 ming rubl edi. Keyinchalik bunday narxlar qolmadi. Kamida 25-30 ming, plyus 50 foizi rieltorga. Oxiri 24 mingga topdik. Kvartira rasvo, shu sababli ham narx nisbatan arzon».

Uy-joyni ijaraga olish yoki qarindoshlarinikiga borish imkoniyati bo‘lmaganlar uchun Stariy Oskolda vaqtinchalik yashash joylari tashkil etilgan. Belgorod oblastida bunday punktlar fevral oyida, Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun ochilgan edi. Hozirda ularga rossiyaliklar – chegaradosh hududlar aholisi ham joylashtirilmoqda.

24 fevraldan beri Belgorod oblastining beshta shaharchasidan 3487 kishi evakuatsiya qilindi, ulardan 1147 nafari vaqtinchalik yashash joylariga joylashtirildi. Qolgan 2340 nafari esa qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tgan, ijaraga uy olgan yoki ijtimoiy tashkilotlar binosida istiqomat qiladi.

Belgorod oblastida odamlar mart oyi oxiridan evakuatsiya qilina boshladi. Birinchi navbatda chegaraga yaqin qishloqlar aholisi ko‘chirildi. 13 sentabr kuni Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov «Qolgan odamlarni ham ko‘chib ketish zarurligiga ishontirishga urinyapmiz. Bu harakatlarni to‘xtatmaymiz», degan edi.

Gladkov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i orqali muntazam ravishda aholi bilan jonli muloqot qiladi. Oktyabr oyidagi efirlardan birida undan Shebekino aholisi ham evakuatsiya qilinadimi deb so‘raldi. «Bunday reja yo‘q, odamlar faqat «xavfli» joylardan evakuatsiya qilinadi», dedi u.

Shebekinolik ayol Stariy Oskoldagi vaqtincha yashash joyida

Ammo 23 oktyabr kuni, Shebekino kuchli o‘qqa tutilganidan bir kun o‘tgach, gubernator aholi Stariy Oskolga evakuatsiya qilingani va u yerda dam olish bazalaridan birining hududiga joylashtirilganini e’lon qildi. «Yashash uchun xavfli bo‘lib qolgan hududlarda uyma-uy kirib, odamlarga tushuntirdik. Rozi bo‘lganlarni vaqtinchalik ko‘chirdik».

24 oktyabr kuni Stariy Oskol mahalliy telekanali Shebekinodan ko‘chirib keltirilgan aholi haqida lavha namoyish etdi. Ma’lum qilinishicha, hozirda shahar 2 ming odamga joy ajratishga tayyor. Jurnalistlar vaqtinchalik yashash joyiga borishdi va 155 odam joylashtirilganiga guvoh bo‘lishdi.

U yerda Shebekinodan kelgan ayol bilan suhbat qilishdi. «Biz ishda edik, Shebekinoning o‘qqa tutilganini eshitdik, bozorimiz o‘qqa tutilibdi, dedi u. - Kechqurun uyga kelganimizda, biz yashayotgan hudud ham o‘qqa tutildi, bu juda qo‘rqinchli edi. Shu zahoti narsalarimizni yig‘ishtirib, yo‘lga chiqdik».

«Moskva oblastida kim meni ishga oladi?»

Shebekinoning nisbatan xavfsiz hududlarida yashovchi, lekin baribir shaharni tark etmoqchi bo‘lganlarga mahalliy hokimiyat tomonidan Stariy Oskolda vaqtinchalik yashash joylari taklif etilmoqda. 22 oktyabr kuni kechqurun Alinaga shunday imkoniyat taklif qilingan: «Biz rahbarimizdan [Shebekino shahar okrugi ma’muriyati rahbari Vladimir Jdanovdan] so‘radik, u Stariy Oskolga borish va vaqtinchalik yashash imkoniyati borligini aytdi».

Ammo u Stariy Oskolga borishni istamaydi – u yerda bolalari bilan hech qanday sharoit bo‘lmagan «chodir»ga joylashtirilishiga ishonadi.

Stariy Oskolga ko‘chirilgan shebekinoliklar oldiga 23 oktyabr kuni gubernator tashrif buyurdi
Foto: T.ME/VVGLADKOV

Gubernator Gladkov vaqtinchalik yashash joyi fotosuratlarini e’lon qildi, undagi sharoitlarni qulay deb atash qiyin. Suratlarda kichkina xonalarda to‘rtta ikki qavatli karavot o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.

21 oktyabr kuni Moskva oblasti Belgorod oblastidan 500 nafar odamni qabul qilishga va ularni sanatoriylardan biriga joylashtirishga tayyorligi ma’lum bo‘ldi. Ular uchun oziq-ovqat va turar joy bepul bo‘lishi aytildi. «Atigi 500 ta joy bor ekan, chegaraga yaqinroq qishloqlardan evakuatsiya qilinganlar boraqolsin. Ularning yashash joyi yo‘q», deydi Alina.

Chegaraga yaqin qishloqlarda, rasmiylarning targ‘ibotiga qaramay, uyini tark etishni istamaydigan odamlar ham bor. 32 yoshli Anton «Vodokanal»da avariya-ta’mirlash brigadasida ishlaydi va ba’zan chegaraga yaqin qishloqlarga – Murom (chegaradan 1 km uzoqlikda), Krasnoye (chegaradan 1,5 km) va boshqalariga borib turadi. «U yerda odamlar yashayapti, ularga suv kerak», deb tushuntiradi u.

Hozir Anton bir haftadan beri Shebekinoda ishlayapti. «Men ekskavatorda ishlayman. Uskunalar shu qadar eski va ta’mirtalabki, Murom yoki Krasnoye qishlog‘iga borishdan oldin yuz marta o‘ylab ko‘rish kerak – ekskavator u yerga yetib boradimi yoki yo‘qmi. Ehtiyot qismlar uchun mablag‘ yo‘q».

«Vodokanal» kam haq to‘laydi, odamlar ish haqi kamligidan norozi, bundan tashqari, endi xavfli chegara hududlariga ham borishni istamaydi. «Oyiga 27 ming rubl – bu normalmi? Men shuncha olaman, chilangarlar esa undan ham kam oladi, deb shikoyat qiladi Anton. Ular dushanba kuni Muromga borib, yorilgan quvurni ta’mirlashi kerak edi. Ammo ish haqi kamligi va qo‘shimcha to‘lov yo‘qligiga e’tiroz bildirishdi. Shunda olti odamga ikkita zirhli jilet topib berishdi».

«Nimadir portladi, katta yong‘inni ko‘ryapman», dedi u birdan. Anton bilan suhbat chog‘ida Shebekinodagi lak-bo‘yoq zavodiga zarba berildi. Oqibatda, katta yong‘in chiqib, osmonga qora tutun ustuni ko‘tarildi. Uni ko‘plab odamlar ko‘rishdi.

Antonning so‘zlariga ko‘ra, shaharda vahima yo‘q: «Umuman olganda, hammayoq tinch, odamlar ishga boradi, ishlaydi. Shunchaki o‘qqa tutishlar ko‘payib qoldi, odamlar e’tibor ham qilmayapti. Mana hozir ham o‘qqa tutishyapti, juda yaqin masofada». U o‘qlardan yashirinmaydi. «Bu yer Stalingrad emas».

«FVV biz bilan suhbat o‘tkazdi. Unday qiling, bunday qiling. Bomba boshpanalari haqida so‘raganimizda, hali tayyor emasligini aytishdi. Hammasi odatdagidek, pullar esa kerakli joyga ketib bo‘lgan», deydi Anton.

U hali Shebekinodan ketishni rejalashtirmayapti: «Moskva oblastida kim meni ishga oladi? Bu yerda ishim, uyim, oilam bor, u yerda kim ishlaydi?»

«Bunga ko‘nikish normal emas»

BelDU 4-kurs talabasi Denis Belgorod janubidagi Xarkovskaya Gora rayonida yashaydi va uch haftadan beri uyidan chiqmaslikka harakat qilmoqda. U hozir masofaviy ta’limda, 11 oktyabrdan buyon universitet shunday rejimga o‘tgan.

«Chunki vaziyat notinch. Albatta, do‘konga borishga to‘g‘ri keladi. Boshqa holatda uydan chiqmayman. Bu odamning stressga qanchalik bardosh berishiga bog‘liq shekilli. Kimdir kechasi sayr qiladi va qo‘rqmaydi. Lekin men emas. Uyda o‘tirganda ham portlash ovozlari eshitilyapti, demak ko‘chada bundan ham qattiqroq va qayerga qochish ham tushunarsiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qqa tutishlar 8 oktyabrdan boshlab, Qrim ko‘prigi portlatilganidan keyin kuchaygan. Rossiya rasmiylari voqeani terakt deb atadi va bunda Ukraina razvedkasini aybladi. Ukraina razvedkasi ko‘prikni portlatgani haqidagi ayblovlarni rad etadi. 10 oktyabr kuni Rossiya Ukraina shaharlari va muhim infratuzilmalarini ommaviy o‘qqa tuta boshladi. Rossiya qo‘mondonligi bu Qrim ko‘prigining portlashiga javob ekanini ta’kidladi.

Belgoroddagi neft bazada 15 oktyabr kuni chiqqan yong‘in. Foto: T.ME/VVGLADKOV

«Shaharda hamma narsa yaxshi eshitiladi, deydi Denis. - Agar biror narsa portlasa, neft omborimi yoki elektr nimstansiyasimi, butun shahar uyg‘onadi. Undan oldin, o‘qqa tutishlar asosan tunda edi. Qrim ko‘prigidagi portlashdan keyin kuchaydi – ertalab ham, tushda ham o‘qqa tutishyapti».

Belgoroddagi neft bazasi 15 oktyabr kuni tushdan keyin o‘qqa tutildi va yonib ketdi. «Yujnaya» nimstansiyasiga bir kun oldin zarba berildi. Oqibatda nimstansiyada kuchli yong‘in boshlandi va Belgorodning bir qismi elektr ta’minotidan uzildi.

«Nimstansiyaga zarba berilganida deyarli butun rayon elektrsiz qoldi, deydi Xarkovskaya Gorada yashovchi 32 yoshli Kira.  – Rayonimiz katta va uning bir qismi elektrsiz qolganida diversiya uyushtirish va shaharning yarmini elektrsiz qoldirish shunchalik oson ekanini tushundik. Odamlar boshpanalar qayerda ekani, ogohlantiruvchi sirenalar nega chalinmagani haqida savol bera boshladilar».

«Yujnaya» nimstansiyasida fevral oyidan beri birinchi yirik avariya 8 sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Shundan keyin Xarkovskaya gora aholisi yarim kun davomida «svetsiz» qoldi. «Endi bunday muammolar tezroq hal qilinmoqda, 15-20 daqiqada «svet» berilyapti. Lekin ba’zan 1-2 soatga cho‘zilishi ham mumkin», deydi Kira.

Belgorod hududiga birinchi snaryad Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan kuni, 24 fevral ertalab tushgandi. Bu Dalnaya Sadovaya ko‘chasida sodir bo‘lgan. Oqibatda ikkita mashina yonib ketdi, bir necha uyning oynalari sindi. Guvohlarning yozishicha, portlash to‘lqini voqeaga yaqin joyda yashovchi odamlarning  «issiqxonalarini uchirib ketgan».

13 oktyabr kuni Belgorodda havo mudofaasi tizimi yana ishga tushdi – oqibatda raketa parchalari ko‘p qavatli turar joy binosiga quladi va yuqori qavatga qisman zarar yetkazdi. Voqea Xarkovskaya gora hududidagi Gubkin ko‘chasida, Kira yashaydigan uyga juda yaqin joyda sodir bo‘ldi.

U ham ko‘p qavatli binoda yashaydi va «qandaydir bo‘lak uchib kelishidan biroz qo‘rquv borligi»ni tan oladi. Uning o‘zi «ikkita devor» qoidasiga amal qilishga intiladi va «ayniqsa qo‘rqinchli bo‘lganida» vannaxonaga kirib oladi. Shu yaqin oradagi 5 qavatli uyda yashovchi Denis ham bir necha bor vannaxonaga yashiringan – «u yerda yuk ko‘taruvchi devorlar bor va ehtimol bu qandaydir himoya bo‘lishi mumkin».

14 oktyabr kuni gubernator Gladkov o‘qqa tutish kuchayishini inobatga olib, shaharda bombaga qarshi boshpana tayyorlash va yerto‘lalar holatini tekshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozir Gladkovning «VKontakte»dagi sahifasi belgorodliklarning shikoyatlari bilan to‘lgan. Odamlar yerto‘la kalitini (shahar ma’muriyatidan) ololmayotganidan shikoyat qilmoqda yoki o‘z uyi yerto‘lasi suratini joylab, boshpana uchun mos emasligini yozmoqda. Denisning uyida umuman yerto‘la yo‘q, pod’yezdda esa «biror hodisa yuz bersa, uchta uy naridagi binoga chopish kerak, chunki u yerda yerto‘la bor» degan ma’nodagi yozuv osilgan.

«Bizda yerto‘la bor, lekin uning qanchalik yaroqli ekanini bilmayman. Unda suv to‘plangan va boshqaruv kompaniyasi uni qandaydir yo‘l bilan quritishga harakat qilyapti. Ammo bu ishlar umidsizdek tuyulmoqda», deydi Kira.

14 oktyabr kuni nimstansiya yonib ketganda, u narsalarini yig‘di, itini olib, ota-onasinikiga, shahar tashqarisiga jo‘nadi. Biroq ishi borligi tufayli keyinchalik Belgorodga qaytishga majbur bo‘ldi.

«It doimo huradi, men ham asabiylashaman. U tashvishlanadi, nima bo‘layotganini ko‘rish uchun derazaga chopadi. Bunga ko‘nikishning iloji yo‘q va bunga ko‘nikish qandaydir g‘ayritabiiy», deydi Kira.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, Kira shaharni tezda tark etishga majbur bo‘lgan taqdirda kerakli narsalar va hujjatlarni tayyorlab qo‘yishni eri bilan muhokama qildi. Biroq, hech narsani tayyorlamadi, faqat hujjatlarni to‘pladi. «Ikki hafta oldin, o‘q otishlar kuchayganida shunday jomadonni tayyorlab qo‘ydim», deydi Kira.

Putin 21 sentabrda safarbarlik e’lon qilganidan keyin Kiraning eri Rossiyani tark etgan. Belgorod oblastida bu jarayon hamon davom etmoqda. Kira so‘zlariga ko‘ra, yaqinda uning tanishlaridan biri safarbar qilingan. Bundan oldin erining ish joyida 42 yoshli hamkasbini olib ketishgan.

14 oktyabr kuni Belgoroddagi nimstansiyada portlash oqibatida ro‘y bergan yong‘in. Foto: T.ME/VVGLADKOV

Uning o‘zi ham ketishni o‘ylayapti: «Men ketish haqida tez-tez o‘ylayapman, lekin hozirgi vaziyatda faqat shahardan tashqariga, ota-onamnikiga bora olaman. Ko‘pchilik 21 sentabrdan keyin jo‘nab ketdi, ba’zilar o‘qqa tutishlar kuchaygach, narsalarini yig‘ishtirishni boshladi. Ertalab itni sayr qildirganimda qo‘shnilar ketmoqchi ekani haqidagi suhbatlarini eshitib qolaman».

Denis ham bir haftadan keyin Belgorodni tark etmoqchi: «Boradigan joy tayin, boshqa shaharda kvartiramiz bor. Chunki bu yerda allaqachon juda og‘ir bo‘lib qolgan».

«Hamma hayotdan zavqlanmoqda, biroq biz 24 fevraldan beri bir kun ham tinch yashamadik»

 Oktyabr oyida gubernator Gladkovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida chegaradagi Valuyki shahrida yashovchi 29 yoshli Irina xabar qoldirdi – uning eri 16 sentabr kuni shahar o‘qqa tutilganida halok bo‘ldi. U sakkiz oylik bolasi bilan yolg‘iz qolgan.

«Zarba oqibatida uysiz qoldik, vaholanki, u ipotekada edi. Voqeadan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi va bu masala (ipoteka bo‘yicha to‘lovlar) ochiqligicha qolmoqda. Axir biz aybdor emasmiz-ku? Menga va bolamga begona oila boshpana berdi», deb yozdi u.

Hozirda rasmiylar uning uy-joy masalasi bilan shug‘ullanmoqda. Biroq, Irina hech qanday natija yo‘qligini aytdi: «Ma’muriyat hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda, sug‘urta kompaniyasi esa bizning ishimizni hali sug‘urta holati deb tan olmadi».

29 yoshli Marina eri va uch yoshli o‘g‘li bilan Xarkovskaya gora hududida yashaydi. Uning eri armiyada xizmat qilgan. Shu yilning yanvar oyida uni harbiy qo‘mitaga chaqirib, shartnoma tuzishni taklif qilishgan, ammo u rad javobini bergan. Hozircha unga safarbarlik qog‘ozi kelmagan.

«Qurolli to‘qnashuvlarga qanday munosabatda bo‘lish mumkin? Barcha qarindoshlarimiz va do‘stlarimiz bu voqealarning yakuniga yetishini xohlashadi. Kelajakda nima bo‘lishini bilmasdan yashash qiyin. Eng boshidan, qish boshlanganidan buyon biz faqat portlashlar, raketalarning uchirilishi, havo hujumidan mudofaa, samolyotlar bilan vertolyotlar tovushini eshityapmiz. Hatto shaharda ham portlashlar eshitilyapti. Portlash eshitilganida ikki marta bola bilan vannaxonada o‘tirdik. Oynalar shunday zirillaydiki, xuddi sinib ketmoqchidek bo‘ladi», deydi ayol.

Ularning farzandi yozda bog‘chaga borishni boshladi. «Endigina ko‘nikib boshlagan edi. So‘ngra bog‘chani yopishdi, yangi yilgacha ochilmasa kerak. So‘nggi haftada shahar notinch bo‘lib qoldi, bog‘chalardagi navbatchi guruhlar ham yopildi. Bolalar portlashlarga turlicha reaksiya qilishadi, tarbiyachilarga og‘ir», deydi Marina.

«Bolam allaqachon ko‘nikib qolgan, - deb qo‘shimcha qiladi u. - Qishdan beri vertolyotlar tez-tez uchib, shovqin-suron qilishardi. Ammo hozir bir vaqtning o‘zida o‘ntagacha portlashlar eshitiladi. Ikki-uchtasidan keyin bolam qo‘rqib, bezovtalanadi».

Marina eri bilan ishga ketganida, bolasini qarindoshlariga qoldiradi. U zavodda ishlaydi va dekret ta’tilidan bir necha hafta oldin chiqqan. Yaqinda barcha ishchilar to‘planib, o‘qqa tutish boshlanganida o‘zini qanday tutish kerakligi haqidagi videoni tomosha qilishgan.

Ular shaharni tark etmoqchi emas. «Qo‘rqinchli bo‘lsin, bo‘lmasin, boradigan joyimiz ham, odamimiz ham yo‘q. Ishimizni tashlab ketolmaymiz, axir ipotekani to‘lashimiz kerak».

Hozircha ketishni istamayotgan Alina oldin «hech bo‘lmaganda bolalar va ayollar» evakuatsiya qilinishi kerakligi, «munosib sharoitlarga ega joy»ga joylashtirilishi lozimligini aytadi. 24 fevral kuni u qo‘rqib ketdi, lekin eri bilan «[harbiy harakatlar] hali bu yerga ancha vaqt davomida kelmaydi» degan xulosaga borishdi. «Mana endi yetib keldi, shunday bo‘lishini bilardik», deydi u.

Shu bilan birga, u «maxsus harbiy operatsiya»ga qarshi emas edi: «Men ular Donbassni qutqarishyapti deb o‘ylagandim. Lekin askarlarga achindim. Endi o‘ylashimcha, hozir faqat ularni [Donbassni] qutqarishmoqda, bizni emas».

T.ME/VVGLADKOV

Alina Shebekino aholisini Xersonning evakuatsiya qilingan aholisi bilan taqqoslaydi.

Rossiya tomonidan bosib olingan shahar hokimiyati o‘tgan hafta aholiga Rossiya hududlariga ketishni tavsiya qildi. Rossiya hukumati ularga uy-joy sertifikatlarini berdi. Qochqinlar u bilan Rossiyada uy-joy sotib olishi mumkinligi aytildi. 23 oktyabr kuni rasmiylar Xerson oblasti aholisi birinchi sertifikatlarni olgani haqida xabar berdi. Ammo hozircha bu sertifikat bilan uy-joy olish holati bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q.

«Ularga [Xerson aholisiga] yordam berilyapti, bizga esa yo‘q. Ularni evakuatsiya qilishdi va uy-joy uchun sertifikat berishdi, ular uy sotib olib, xavfsiz yashashi mumkin. Biz-chi? Biz hatto bomba boshpanasi qayerda ekanini bilmaymiz. Rasmiylar biz bilan qiziqmaydi. Yo prezidentga bu yerda nima bo‘layotgani bildirilmaydi yoki u bizning mintaqamiz haqida qayg‘urmaydi», deb shikoyat qiladi Alina. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shebekino aholisi «maxsus operatsiya» tugashini istamoqda: «Albatta aholi buning tugashini xohlaydi. Askarlar o‘lmoqda, ikki tomondan ham tinch aholi qurbon bo‘lyapti».

«Shahrimiz aholisi nimani xohlashini bilasizmi?» deb so‘radi to‘satdan Alina. – Ular hech bo‘lmaganda bir marta Moskvaga raketa uchib borishini xohlashadi. Shunda ular bizning ahvolimiz qanday ekanini tushunishadi. Hamma hayotdan zavq olib yashayapti, lekin chegaradagilar bilan hech kimning ishi yo‘q, odamlarga shunisi alam qiladi. 24 fevraldan buyon bir kun ham tinch yashamadik. Boshqalar buni bilmaydi. Ular faqat safarbarlik boshlanganida buni bilib qolishdi. Bu yerda ko‘pchilik shunday fikrda».

Vodokanalda ishlaydigan Anton bu voqealarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini bilmaydi. «Ammo bir narsani aniq bilaman, qadrdon shahrim o‘qqa tutilyaptimi, demak endi oxirigacha borish kerak». U safarbarlikdan qo‘rqmaydi, lekin frontga borish «ishtiyoqida yonmaydi».

«Nima bersang, shuni olasan. Umuman olganda, bu yerda [Belgorodda] ko‘pchilik «maxsus operatsiya»ni yoqlaydi, deydi Denis. – Z-vatanparvarlar qo‘rqishadi, garchi qo‘rqmasliklari kerak edi. Chunki ular buni qo‘llab-quvvatladilar va hammasi qaytib kelishini tushunishi kerak edi. Lekin bu haqda o‘ylamadilar. Ular hammasini televizorda ko‘rishni xohlaydilar, lekin o‘ziga daxldor bo‘lishini emas... Ular nimani xohlayotganini bilmayman».

Mavzuga oid