Jahon | 14:23 / 30.10.2022
29818
9 daqiqa o‘qiladi

“Miyamizning atigi 10 foizidan foydalanamiz” – sayyoraning 76 yoshli eng aqlli odami haqida

IQ testlarida ham o‘smirlar, ham katta yoshlilar orasida eng yuqori natijani ko‘rsatgan Merilin vos Savant Amerika jurnallari kolumnisti. Turmush o‘rtog‘i Robert Jarvik esa birinchi sun’iy yurak modelini yaratgan shaxs. Juftlikka “Nyu-Yorkning eng aqlli juftligi” nomi ham berilgan.

Foto: Kun.uz

IQ darajasi nima?

IQ inglizcha “intelligence quotient” – o‘zbekchada “intellektuallik koeffitsiyenti” so‘zlari qisqartmasi bo‘lib, insonning o‘rganish, tushunish, ma’lumotlar bilan ishlash qobiliyati va samarali yo‘llarni qo‘llash koeffitsiyentini o‘lchaydi. IQ testlari balli tizimda baholanib, dunyo bo‘yicha taxminan 68 foiz kishining IQ darajasi 85 balldan 115 ballgacha deb qaraladi. Juda ozchilik kishilar 70dan past yoki 130 dan yuqori IQʼga ega bo‘ladilar.

IQ darajasi yuqori bo‘lish boshqalarga nisbatan aqlliroq bo‘lishni anglatadi. Eng yuqori IQʼga ega shaxslar qatoriga Albert Eynshteyn – 160-190, Natan Leopold – 210, Nadya Kamukova – 210, Vilyam Sidis – 250 kiradi. Ular orasida rasman Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan Merilin vos Savant ham bor.

Merilin vos Savant kim?

Merilin Savant Merilin Mach 1946 yil 11 avgustda Missuri shtatining Tsent-Luis shahrida tug‘ilgan. U kamtarin ko‘mirchilar oilasidan chiqqan, ota-onasi esa Germaniya va Italiyadan kelgan muhojirlar bo‘lgan. Savantning tomirida italyan, chexoslovak, nemis va avstriyaliklar qoni bor. U fizik va faylasuf Ernst Maxning uzoq avlodi. Otasining ismi Jozef Mach va onasi Marina vos Savant bo‘lgan.

Merilinning aql-zakovati 2 turdagi IQ testlari yordamida tekshirilgan. Biri 10 yoshligida o‘tkazilgan Stanford Binet testi bo‘lib, og‘zaki qobiliyatini aniqlashga qaratilgan.

Ikkinchi test “Hoeflin Mega Test”. Vunderkind ikkala testda ham juda yuqori ball – 228 oldi va 1986 yilda sayyoradagi eng aqlli inson sifatida Ginness jahon rekordlari kitobiga rasman kiritiladi. Bu – oddiy odamlarnikidan 2 barobar yuqori. Savant natijasi ham o‘smir, ham katta yoshlilar ichida eng yuqorisi bo‘lgan.

IQ testi haqidagi bahslar sabab Ginness rekordlar kitobi test o‘tkazishni 1990 yilda to‘xtatadi va Savant oxirgi rekord qayd etgan kishi bo‘lib qoladi.

Jamiyatdan uzoq tutilgan farzand

Uning aytishicha, bolaligi oddiy bolalarniki kabi o‘tgan, ota-onasi Savant uchun alohida e’tibor ko‘rsatishmagan. Savantning ota-onasi uning iqtidorini ommaga e’lon qilmaslik, tijoriy ekspluatatsiyadan asrash maqsadida uni jamiyat diqqat markazidan uzoq tutishgan.

U nafaqat fanlar va matematikani juda yaxshi bilgan, balki yozish mahorati ham yuqori bo‘lgan. O‘smirligida mahalliy gazetalarga doimiy maqolalar berib turgan. 

U Meramec Community College’ga o‘qishga kirib, keyinchalik Cent-Luisdagi Vashington universitetida falsafa bo‘yicha tahsil oladi. Biroq ikki yildan so‘ng oilasining biznesini yuritishga yordam berish uchun kollejni tashlab ketadi. Shundan keyin qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk va investitsiyalar bo‘yicha karerasini boshlaydi. Biroq xayolida doim yozuvchi bo‘lishni orzusi turgan. 5 yil ichida moliyaviy holatini yaxshilab, doimiy yozuvchilik bilan shug‘ullanishga o‘tib ketadi. Vos Savant taxallusi ostida romanlar, qissalar, siyosiy satiralar yozib, jurnal va gazetalar sahifalarini tayyorlagan.

Turmush o‘rtog‘i Robert Jarvik esa birinchi sun’iy yurak modelini yaratgan shaxs. New York Magazine sonlarining birida bu juftlikni “Nyu-Yorkning eng aqlli juftligi” deb atashgan. Hozir Savant, New York Magazine kolumnisti, rafiqa, ona va buvi.

Malomatga qoldirgan javob

U 30 yil davomida Parade jurnalining “Merilinadan so‘rang” deb nomlangan savol-javoblar ruknini yozgan. Bu jurnalni Amerikada 80 milliondan ortiq kishi o‘qiydi.

Jurnalda ishlab yurgan yillari Savantga muxlislari keng tarqalgan “Monti Hall muammosi (Monty Hall Problem)” deb ataladigan savolni jo‘natishadi.

“Siz o‘yin shousida ishtirok etyapsiz deb tasavvur qilaylik. 3ta eshik turibdi, birining ortida mashina, qolgan ikkisida echki. Siz deylik, 1-eshikni tanladingiz. Qaysi eshik orqasida nima borligini biladigan mezbon, orqasida echki turgan 3-eshikni ochdi. Va sizga javobingizni o‘zgartirib, 2-eshikni tanlaysizmi dedi, siz nima qilasiz?”

Savant bu savolga javobni jurnal sahifasiga joylab, shunday deydi.

“Ha, javobimni o‘zgartiraman. 1-eshikni tanlasam, menda imkoniyat 1/3, 2-eshikda esa 2/3”, – deb yozadi.

Javob e’lon qilingach, jurnal o‘quvchilari noroziliklari boshlanib, Savantga javobga qarshi 10 minglab xatlar keladi, ularning 1000ga yaqini matematik olimlardan edi.

Keyinroq Savantning haqligini 1992 yilda o‘yin boshlovchisi Monti Hall (“Monty Hall Problem” – ehtimollik muammosi uning nomi bilan atalgan) The New York Times gazetasiga intervyusida ma’lum qiladi.

“Jonli o‘yin ko‘rsatuvlarida pul xavf ostida bo‘lganda turli xil psixologik omillar bo‘ladi. Birinchi javobini o‘zgartirmaganlar, keyingi imkoniyatdan foydalanishdan bosh tortib, yutish imkoniyatini kamaytiradilar”, – deydi u.

“Jamiyatdan olayotgan foydamizga javob qaytarishimiz kerak”

1994 yilda Savantning “Men maktabda o‘rgangan hamma narsani unutdim. Ta’limingizni qayta tiklashingizga yordam beradigan malaka oshirish kursi” kitobi nashrdan chiqadi. U o‘quvchilarning aqliy diqqatini kuchaytirishga yordam beradigan bir qator mashqlarni o‘z ichiga oladi.

Ikki yil o‘tgach, “Mantiqiy fikrlash kuchi: fikrlash san’atida oson darslar. U hayotimizda yo‘qligi haqida aniq faktlar” kitobini nashr etdi. Bu kitobda muallif: “Miyamizning atigi 10 foizidan foydalanamiz. Hozirgi aniq hisob-kitoblarni bilmayman. Balki 5–15 foizi ham bo‘lishi mumkin. Lekin motivatsiya bo‘lsa, inson ko‘p narsaga qodir”, – deb yozadi.

2002 yilda yozilgan “O‘sish: Klassik Amerika bolaligi” kitobida esa oilalar uchun avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishdan tortib, kasb tanlashgacha bo‘lgan barcha narsalarni o‘z ichiga olgan amaliy maslahatlar, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mashg‘ulotlar berilgan.

U kognitiv psixolog va yozuvchi ham hisoblanib, “O‘ta yuqori shaxs: nazariya. Daho va ustunlik” kitobi ham Savantga tegishli. U daholikning qanday belgilanishi va o‘lchanishi, daholik shaxsning individual xatti-harakatlarida qanday namoyon bo‘lishini o‘rganib chiqqan.

So‘nggi yillarda vos Savant sun’iy intellektning (AI) inson intellektini ortda qoldirganiga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. 2020 yilda The New York Times gazetasiga bergan intervyusida u sun’iy intellekt bir necha o‘n yil ichida “super aql”ga erishishi mumkinligini va bu insoniyat uchun yomon oqibatlarga olib kelishini aytgan.

“Agar bir inson hammadan aqlliroq bo‘lsa, u nima qilishini o‘ylab ko‘rish kerak. Biz buni nazorat qila olamizmi? Undan yaxshi maqsadda foydalaniladimi yoki aksincha” degan fikrlarni ilgari suradi.

Savantga aql egalariga jamiyatda ko‘proq mas’uliyat yuklanishi kerakmi, degan savolga shunday javob beradi:

“Avvalo oddiy odamlar maktab, yo‘l qurayotgan bir paytda ular qilgan ishning shunchaki foydalanuvchisi bo‘lish to‘g‘ri emas. Mas’uliyat faqat aql egalari emas, hamma uchun muhim. Biz jamiyatdan olayotgan foydamiz evazini qaytarishimiz, ijtimoiy mas’uliyatni bo‘ynimizga olishimiz kerak. Lekin buni uddalay olyapmiz deb o‘ylamayman. Men kitoblarim orqali jamiyatdan olgan narsalarimni odamlarga qaytaryapman deb o‘ylayman”, – degan u. 

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid