Davlat dasturi bo‘yicha bajarilmagan vazifalar ko‘rib chiqildi
«Yuksalish» umummilliy harakati huzurida Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tashkil etilgan. 31 oktyabr kuni Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 9 oylik ijrosi bo‘yicha tayyorlangan muqobil hisobotning jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.
Tayyorlangan hisobotga ko‘ra, Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat bo‘lib, unda 671 ta vazifani amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan. Shundan, 2022 yilning 1 oktabr holatiga Davlat dasturining 210 ta bandi bo‘yicha 342 ta vazifa amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Belgilangan 258 ta vazifa ijrosi ta’minlangan bo‘lib, shundan 27 ta vazifa ijrosi muddatidan oldin bajarilgan.
Ijobiy o‘zgarishlar bilan birgalikda Davlat dasturi ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan bandlari ham mavjud. Jumladan, Davlat dasturida 2 ta band bo‘yicha vazifalar bajarilmagan:
286-bandga muvofiq tajriba tariqasida «Yangi Angren IES» AJning ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiya o‘rnatilmagan (muddat 2022 yil sentabr, mas’ul Davlat ekologiya qo‘mitasi).
320-band bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni klinik oldi sinovlaridan o‘tkazish va ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan (muddat 2022 yil mart, mas’ul Innovatsion rivojlanish vazirligi).
Shuningdek, Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha bir qator vazifalar yuzasidan ko‘zda tutilgan qonunchilik hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgani bois, mazkur vazifalar ham to‘liq bajarilmagan.
Jumladan, ijro muddati kelgan (o‘tgan) 58 ta band bo‘yicha 91 ta vazifa yuzasidan normativ va boshqa hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va ko‘rib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan bo‘lib, qabul qilinmasdan turibdi (ijroga qaratilmagan).
Davlat dasturining 150-bandiga muvofiq, Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, ularning ijrosi bo‘yicha ham monitoring olib borilmoqda. Mazkur hududiy dasturlar ijrosi bo‘yicha qator bajarilmagan vazifalar mavjud.
Jumladan, Jizzax viloyatida 20 ta, Navoiyda 13 ta, Qashqadaryoda 13 ta, Namanganda 12 ta, Buxoroda 11 ta, Qoraqalpog‘istonda 8 ta, Sirdaryoda 8 ta, Toshkent viloyatida 8 ta, Andijonda 7 ta, Surxondaryoda 7 ta, Xorazmda 6 ta, Toshkent shahrida 4 ta, Farg‘onada 4, Samarqandda 2 ta band bo‘yicha vazifalar o‘z vaqtida bajarilmagan.
Tadbir so‘ngida Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tomonidan Davlat dasturi ijrosi doimiy monitoring qilib borilishi va islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, bu borada zarur taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilishi qayd etildi.
Mavzuga oid
18:44 / 03.07.2024
«Maktablarda o‘rnatilgan panellarning quvvati bor yo‘g‘i 2-3 ta kompyuter va 5-6 ta yoritish chiroqlariga yetadi» - Bobur Bekmurodov
11:45 / 31.01.2024
“Tashabbusli budjet”da “bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etiladi
23:46 / 30.01.2024
Telefon so‘zlashuvlarini eshitish uchun sanksiya elektron tarzda beriladi
23:32 / 30.01.2024