Jahon | 17:13 / 31.10.2022
5137
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrohududda inflatsiya birinchi marta 10 foizdan oshdi

Foto: AP

Oktabr oyida Yevrohududda iste’mol narxlari 10,7 foizga oshdi. Bu haqda Yevrostat ma’lumotlarning birinchi bahosiga tayanib xabar qildi. Boltiqbo‘yi mamlakatlarida inflatsiya taxminan 22 foizni tashkil etdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yevrohududda iste’mol narxlari oktyabr oyida 2021 yilning shu oyiga nisbatan 10,7 foizga oshgan. Shu tariqa, inflatsiya darajasi yangi tarixiy maksimal darajaga yetdi va 1999 yilda yevro joriy etilganidan beri birinchi marta o‘n foizlik belgidan oshib ketdi, deb xabar berdi Lyuksemburgdagi Yevropa statistika boshqarmasi (Yevrostat) 31 oktyabr, dushanba kuni olingan ma’lumotlarga tayanib.

O‘tgan oyda bo‘lgani kabi, oktyabr oyida ham energiya tashuvchilar narxlari ayniqsa kuchli oshdi – 41,9 foizga. Oziq-ovqat mahsulotlari 13,1 foizga qimmatlashdi. 

Oktabr oyida inflatsiya darajasi Boltiqbo‘yi mamlakatlarida boshqa yevrozona davlatlaridan yuqori bo‘lib, ularning har birida taxminan 22 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, eng yuqori ko‘rsatkich Niderlandiyada qayd etilgan - deyarli 17 foiz. Fransiya (7,1 foiz) va Ispaniyada (7,3 foiz) boshqa mamlakatlarga nisbatan iste’mol narxlari o‘rtacha darajada oshdi. Germaniyada, Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida inflatsiya 11,6 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, Germaniya Federal statistika boshqarmasi 28 oktabr kuni bu ko‘rsatkich oktabr oyida 10,4 foizni tashkil etishini taxmin qildi. AFP ta’kidlashicha, Yevrostat turli mamlakatlar ko‘rsatkichlarini taqqoslab, boshqa hisoblash usullaridan foydalanadi. 

Sentabr oyida yevrohududda inflatsiya 9,9 foizni tashkil etdi. 

Rekord inflatsiya va Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan urushiga qaramay, yevrohudud iqtisodiyoti uchinchi chorakda biroz o‘sdi. Yevroguruh mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti iyuldan sentabrgacha bo‘lgan davrda ikkinchi chorakka nisbatan 0,2 foizga o‘sdi, deya xabar beradi Yevrostat. 

Mavzuga oid