Biryo‘la 4 ta vazirga parlament so‘rovi yuborildi
Deputatlar Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros, innovatsion rivojlanish, AKT va ichki ishlar vazirlariga parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qilishdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 1 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisi qaroriga ko‘ra 4 nafar vazirga parlament so‘rovi yuboriladi. Jumladan, O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovdan “Madaniy meros obektlari hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javob berish talab etiladi.
“Parlament so‘rovini tayyorlash jarayonida hukumat tomonidan madaniy meros obektlari hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash sohasida chiqarilgan qarorlar, prezident farmonlarida belgilab berilgan qator vazifalarning bajarilishi va umuman hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan madaniy meros obektlarini saqlash, muhofaza qilish borasidagi savollarni qo‘yganmiz”, deydi deputat Oydin Abdullayeva.
Shu bilan birga, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston, Navoiy va Sirdaryoda umumiy qiymati 25,5 mlrd so‘m bo‘lgan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parklari, raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini yanada rivojlantirish, shuningdek iqtidorli yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlamentga hisobot beradi. Deputatlar bu boradagi qarorni bir ovozdan ma’qullashdi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda ichki ishlar vaziri P. Bobojonovga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
“Bugungi kunda Jinoyat kodeksining 40 dan ortiq moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxs jabrlanuvchi bilan yarashish orqali jinoiy javobgarlikdan ozod bo‘lish imkoniyati mavjud. 2021 yil 4 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan 12 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ham yarashuv instituti joriy qilingandi.
Oliy sud tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning oktabr-dekabr oylarida 10 ming 773 ta ish bo‘yicha 16 ming 720 nafar shaxsga, 2022 yilning to‘qqiz oyida 34 ming 244 ta ish bo‘yicha 54 ming 970 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish huquqbuzar tomonidan yetkazilgan zarar qoplanib, jabrlanuvchi bilan yarashgani munosabati bilan tugatilgan.
Qonunga muvofiq, yarashuv instituti bugungi kunda asosan ichki ishlar organlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan qo‘llanmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda yagona huquqni qo‘llash amaliyoti mavjud emasligi ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda, bunda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni tezroq tugatish maqsadida fuqarolarni majburlagan holda ulardan yarashgani xususida arizalar olish holatlari uchramoqda”, – deydi deputat Muxtabar Husanova.
Majlisda deputatlarning taklif va mulohazalaridan kelib chiqib, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yarashilgani munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilishga oid qonundagi normalarning ijrosi yuzasidan parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.