O‘zbekiston | 13:25 / 01.11.2022
16989
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz investitsiya kiritish orqali O‘zbekistondan itoat kutmaymiz» – Germaniya tashqi ishlar vaziri

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshqa davlatlar O‘zbekistonni o‘z ta’sir doirasining bir bo‘lagi sifatida ko‘rmoqchi bo‘lsa, nemislar yaxshi hamkor sifatida ko‘rmoqchiligini bildirdi. Shuningdek, u erkinlik va huquqlarning ta’minlanishi O‘zbekistonga kirgan investorlarning eng yaxshi himoyasi bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

1 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Germaniya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng vazirlar OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi.

«Men uchun muhimi, biz hamkorlikni teng huquqli darajada birgalikda olib borishimiz. Teng huquqli deganda ishonchli, shaffof va majburiyatlar yuklamaydigan kreditlar [yoki qarzlar] berish orqali amalga oshirish tushuniladi.

Boshqa davlatlar O‘zbekistonni [investitsiyalar kiritish orqali] o‘z ta’sir doirasining bir bo‘lagi sifatida ko‘rmoqchi bo‘lsa, biz O‘zbekistonni yaxshi hamkor sifatida ko‘rmoqchimiz. Investitsiyalar kiritish orqali biz itoatni kutayotganimiz yo‘q, balki faqatgina huquqiy xavfsizlikni muhim deb bilamiz», deya Germaniya tashqi ishlar vaziri so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Annalena Berbok O‘zbekiston oxirgi yillarda ijtimoiy huquq sohasida muvaffaqiyatlarga erishgani, bolalar va kattalar majburiy mehnatiga qarshi ishlar olib borilganini e’tirof etdi. Shuningdek, endi qiyin bo‘lsa-da islohotlarning keyingi bosqichi boshlanishi kerakligini ta’kidladi.

«Bu fuqarolaringiz uchun kelajakka bo‘lgan yaxshiroq ishonchni taqdim qildi. O‘zbekiston bu bilan muhim islohotlarni boshladi, keyingi qadam huquqiy davlatchilik va fuqarolar erkinliklarini ta’minlash bo‘ladi. Siz bu yo‘lni qiyin yo‘l deb bilasiz, ammo bu davlatingizni yanada katta yutuqlarga yetaklovchi yo‘l hisoblanadi. Bu yo‘lda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish masalalariga ko‘mak berish asosiy maqsad hisoblanadi. Biz bu borada ishonchli hamkor bo‘lishga tayyormiz.

Erkinlik va huquqlarning ta’minlanishi O‘zbekistonga kirgan investorlarning eng yaxshi himoyasi bo‘ladi. Yana xohlardimki, siz bilan [Vladimir Norovni nazarda tutmoqda - tahr.] gaplashgan gaplarimiz faqat so‘z bo‘lib qolib ketmasidan, amalda ham ishlasa», – dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

Mavzuga oid