Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga bepul yegulik berish to‘liq tashkil etilmagan. Holat tenderlar hanuz yakunlanmagani bilan izohlanmoqda
Bundan tashqari Xorazm viloyatida ham bu boradagi ishlar to‘liq amalga oshirilmagan. Hanuz 6 foiz maktablar o‘quvchilari bepul tushlik olishmayapti. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyevning maxsus topshirig‘iga asosan 1 noyabr kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda xalq ta’limi sohasida yuzaga kelgan muammolar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda berilgan tezkor ma’lumotga ko‘ra, davlat rahbarining Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik yetkazib berish bo‘yicha topshirig‘i to‘liq bajarilmagan. Yangi o‘quv yilida Xorazm viloyatida keytering usulida 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish 94 foiz maktablarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tender tanlovlarini o‘tkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani bildirildi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyevning ma’lum qilishicha, tender savdolarining bir qismi yakunlanib, 19 sentabrdan boshlab ayrim maktablarda bepul tushlik berish boshlangan. Faqat olis hududlardagi maktablar ta’minoti muammo bo‘lmoqda, buning yechimi izlanyapti. Buning uchun oktabr oyida ham tender tanlovlari davom ettirilgan, tez orada oxirgi tender savdolari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Sardor Umrzoqov davlat rahbarining xayrli tashabbusi ijrosiga nisbatan mas’ullarning bunday sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun e’tiroz bildirdi. Gap boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ovqatlari haqida ketayotganini, bu masalaga panja ortidan qarash mutlaqo mumkin emasligini, davlat budjetidan barcha tegishli mablag‘lar ajratilib, moliyaviy masala birorta muammo yo‘qligini ta’kidlandi.
“19 sentabr deyapsiz, axir o‘quv yili qachon boshlanadi? Nahotki davlat rahbarining topshirig‘ini maktab davri boshlanguncha yo‘lga qo‘yib bo‘lmasa? Barcha zarur mablag‘lar ajratib berilgan”, – dedi administratsiya rahbari.
Bepul tushlik tarqatilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani yuzasidan Xalq ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura hamda Hisob palatasi vakillari ishtirokida tekshirish o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha axborot berish vazifasi yuklandi.
Mavzuga oid
10:30 / 10.11.2024
Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda piyoda vafot etdi
18:32 / 28.10.2024
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:17 / 25.10.2024
Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi
12:10 / 25.10.2024