Tinkov Instagram'dan Rossiya fuqaroligidan chiqishi haqidagi bayonoti o‘chganiga izoh berdi
Biznesmen Oleg Tinkov Instagram'da Rossiya pasportidan bosh tortganini yozdi, ertasi kuni bu post yo‘qolib qoldi. Tinkovning so‘zlariga ko‘ra, u uni o‘chirmagan.
Biznesmen Oleg Tinkov internet-trollarni Rossiya fuqaroligidan chiqishini e’lon qilgan Instagram'dagi postini o‘chirib tashlashda aybladi. «Putinning trollari qandaydir yo‘l bilan Instaga yetib keldi, mening postim yo‘qolib qoldi. U Rossiyaning mustaqil Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiya fuqaroligidan chiqishga qaror qilganimni aytgandi. Men bu urushga va tinch aholining o‘ldirilishiga qarshiman», — deb yozgan Tinkov 1 noyabr, seshanba kuni.
Bir kun avval u Rossiya fuqaroligidan voz kechishini ma’lum qilgan edi. «Men bularning barchasini ko‘rishni istamayapman va Putin fashizmiga aloqador bo‘lmayman! Mening sobiq vatandoshlarim tinch odamlarni o‘ldirib, talon-toroj qilayotganini ko‘rishni xohlamayapman», - deydi tadbirkor. U boshqa ishbilarmonlarni undan o‘rnak olishga, «fashizm uchun ishlamaslikka», «bizneslarini va fuqaroligini tark etishga» chaqirdi.
Oleg Tinkov Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri bir necha bor urushga qarshi bayonotlar bilan chiqqan. Xususan, aprel oyida u «Italiyada ukrainalik qochqinlarga va Rossiyada rossiyalik yaradorlarga bevosita yordam bermoqchi»ligini yozgan. Keyinroq u Instagram'da post e’lon qildi, unda u «kollektiv G‘arb»dan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga «yuzni saqlab qolish» va «qirg‘inni to‘xtatish» uchun Ukrainadagi mavjud vaziyatdan «aniq chiqish» imkoniyatini berishni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, sodir bo‘layotgan voqealardan «bitta benefitsiarni» ko‘rmayapti. «Begunoh odamlar va askarlar o‘lmoqda», deb yozadi Tinkov. Uning fikriga ko‘ra, rus generallari «bosh og‘rig‘i bilan uyg‘onib, armiya aslida qobiliyatsiz ekanini angladilar».
«Tinkoff» banki o‘z ta’sischisining bayonotlaridan uzoqlashdi va buni «shaxsiy fikr» deb atadi. May oyida Tinkov Rossiya hukumatini o‘z oilasining «Tinkoff» banki va «Tinkoff Straxovaniye»ga egalik qiluvchi TCS Group korporatsiyasidagi ulushini sotishga majburlaganlikda aybladi. Tadbirkor Ukrainadagi urushga qarshi ochiq chiqish qilgan kunning ertasiga Rossiya prezidenti ma’muriyati vakillari «Tinkoff» banki rahbariyati bilan bog‘lanib, milliylashtirish bilan tahdid qilishdi, dedi tadbirkor. Shu bilan birga, gap Kreml tomonidan unga yuklangan va narxi muhokama qilinishi nazarda tutilmagan «umidsiz sotuv» haqida borgan.
Mart oyi oxirida tadbirkor Britaniya sanksiyalariga uchradi: uning yaxtalariga mamlakat portlariga kirish, samolyotlariga esa havo hududida parvoz qilish taqiqlandi. London keyinroq cheklovlarni bekor qildi.
Mavzuga oid
16:42 / 11.11.2024
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
10:47 / 11.11.2024
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024