O‘zbekiston | 09:25 / 04.11.2022
9006
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya Sirdaryo viloyatida Smart City qurishni rejalashtiryapti

Sirdaryo viloyati hokimi G‘afur Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Koreyada bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon ishtirokidagi uchrashuv tashrif dasturi dastlabkisi bo‘ldi. Hamkorlik yo‘nalishlari sifatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, favqulodda vaziyatlar bilan kurashish, viloyatda ilg‘or standartlardagi shaharsozlik normalarini joriy etish belgilab olindi

Tashrif dasturi doirasida viloyat delegatsiyasining TDC Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti Choi In Chang bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Choi In Chang joriy yil iyul oyida Sirdaryoga safari taassurotlari haqida gapirar ekan, viloyat hududida Janubiy Koreya standartidagi turar-joy kompleksini qurish istagi paydo bo‘lganini bildirdi. Guliston shahrida 20-30 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan mazkur Smart City (“Aqlli shahar”) maktabgacha ta’lim, tibbiyot muassasasi, savdo-ko‘ngilochar va sport inshootlarini o‘z ichiga oladi. Loyihani amaliyotga joriy qilish maqsadida Janubiy Koreya yetakchi kompaniyalari ishtirokida konsorsium shakllantiriladi hamda shaharsozlik yo‘nalishidagi mutaxassislar Sirdaryoga tashrifi tashkil etiladi.

Delegatsiya a’zolari EduLink Global Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti Xan Chung Rim bilan ham muloqot o‘tkazdi. Unda viloyat aholisining jadal suratlarda o‘sib borayotgani, bugungi kunda bog‘cha yoshidagi bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi 77,2 foizni tashkil etishi nuqtayi nazaridan tuman va shaharlarda zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga kelishildi.

Koreya yong‘in sanoati uyushmasi raisi Pak Chong Von bilan uchrashuvda viloyatda yong‘in xavfsizligi sohasini yanada takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Pak Chong Von Koreya tomoni 2023 yil birinchi choragida ko‘p qavatli inshootlarda yong‘inga qarshi kurashishga mo‘ljallangan zamonaviy avtotexnika va 2 dona maxsus reanimobil vositasini viloyatga beg‘araz yuborishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Sirdaryo viloyati delegatsiyasi a’zolari Inchxon erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishish asnosida, ushbu EIZ komissari Kim Jin Yong bilan muloqot qildi. Unda viloyatdagi erkin iqtisodiy, kichik va yoshlar sanoat zonalari boshqaruviga Janubiy Koreya tajribasini joriy etish, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uslublarini amalda qo‘llash borasida fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislarni Inchxon EIZda malakasini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishildi. 

Mavzuga oid