Jahon | 11:20 / 04.11.2022
32786
10 daqiqa o‘qiladi

«Putinning oshpazi» Peterburg gubernatoriga qarshi: rus elitasida parchalanish boshlandimi?

Peterburg gubernatori jinoiy guruh tuzishda ayblandi. U iste’foga chiqariladimi?

Ivan Petrov / TASS, Mixail Metsel / TASS

Oktyabr oyi oxirida Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin va Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov o‘rtasidagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarildi. «Meduza»ning yozishicha, Prigojin anchadan buyon Beglovning iste’foga chiqishini istaydi, lekin avval unga qarshi faqat o‘z nazoratidagi OAV orqaligina bosim o‘tkaza olgan. Endi esa urush tufayli Putin bilan yanada yaqinlashgani aytilayotgan Prigojin Beglov ustidan Rossiya Bosh prokuraturasiga yozdi.

31 okyatbr kuni Prigojinga qarashli «Konkord» kompaniyasining «VKontakte»dagi sahifasida quyidagi xabar paydo bo‘ldi:

«Bugun, 31 oktyabr kuni men, Prigojin Yevgeniy Viktorovich tomonimdan Rossiya Bosh prokuraturasiga gubernator Beglov A.D. Sankt-Peterburg hududida atrofidagi odamlar bilan birga davlat budjetini talon-toroj qilish maqsadida jinoiy guruh tuzilganini tekshirish borasida iltimosnoma kiritildi», deyiladi xabarda.

Davlat darajasiga ko‘tarilgan shaxsiy adovat

«Meduza»ning Kremlga yaqin bo‘lgan manbasiga ko‘ra, «Vagner» xo‘jayini Sankt-Peterburg gubernatori ustidan bejiz yozmagan. Uning aytishicha, Beglov Sankt-Peterburgda Prigojinning korxonalariga davlat buyurtmalarini bermagan, shu sabab ularning munosabatlari yomonlashgan. Urushgacha esa Prigojin faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi OAV orqaligina Beglovga bosim qila olgan. Urush boshlangach, Prigojinning Rossiyadagi mavqeyi ko‘tarilib ketdi, shu sabab u endi qasos olish uchun siyosiy kuchidan ham foydalana boshladi.

«Meduza»ning yozishicha, urush boshlanganidan buyon Prigojin Putinning juda yaqin odamlaridan biriga aylandi. Rossiya prezidenti Ukrainaga bosqinda «Vagner»ning ishtirokini muvaffaqiyatli tajriba deb baholagan. Garchi Prigojinning qo‘shinlari Ukraina hududida ko‘plab harbiy jinoyat sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa-da. Nashrning Kremlga yaqin manbasi Prigojinni hozirda Putinning eng yaqin odamlaridan biri deb hisoblash mumkinligini aytgan.

«Prigojin va Putin o‘rtasidagi munosabatlar yaqinlashgan. U ortiq chirkin ishlarni bajaradigan yollanma askar emas. Prigojinni samarali harbiy menejyer, «LXR»ni ozod qilgan odam deb qarashmoqda» deydi manbalardan biri.

Avvalroq OAVda Prigojin urush davomida «Rossiya Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangani haqida yozilgandi. Bu ma’lumot Prigojinning o‘zi yoki Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, «Vagner» rahbari bir qator tadbirlarda «Rossiya Qahramoni» ordenini taqqan holda ko‘rinish bergan.

Prigojin Rossiya harbiy tizimiga aloqasi yo‘qligini aytadi. Vaholanki, u qamoqxonalarda mahbuslarni «Vagner» orqali urushga borishga jalb qilgani aks etgan videolar tarqalgan. Prigojin «Vagner»ning xo‘jayini ekani, bosqinda ishtirok etayotgani allaqachon sir emas.

Mudofaa vazirligi tanqidchisi

Urush boshlangandan keyin Rossiya mediamakonida ham Prigojin haqida tez-tez gapira boshlashdi. Masalan, u Ramzan Qodirov bilan birga mudofaa vazirligini tanqid qilgani ko‘p muhokama qilindi. Prigojin anchadan buyon Rossiya mudofaa vazirligi bilan kelisha olmasligi ma’lum. Urush boshlanganidan keyin esa u o‘zini Rossiyaning asosiy harbiy insoni deb hisoblay boshlagan.

Prigojin YouTube'ni Rossiya hududida bloklash, Google'ning Rossiyada faoliyati «xushlanmaydigan» deb topishni ochiqchasiga talab qila boshladi. Washington Post esa Prigojin Putinga uchrashuvlardan birida urushdagi xatolar haqida ochiqchasiga gapirgani haqida ham yozdi.

«Prigojin Beglovga bosimni oshirib, uning iste’fosini ta’minlashi, bu orqali qasos olishi mumkin», deydi «Meduza»ning Kremlga yaqin manbasi. Nashrning Rossiya prezident administratsiyasiga yaqin yana bir manbasi esa shunday deydi: «Prigojin Rossiya hukumatidagi o‘yin qoidalarini yaxshi biladi. Shuningdek, uning imkoniyatlari oshganini ham tushunib turibdi. Ammo hozir Rossiya siyosiy elitasida katta bo‘linish bo‘layotgani ko‘zga tashlanmayapti».

Vladimir Putin Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. Prigojin Putinga uning ona shahrida hammasi yaxshi emasligini tushuntirishga urinayotgani va shu orqali o‘z biznesi yo‘lida to‘siq bo‘lgan gubernatorga bosim o‘tkazishga harakat qilayotgani haqida «Meduza» bilan suhbatda bo‘lgan ikki manba aytgan.

Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Peterburg rahbari avvallari Prigojinning bosimlarini nazarga ilmagan va unga javob berishni o‘ziga ep ko‘rmagan. Hozir esa vaziyat boshqacharoq. Beglov bugungi urush fonida obro‘si oshib ketgan Prigojin bilan mojaroga borish jiddiy muammo ekanini tushunib turibdi.

Prigojinga qarshi shtab

«Meduza»ning yana bir manbasi Peterburg ma’muriyatida Prigojinga qarshi turish uchun norasmiy shtab tuzilgani haqida gapirgan. Guruh Beglovga yaqin bo‘lgan insonlardan tuzilgan. Masalan, gubernatorning sobiq yordamchilari Aleksandr Belskiy va Boris Piotrovskiy.

«Qarshilik asosan media maydonida bo‘lishi nazarda tutilgan. Masalan, Prigojin hokimiyatga intilayotgani, harbiy kuchidan hukumat odamiga bosim o‘tkazishda foydalanayotgani haqida bayonotlar orqali», deydi Peterburg rahbariyatiga yaqin bo‘lgan manba.

Kremlga yaqin bo‘lgan boshqa manbalar esa Sankt-Peterburg gubernatori urush mavzusidan o‘z piari yo‘lidan yaxshi foydalanib qolgani sabab uning iste’fosi haqida gapirish o‘rinsiz ekanini ta’kidlaydi. Masalan, Rossiya armiyasi yer bilan bitta qilgan Mariupolni «tiklash»ni aynan Peterburg o‘z gardaniga olgan. Bu shahar urush uchun hal qiluvchi qamallardan biri bo‘lgani hisobga olinsa, Beglov maqtanish uchun yaxshigina vazifa olganini aytish mumkin. Beglov Mariupol Rossiya tomonidan annexia qilinganidan keyin bir necha marta u yerga bordi, Peterburg ma’muriyati shaharni tiklashni boshlab yuborgan.

«Prezidentni Beglovning harakatlari qanoatlantirmoqda, uning ishlari prezidentga ma’qul. Beglov front masalasida ko‘p tilga olinadigan odam emas, lekin u Putinning eski tanishlaridan biri. Buning ustiga «Donbassni tiklash» jarayonida faol bo‘lishga harakat qilmoqda», deydi nashrning Rossiya prezidenti ofisiga yaqin manbasi.

«Meduza» Prigojin hamda Beglovning rasmiy vakillariga ular atrofidagi mojaro borasida munosabat olish uchun murojaat qilgan, ammo ular javob berishni istamagan. Sankt-Peterburg ma’muriyati esa Prigojinning Beglov ustidan bergan arizasiga ham munosabat bildirmagan.

Prigojin «Vedemosti – Sankt-Peterburg» nashri savollariga javob berar ekan, Beglovga avvaliga ochiqchasiga o‘z vazifasidan ketishni, keyinroq esa hech bo‘lmasa qayta saylov o‘tkazish orqali peterburgliklarning qanchasi uni qo‘llayotganini bilishni taklif qilgan.

«Prigojin obro‘sini ko‘tarishga intilmoqda»

«Putinning oshpazi» nomi bilan tanilgan Prigojin yaqinda uning qo‘shinlari kuniga 100-200 metr oldinga siljiyotgani, bu zamonaviy urush uchun normal holat ekanini aytib kulgiga qolgandi. Britaniya razvedkasi «oshpaz»ning bu so‘zlari haqida bayonot e’lon qilib, Rossiya harbiy doktrinasi uchun kuniga 30 km hududni egallash oldinga siljish hisoblanishini eslatgan.

Britaniya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi fevral oyida Ukraina bo‘ylab bir oyda kamiga 1000 km oldinga siljishni rejalashtirgan. Prigojinning o‘lchovi bo‘yicha «zamonaviy urush uchun normal holat bo‘lgan» 100-200 metr kunlik oldinga siljigan Rossiya armiyasi bilan solishtirganda sentabr oyida qarshi hujumga o‘tgan Ukraina armiyasi kuniga 20 km masofani egallagan.

Birlashgan qirollik razvedkachilari Prigojin oxirgi ikki oy davomida «Vagner»ga aloqasi yo‘qligi haqidagi safsatani takrorlamay qo‘yganiga e’tibor qaratgan. «Aftidan, Prigojin Rossiya milliy xavfsizlik tizimida o‘z obro‘sini oshirib olishga intilmoqda», deyiladi Prigojinning bayonotlari bo‘yicha xulosada.

Prigojinning «Vagner» guruhi urushda ruslar uchun chindan muhim rol o‘ynayotganini Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti ham o‘z hisobotlarida ma’lum qilgan. Institut tahlilchilari xulosasiga ko‘ra, Putin Baxmut uchun janglarda ayniqsa Prigojinning guruhiga qattiq bog‘lanib qolgan.

Tahlilchilarga ko‘ra Prigojin shunchalik «o‘zidan ketib qolganki», o‘zini «Vagner»ning urushdagi harakatlarini Rossiya mudofaa vazirligiga hisob bermagan holda boshqarishga haqli deb hisoblaydi. Vaziyat shunchalikka borganki, Ukraina sharqidagi ruslar bosib olgan hududda tashkil etilgan mudofaa chizig‘i «Vagner chizig‘i» deb atalmoqda.

Mavzuga oid