Jahon | 13:42 / 12.11.2022
34221
17 daqiqa o‘qiladi

«Ishlarimiz bizga o‘rgatilganlarga zid edi»: SSSRda bedarak yo‘qolgani aytilgan KGB xodimi nega AQShga qochib ketgan edi?

1980 yilda Moskvada KGB Bosh boshqarmasi xodimi mayor Viktor Sheymov oilasi bilan bedarak yo‘qoladi. O‘sha paytda KGB va IIV o‘zaro raqobatda bo‘lgani uchun hamkasblari uni militsiya yo‘q qilgan deb o‘ylashadi. Ammo unday emasdi. Sheymov xotini va 5 yoshli qizi bilan SSSRdan qochgan edi. Oradan 8 yil o‘tib uning AQShga qochgani ma’lum bo‘ladi. Sheymovning bu ishi KGB zobitlarining G‘arbga qochishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emasdi. Ungacha va undan keyin ham KGBning ko‘plab xodimlari G‘arbning turli davlatlaridan siyosiy boshpana so‘ragan.

SSSRda KGB (Komitet gosudarstvennoy bezopasnosti – Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) 1954 yilda tashkil etilgan. Ungacha bu tashkilot NKVD (Narodnyy komissariat vnutrennix del – Ichki ishlar xalq komissariati) tarkibida bo‘lgan.

Qo‘mita tashkil etilgan paytda Stalin vafot etgan (1953 yil 5 mart kuni o‘lgandi), uning tuzumi tomonidan qatag‘on qilingan shaxslarga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari qayta ko‘rib chiqilayotgan edi.

Stalinning vafotidan bir necha oy o‘tib, 1953 yil 26 iyun kuni NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya ham qo‘lga olinadi va o‘sha yili 23 dekabr kuni otib tashlanadi.

Shundan so‘ng boshqa tashkilotlar qatori NKVD ham isloh qilinadi va uning tarkibida bo‘lgan davlat xavfsizlik vazirligi alohida ajratilib, qo‘mitaga aylantiriladi. Shu bilan birga NKVDda yuqori lavozimni egallagan shaxslar ham qo‘lga olinadi.

Bundan tashqari, bir paytlar Beriya tomonidan xorij mamlakatlariga yuborilgan sovet josuslari SSSRga chaqirilib, ularga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladi.

Ana shu paytda xorijda yurgan sovet josuslarining ayrimlari vatanga qaytgach jazolanishini bilib, o‘zi ishlayotgan davlatdan siyosiy boshpana so‘ray boshlaydi.

Aslida, sovet josuslarining xorijiy davlatlardan siyoiy boshpana so‘rashi avvalroq boshlangan bo‘lsa-da, Stalin vafoti va Beriyaning otib tashlanishidan keyin bunday hodisalar keskin ko‘payadi.

Stalin va Beriya / Foto: yaplakal.com

Masalan, birgina 1954 yilning o‘zida besh nafar sovet josusi xorij davlatlardan siyosiy boshpana so‘raydi.

Jumladan:

  • 1954 yil yanvarda KGBning tashqi razvedka bo‘limi xodimi Yuriy Rastvorov Yaponiyadan;
  • 1954 yil fevralda KGB tashqi razvedka bo‘limi mayori Petr Deryabin Avstriyada amerikaliklardan;
  • 1954 yil fevralda kapitan Nikolay Xoxlov G‘arbiy Germaniyada amerikaliklardan;
  • 1954 yil aprelda podpolkovnik Vladimir Petrov va uning rafiqasi kapitan Yevdokiya Petrova Avstraliyadan;
  • 1954 yil yozda KGBning «Gart» laqabli josusi Kanadada amerikaliklardan siyosiy boshpana so‘raydi.

Sovet josuslarining G‘arbga qochishi SSSR tarqab ketguncha davom etadi va ko‘plab KGB xodimlari xorijiy davlatlardan panoh topadi. 1980 yilda MBR josuslari orqali Moskvadagi AQSh elchixonasi orqali xotini va besh yoshli qizi bilan okean ortiga qochib ketgan KGB mayori Viktor Sheymov ham ulardan biri edi.

Foto: lenta.ru

Viktor Sheymov KGBda

Viktor Sheymov 1946 yilda Moskvada Sovet armiyasi polkovnigi oilasida tug‘iladi. Maktabni bitirgach Moskvadagi Oliy texnika bilim yurtida Kosmik texnikalar konstruktori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oladi.

1969 yilda o‘qishni bitirgach Sheymov Moskvadagi Mudofaa vazirligiga tegishli raketa tizimlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi yopiq ilmiy-tadqiqot institutlaridan birida ishlay boshlaydi.

Bu institut harbiylarga tegishli bo‘lsa ham asosan KGB nazorat qilardi. Institutda tirishqoqlik bilan ishlagan Sheymov KGB rahbariyati e’tiboriga tushadi va 1971 yilda sakkizinchi bosh boshqarmaga ishga qabul qilinadi.

Uning vazifasi SSSRning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va razvedka bo‘limlarida axborot xavfsizligini ta’minlash tizimiga texnik xizmat ko‘rsatishdan iborat edi. Sheymov asosan yashirincha eshitish uskunalari o‘rnatish bo‘yicha olib borilgan ishlarda qatnashardi.

1974 yilda oddiy xodimdan zobitga aylangan Sheymov KGBning birinchi bosh boshqarmasiga o‘tkaziladi. Shundan so‘ng u KGBning tashqi razvedka bo‘limidagi xodimlarning xatti-harakatlarini va ular tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlay boshlaydi.

O‘sha paytda Sheymov KGBning tashqi razvedka bo‘limi faoliyati haqida o‘z boshliqlaridan tashqari KPSS siyosiy byurosiga ham hisobot berib turardi.

1976 yilda Sheymovning amalini pasaytirishadi va uni eski ish joyiga, KGBning sakkizinchi bosh boshqarmasiga o‘tkazishadi. Ammo u Pekindagi sovet elchixonasiga o‘rnatilgan yashirincha eshitish moslamalarini fosh etadi va bu xizmati uchun mayor unvoniga ega bo‘ladi. Shu tariqa Sheymov KGB tarixida 30 yoshida mayor unvonini olgan birinchi zobitga aylanadi.

SSSRdan qochish

1979 yil Sheymov Polsha poytaxti Varshavada bo‘lganida SSSRdan qochib ketish bo‘yicha bir qarorga keladi va yashirincha Markaziy Razvedka boshqarmasi (MRB) josuslari bilan aloqaga chiqadi. Uning maqsadi AQShdan siyosiy boshpana so‘rash edi.

O‘sha paytlarda juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgani uchun Sheymovni hamma joyda KGB xodimlari kuzatib yurar va buni uning o‘zi ham bilardi.

1980 yilning bahor oylarida Sheymov ortidan kuzatib yurgan xodimni chalg‘itib, AQShning Moskvadagi elchixonasiga kirishga muvaffaq bo‘ladi

U yerda Sheymov o‘zini tanishtirib KGB mayori ekanini va AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchiligini aytadi.

«O‘shanda AQSh elchixonasida bo‘lgan MRB xodimiga «Sizlar menga yordam bersangiz, men sizlarga yordam beraman. Maqsadim oilam bilan Sovet ittifoqidan chiqib ketish va G‘arbda yashash» deb aytdim» degan edi Sheymov keyinchalik o‘z intervyusida.

AQSh elchixonasidagilar uni sinab ko‘rish uchun juda muhim bo‘lgan maxfiy hujjatlarning fotosuratlarini olib kelishni so‘rashadi. 1980 yil aprel oyida Sheymov ular so‘ragan fotosuratlarni olib keladi. Shundan so‘ng unga ishonishadi va qulay fursat kelguncha kutishi lozimligini aytishadi.

1980 yil 15 may kuni MRBning SSSRdagi josuslari Sheymovni Moskvadan olib chiqish harakatiga tushishadi va undan oilasini elchixonaga olib kelishini aytishadi.

1980 yil 16 may kuni amerikaliklar avvaliga Sheymov, uning xotini va besh yoshli qizchasini yashirincha AQShning Moskvadagi elchixonasiga olib kirishadi. So‘ng Sheymovga uchuvchilarning maxsus kiyimi va soxta hujjatini berib, AQShga uchishi lozim bo‘lgan Amerika samolyoti ekipaji orasiga qo‘shib qo‘yishadi.

Sheymov oilasi bilan / Foto: livejournal.com

Xotini va qizini esa chegarada tekshirilmaydigan maxsus idishga joylab, elchixonadan AQShga jo‘natilayotgan yuklar orasiga tiqib qo‘yishadi.

Sheymov Moskvadan chiqib ketishidan avval KGB birinchi bosh boshqarmasi binosiga aloqa kabellari orqali yuboriladigan xabarlarni tutib qoluvchi maxsus moslama o‘rnatib ketadi. Moslama oradan besh yil o‘tib, 1985 yilda fosh etiladi. Ungacha amerikaliklar undan foydalanishadi va KGBning ko‘plab maxfiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishadi.

KGB va IIV raqobati

Sheymov AQSh elchixonasi orqali Amerikaga qochar ekan, KGB xodimlari uni avvaliga SSSR bo‘ylab, so‘ng josuslar orqali xorijdan izlab ko‘rishadi. Ammo Sheymov va uning oilasi izsiz yo‘qolgandi. Shundan so‘ng Sheymov va uning oilasi militsiya xodimlari tomonidan o‘ldirilgan degan xulosaga kelishadi.

KGBning bunday xulosaga kelishiga Sheymov yo‘qolishidan biroz avval Moskvada sodir bo‘lgan bir hodisa sabab bo‘ladi.

1980 yilda Moskvadagi metro bekatlaridan birining chiqish joyida militsiya xodimlari mast odam bilan tortishib qolishadi. Mast o‘zining KGB xodimi ekanini aytadi. Ammo militsiya xodimlari mastga ishonishmaydi va uni bo‘limga olib borib temir bo‘laklari bilan urishadi.

Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgach uning haqiqatdan KGB xodimi ekani oydinlashadi. Oradan bir necha kun o‘tib kaltaklangan KGB xodimi vafot etadi. Bu hodisa o‘sha paytda KGB rahbari bo‘lgan Yuriy Andropov va SSSR Ichki ishlar vaziri Nikolay Shchyolkov o‘rtasida pinhoniy urushni keltirib chiqaradi.

Sheymov oilasi bilan bedarak yo‘qolgandan so‘ng KGB rahbariyati militsiya xodimlari uni oilasi bilan birga o‘ldirib yo‘q qilib yuborgan, degan taxminga keladi.

Sheymovning topilishi

1985 yilda, Sheymov SSSRdan qochib ketganiga 5 yil bo‘lganda u AQShda ekani haqida ilk daraklar chiqadi. Ammo KGBning AQShdagi josuslari Sheymov Amerikada ekani haqida hech qanday ma’lumot topa olishmaydi va bu xabar tasdiqlanmaydi.

1988 yilga kelib KGB foydasiga ham ishlagan AQShlik Federal Qidiruv boshqarmasi xodimi Robert Xanssen Sheymovning Amerikada ekanini aniqlaydi va KGB josuslariga xabar beradi. Shu tariqa KGB Sheymov AQShdaligini va u 1980 yilda SSSRdan MRB josuslari yordamida qochib ketganini biladi.

Shuningdek, Sheymov va uning oilasini Moskvadan olib chiqib ketish operatsiyasiga o‘sha paytda AQShning SSSRdagi elchixonasida xodim niqobi ostida ishlagan MRB josusi Devid Rolf boshchilik qilgani ma’lum bo‘ladi.

Keyinchalik, MRB Sheymovni AQShda yashirishi, sobiq KGB xodimi esa o‘zidagi bor ma’lumotlarini ularga taqdim etishi bo‘yicha kelishuv bo‘lgani ham oydinlashadi.

MRB o‘z vazifasini a’lo darajada uddalagan va Sheymovning Moskvadan olib chiqilishidan tortib, AQShga joylashtirilishigacha bo‘lgan jarayonni o‘ta ustalik bilan maxfiy tarzda amalga oshira olgandi.

Sheymov qizi bilan AQShda

Operatsiya juda muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bois, nafaqat KGBning AQShdagi josuslari, balki MRB josuslarining aksariyati Sheymovning Amerikaga olib borib joylashtirilganidan bexabar qoladi. Natijada orada o‘tgan sakkiz yil mobaynida Sheymov o‘z oilasi bilan AQShda tinch yashaydi.

KGB 1988 yilda Sheymovning AQShda ekani haqida xabar topganda SSSRda Gorbachyov boshlagan islohotlar tufayli ko‘p narsa o‘zgarib ketgandi. Turli ittifoqdosh respublikalarda mustaqillik uchun harakatlar boshlangan va ularni kuzatish bilan band bo‘lgan KGB Sheymovni AQShda ta’qib qilishni lozim topmaydi.

1980 yildan boshlab AQShda yashagan Sheymov umumiy hisobda AQSh milliy xavfsizlik agentligi bilan 15 yil hamkorlik qiladi va 1995 yilda nafaqaga chiqadi.

SSSR tarqab ketgandan so‘ng MRB uchun Sheymovning ahamiyati pasayib ketadi. Shundan so‘ng unga «umrining oxirigacha davolanishi va sog‘ligini tiklashi uchun va’da qilingan 1 million dollar o‘rniga 200 ming dollar beriladi.

2000 yilda AQShda yashayotgan Sheymov MBR ustidan sudga da’vo arizasi kiritadi. Sheymov arizasida suddan MRB to‘lashi lozim bo‘lgan pulni undirib berishni so‘ragan edi. Sud Sheymovning foydasiga qaror chiqaradi va MRB unga va’da qilingan pulni to‘lab beradi.

SSSRdan qochish sabablari

Keyinchalik, SSSR tarqab ketgach AQShda yashirinib yurgan Sheymov ommaga ko‘rinish bera boshlaydi. Amerika OAV u bilan bir necha marta intervyu uyushtirishadi.

Ana shunday intervyularda undan nega SSSRdan qochishga qaror qilgani haqida bir necha bor so‘rashgan. Sheymov 1979 yilda Polshada bo‘lganida KGB Rim papasi Ioann Pavel II ga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida xabar topganini, shundan so‘ng bu tashkilot safida ishlamaslikka va SSSRda yashamaslikka qaror qilgani haqida gapirgan.

Ioann Pavel II polyak millatiga mansub bo‘lib, u so‘nggi 500 yilda Rim papasi bo‘lib saylangan italiyalik bo‘lmagan ilk ruhoniy edi.

1978 yilda Ioann Pavel II Rim papasi bo‘lgach dahriylik ustiga qurilgan kommunistik tuzumlarni keskin tanqid qila boshlaydi. Sotsialistik tuzumdan chiqqan ruhoniyning tanqidlari Moskvaga yoqmaydi.

Shundan so‘ng KGB unga suiqasd uyushtirishni rejalashtiradi. Sheymov papaga uyushtiriladigan suiqasddan tasodifan xabar topgan edi.

Sheymov Varshavada Polsha KGB generali bilan uchrashuv o‘tkazayotganida generalga KGB rahbari Yuriy Andropovning telegrammasini yetkazishadi. Unda «Rim papasini sotsialistik davlatdan saylanishiga befarqlik qilib xatoga yo‘l qo‘ygansiz. Endi unga yaqinlashish bo‘yicha barcha vositalar haqida ma’lumot yig‘ing» deb yozilgan va bu suiqasdga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq edi. Tabiiyki general bu haqda Sheymovga aytib beradi.

Garchi Sheymov AQShga qochib KGBning Ioann Pavel II ga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot bergan bo‘lsa-da, MRB suiqasdning oldini ololmaydi.

1981 yil 13 may kuni papaga suiqasd uyushtiriladi va u tirik qoladi. Papaga Vatikanda o‘q uzgan shaxs ushlanganda u turk millatiga mansub shaxs ekani va suiqasddan biroz oldin Turkiyadagi qamoqxonadan qochgani oydinlashadi.

U o‘ziga suiqasd uchun buyurtmani Bolgariya KGB berganini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng MRB Sheymov avvalroq Rim papasiga suiqasd rejalashtirilayotgani haqida to‘g‘ri ma’lumot berganiga amin bo‘ladi.

Sheymov SSSRdan qochishiga sabablardan yana biri sifatida KGB rahbari Andropov tomonidan mamlakat rahbari Brejnevga nisbatan fitna tayyorlanayotganini ko‘rsatgan.

Sheymovning aytishicha, 1979 yil u Polshadan Moskvaga qaytadi va Andropovning Brejnevni «taxt»dan ag‘darib, uning o‘rniga mamlakat rahbari bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar topadi.

O‘sha paytda KGB xodimlari va armiyaning maxsus bo‘linmalari ishtirokida namoyishlarni bostirish bo‘yicha maxsus o‘quv mashqlari o‘tkaziladi. Andropov Brejnevning o‘rnini egallasa aholi o‘ziga qarshi namoyishlarga chiqishi mumkinligini ham inobatga olgandi.

Sheymov yana bir intervyusida SSSRdan qochish sabablarini boshqacha tushuntirgan:

«Sovet jamiyatining mahsuli sifatida miyam bolaligimdan yuvila boshlangan. Men juda fidoyi kommunist, vatanparvar edim. Ammo KGBda ishlaganingizda ishonchli odamlarning tor doirasi uchun mavjud bo‘lgan obektiv ma’lumotlarni olishni boshlaysiz va bu sizga ilgari o‘rgatilgan narsalarga zid keladi. Siz uning xodimi sifatida KGB nima qilayotganini doim ko‘rib, bilib turasiz: u sovet xalqini himoya qilishi kerak, lekin unday emas. KGB bir tomondan sovet xalqiga, boshqa tomondan butun dunyoga qarshi ishlaydi. Shularni ichkaridan ko‘rib fikrim o‘zgardi va nima qilib bo‘lsa-da kommunistik tuzumga maksimal darajada zarar yetkazishni maqsad qildim».

2019 yilda sobiq KGB mayori Viktor Sheymov Virjiniya shtatidagi uyida 73 yoshida vafot etadi. AQShliklar SSSRning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishi ortidan boshlangan sovuq urush davrida Sheymov va uning oilasini SSSRdan olib chiqib ketishini MRB tarixidagi eng muvaffaqiyatli operatsiyalardan biri sifatida qayd etishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid